Xotira va tafakkur buzilishlari
Savol: Siz xotira va tafakkur buzilishlari kattalar uchun xos deb aytdingiz. Mening bitta
o‘rtog‘im yosh bo‘lsa ham o‘ta parishonxotir, ko‘p narsani eslab qola olmaydi,
matnlarni hadeb
yodlayveradi. Bunga nima deysiz?
Ushbu maqolani ham o‘qing: Emlash - farzandingiz sog‘ligining garovi
Javob: To‘g‘ri! Diqqat va xotira buzilishlari yoshlarda ham ko‘p uchraydi. Biroq bu
buzilishlarning sababi bosh miya kasalliklari bo‘lishi shart emas. Yoshlarda uchraydigan diqqat
va xotira buzilishlarining asosiy sababi – bu nevrozdir. Ularga xotirani kuchaytiruvchi dorilar
yordam bermaydi. Ulardagi
nevrozni bartaraf etish, uning sabablarini izlab topish, turmush
tarzini bir maromga keltirish, sekin-asta eslab qolish qobiliyatini tiklaydi. Bunga juda ko‘plab
misollar keltirish mumkin. Yaqinda klinikamizga 23 yashar ishbilarmon ayol murojaat qildi.
Hech
narsani eslab qola olmayman, hech qaysi davolash usullari yordam bermayapti, deb siqildi.
Hamma tekshiruvlardan o‘tib kelibdi. Men uning nevrologik va neyropsixologik statusini
tekshirib, EEG va MRT xulosalarini ko‘rib chiqdim. Unda xotira buzilishiga sabab bo‘ladigan
hech qanday kasallik aniqlanmadi. Unga “Nevroz” deb tashxis qo‘yishga to‘g‘ri keldi. Ishga
sho‘ng‘igan bu ayol kuniga 12 soat tinmay ishlarkan. Shu jadallikda ishlagan ayol bir necha
oylardan so‘ng jaxldor va jizzaki bo‘lib qoladi, sekin asta xotirasi pasaya boshlaydi.
Bundan
nafaqat qo‘l ostida ishlaydigan xodimlari, balki oila a’zolari ham aziyat cheka boshlaydi. Uzoq
psixologik suhbatlardan so‘ng, men unga oddiy tinchlantiruvchi dorilar yozib berdim va turmush
tarzini o‘zgartirish lozimligini aytdim. Oradan bir oylar o‘tib uning xotirasi tiklana boshladi.
Demak, og‘ir buzilishlarning davosi oddiy usullar va turmush tarzini to‘g‘ri olib borishdan iborat
bo‘lishi mumkin.
Tafakkur va aql sinonimmi?
Savol: Tafakkur va aql bir xil ma’noni anglatadimi? Ular sinonim tushunchalarmi?
Javob: Aql tafakkurning sinonimi emas. Aql va tafakkur bir-biriga yaqin iboralar bo‘lsa-da, ular
bitta ma’noni anglatmaydi. Aql tafakkurga qaraganda kengroq ma’noni qamrab olgan. Aql –
inson uchun xos bo‘lgan barcha oliy fazilatlar yig‘indisidir. Masalan,
ilmning qaysidir sohasi
bo‘yicha ilgarilab ketgan, bir qancha shogirdlar chiqargan professor yuqori tafakkur egasi
bo‘lishi va shu bilan birga uning hulqi buzuq bo‘lishi mumkin. Ularni halqimiz orasida o‘ta ilmli
deyishadi, biroq aqlli odam deyishmaydi. Endi oddiy maktab o‘qituvchisini olaylik. Uning
tafakkur darajasi haligi professor darajasida bo‘lmasligi mumkin.
Biroq u odobli, kattani hurmat,
kichikni izzat qiladigan, bolalarga mehribon, o‘z his-tuyg‘ularini jilovlay oladigan,
mahallada
hammaning hurmatini qozongan, farzandlari va nevaralariga yaxshi tarbiya beradigan, o‘zining
hulqi bilan barchaga ibrat bo‘ladigan odam.
Agar manashu ikkala odamni o‘rtaga qo‘yib qay biri aqlli deb so‘ralsa, albatta maktab
o‘qituvchisini tanlagan bo‘lur edingiz. Ko‘rib turganingizdek, tafakkur va aql
bir-biriga sinonim
emas. O‘ta ilmli odamning hulqi buzuq bo‘lishi mumkin va bunga hech kim taajublanmaydi.
Biroq aqlli odamning hulqi buzuq bo‘lmaydi. Agar hulqi buzuq bo‘lganda edi, uni aqlli odam
toifasiga kiritishmasdi.