Intensiv ta’lim texnologiyalari asosida talabalarni kommunikativ kompetensiyalarini rivojlantirishning pedagogik-psixologik xususiyatlari




Download 256,46 Kb.
bet10/34
Sana08.10.2024
Hajmi256,46 Kb.
#273985
1   ...   6   7   8   9   10   11   12   13   ...   34
Bog'liq
28.06.2024

1.2. Intensiv ta’lim texnologiyalari asosida talabalarni kommunikativ kompetensiyalarini rivojlantirishning pedagogik-psixologik xususiyatlari
Zamonaviy ta'lim sharoitlari nafaqat innovatsion jarayonlarga nisbatan talablarni ilgari surmoqda balki mutaxassisning kasbiy tayyorgarligiga kommunikativ madaniyat, hamkorlik qilish, kasbiy mobillik, hamda muloqot olib borish qobiliyatiga doir ko‘nikma va mahoratga ega bo‘lishni ham taqozo etmoqda.
Bo‘lajak mutaxassisning kommunikativ kompetensiyasini rivojlantirish shaxsining qadriyatli jihatlari bilan aloqadorlikka ega ekanligiga e’tibor qaratgan holda quyidagi tarkibiy jihatlarni o‘z ichiga olishi aniqlandi:
1) pertseptiv faoliyatni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan idrok etish, o‘z-o‘zini ifoda etishga yordam beradigan xususiyatlar, ishbilarmonlik aloqalari, hamkorlik kabi xususiyatlardir;
2) kommunikativ faoliyat mazmunini osonlashtiradigan oldingi kommunikativ faoliyatni tiklash, ma'lumotlarni uzatish, ijodiy birgalikdagi faoliyatni tashkil etish, aloqa jarayonini boshqarish, muloqot sheriklarining harakatlarining xatti-harakatlarini tahlil qila olish, kommunikativ faoliyatni loyihalash xususiyatlar;
3) kommunikativ-operatsion faoliyatni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan xususiyatlar - bu aloqa jarayonida o‘zini o‘zi va boshqalarni boshqarishga yordam beradigan xususiyatlar [36, 212-216-b].
Talabalarda kommunikativ kompetensiyalarini rivojlantirishda intensiv ta’lim texnologiyalaridan foydalanish zaruriyati avvalo, pedagogik texnologiya tushunchasining mazmunini tahlil etishni talab etadi.
Texnologiya tushunchasi 60-yillardagi Amerika va Gʻarbiy Yevropada ta’limni isloh qilinishi bilan bog‘liq ravishda kirib keldi. B.Blui, J. Koroll, P.Ya.Galperin, V.I.Davidov, N.A.Menchinskaya, Z.I.Kalmikova, L.I. Zankov texnologiyalari mashhur. O‘qitishni tashkil qilishning texnologik yondashuvlari V.P.Bespalko, N.F.Talizina, L.M.Fridman, Yu.N.Kulyutkina, G.S.Suxobskoy, T.V.Kudryavsev, A.M.Matyushkin, M.I.Maxmutov kabi aksariyat psixolog va didaktikachilarga taalluqlidir [28, 10-b].
L.V.Zankov, T.Ya.Galperin, V.I.Davidov tadqiqotlarida bosqichli o‘qitishning yaxlit texnologiyalari haqida fikr yuritiladi.
V.P.Bespalko pedagogik texnologiyani amaliyotga tatbiq qilinadigan muayyan pedagogik tizim loyihasi sifatida belgilaydi. U pedagogik tizim texnologiyalar ishlab chiqish uchun asos bo‘ladi, deb hisoblaydi. Bunda asosiy diqqat o‘quv-pedagogik jarayonni oldindan loyihalashga qaratiladi, didaktik vazifa va o‘qitish texnologiyalari tushunchasidan foydalaniladi. Shu tariqa V.P.Bespalko o‘quv jarayonini loyihalash g‘oyasini ilgari suradi[8].
N.F.Talzina har bir pedagog real pedagogik jarayonni tashkil etishdan oldin o‘quv jarayoni haqida texnologik darajada bilimlar tizimini bilib olgan bo‘lishi shart deb hisoblaydi.
“Pedagogik texnologiya – psixologik va pedagogik o‘gitlar yig‘indisi bo‘lib, shakllar, metodlar, usullar, o‘qitish yo‘llari, tarbiyaviy vositalarning maxsus to‘plamidir. Ayni zamonda u pedagogik jarayonning tashkiliy-metodik omilini ham bildiradi” (B.Lixachev).
“Pedagogik texnologiya – o‘quv jarayonini amalga oshirishning mazmuniy texnikasi” (V.P. Bespalko).
“Pedagogik texnologiya – talaba va o‘qituvchining ularga zarur sharoit yaratish orqali o‘quv jarayonini loyihalashtirish, tashkil etish hamda o‘tkazish bo‘yicha ular pedagogik faoliyatining har tomonlama o‘ylangan modelidir.”(V.M.Manaxov) [69].
Yuqorida keltirilgan ta’riflardan anglashiladiki, pedagogik texnologiya aniq maqsadga qaratilgan maxsus belgilangan natijalarga erishishni ta’minlovchi, shuningdek, ta’limiy-tarbiyaviy jarayonni kafolatlanganligidir.
Pedagogik texnologiya o‘ziga xos va potensial pedagogik natijalarga erishish uchun pedagogik tizimning barcha tashkiliy tomonlariga aloqador nazariy va amaliy (ta’lim tizimi doirasida) tadqiqotlar sohasi sifatida belgilanadi.
Pedagogik texnologiyalardan foydalanish nazariyasi va amaliyotining tahlili shuni ko‘rsatdiki, pedagogikada intensiv texnologiyalar tushunchasining aniq ta'rifi yo‘qligiga qaramay, pedagogik texnologiyalarning ushbu toifasini muammoli ta'lim texnologiyalari, o‘yinli texnologiyalar, kommunikativ texnologiyalar, hamkorlik va birgalikda yaratish texnologiyalari sifatida tasniflash mumkin.
Intensiv ta'lim texnologiyalari deganda, ajratilgan vaqt ichida katta hajmdagi bilimlarni samarali o‘zlashtirishga yordam beradigan va faoliyat subyektlarining ta'siri va o‘zaro ta'siri asosida oldindan ishlab chiqilgan natijalarga erishishni ta'minlaydigan o‘zgaruvchan pedagogik texnologiyalar tizimi anglashiladi[36, 212-216 b].
Intensivlashtirish – bu hajmda yoki qo‘shimcha vaqt tufayli emas, balki mavjud muammolarni hal qilish qobiliyati va yuqori malakasiga egalik tufayli ko‘proq, samaraliroq, ishlash, mavjud ish vaqtida ko‘proq ishlashga muvaffaq bo‘lishdir.
Intensifikatsiya o‘quv ishining sifatini, o‘qituvchining kasbiy malakasini oshirishni talab qiladi, shuningdek, vaqtni ixchamlashtirishni, ajratilgan soatlarda katta hajmdagi bilimlarni o‘zlashtirishni ta'minlaydi. Biroq, Yu.Babanskiy, M.Potashnik bu sharoitda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ortiqcha yuklardan ogohlantirib, quyidagilarni ta’kidlaydilar: “... biz o‘qituvchini eng yuqori tezlik va hajmni tanlashga majbur qiladigan optimallik mezonlari ko‘rinishidagi cheklovlarga muhtojmiz, shuningdek, muayyan shartlar uchun, lekin majburiy ravishda talabalarning haqiqiy salohiyati chegaralarida, ortiqcha yuklamasdan, sog‘lig‘iga zarar etkazmasdan va boshqa fanlarni o‘rganish uchun o‘quv jarayonini optimallashtirish nazariyasi o‘qituvchiga ushbu tanlov uchun metodologik asosni tashkil etadi. Demak, ta’lim jarayonining intensivlashuvi uni optimallashtirishni muqarrar ravishda nazarda tutadi”[9, 104-105-betlar].
Optimallashtirish eng katta yoki eng kichik qiymatini topish yoki mumkin bo‘lgan turli xil variantlardan eng yaxshi variantni tanlashni o‘z ichiga oladi. Demak, optimallashtirish jarayoni barcha mavjud zaxiralardan foydalangan holda, faqat astoydil mehnat qilish va intensivlashtirish orqali hamma uchun mumkin bo‘lgan maksimal darajaga erishish mumkin.
Shuningdek, intensiv texnologiyalar asosida o‘qitish o‘quvchilar faolligini oshirish tamoyiliga asoslangan, muammoli masalalar, evristik suhbat, aqliy hujum, trening va o‘yin texnologiyalariga asoslangan usullarning o‘zgaruvchanligi bilan tavsiflanadi.
Tadqiqot ishimiz doirasida “kompetensiya”, “kompetentlik”, “kommunikativ kompetensiya” tushunchalarining mazmuniga to‘xtalib o‘tishni joiz deb hisoblaymiz.
“Kommunikatsiya” so‘zi lotincha “communico” so‘zidan olingan bo‘lib, “umumiy qilayapman, bog‘layapman, muomala qilayapman” degan ma’nolarni anglatadi”. Kommunikatsiya” so‘zi bilan o‘zakdosh bo‘lgan “kommunikabellik” – “muomala qilishga layoqati bor” ma’nosida, ”kommunikabel” – “kirishimli, dilkash” ma’nosini bildiradi, shuningdek “kommunikativ” – ya’ni “kommunikatsiyaga oid” [15, 167-b].
Kommunikatsiya – bu, birinchi navbatda, faoliyat usuli bo‘lib, u insonlarning o‘zaro muomalaga moslashishini namoyon qiladi[75, 342-b]. Demak, kommunikatsiya o‘ziga xos o‘zaro fikr almashish jarayoni sifatida qabul qilinishi mumkin, buning natijasida o‘zaro yordam ko‘rsatish va murakkablikning turli darajalaridagi harakatlar muvofiqligi ta’minlanadi. Shuningdek, kommunikatsiyani muloqotning tarkibiy qismlaridan biri sifatida belgilash mumkin.
YE.N.Zaretskayaning fikricha, kommunikativ faoliyat ma’lum tartibda amalga oshiriluvchi izchil harakatlar tizimi bo‘lib, ularning har biri xususiy vazifalarni hal qilishga qaratilgan va muomala maqsadi tomon qo‘yilgan o‘ziga xos “qadam” sifatida ko‘rib chiqilishi mumkin” [21, 287-b].
Ma’lumki, nutq kommunikatsiyaning eng universal vositasi hisoblanadi, chunki nutq orqali ma’lumot uzatilganda, uning ma’nosi kamroq yo‘qotiladi. Aynan nutq yordamida ma’lumotni kodlashtirish va mos ravishda dekodlash mumkin: kommunikator nutqiy xabar jarayonida ushbu ma’lumot kodini ochadi. Bunda bildirilgan fikr tinglovchilar tomonidan aniq tushunilganligi kommunikator uchun faqat “kommunikativ rollar” almashishi sodir bo‘layotganda aniq bo‘lishi mumkin.
Nutq bir vaqtning o‘zida qandaydir ma’lumotning manbai vazifasini bajarishi, shu bilan bir qatorda, o‘z suhbatdoshiga ta’sir ko‘rsatish usuli sifatida ham namoyon bo‘lishi mumkin. Biroq o‘zaro ta’sir ko‘rsatish jarayonini to‘liq tavsiflash uchun faqat kommunikativ akt strukturasini bilish kamlik qiladi. Muomalada bo‘lgan har ikki tomonning motivlari, ularning maqsad va vazifalarini ham sinchiklab tahlil qilish zarur.
“Kompetentlik” va “kompetensiya” ta’limda kompetentli yondoshuvning asosiy tushunchalaridir. Manbalar tahlili esa, ularning ilmiy adabiyotlarda bir qiymatli ta’rifga ega bo‘lmagan murakkab, ko‘p komponentli va fanlararo tushunchalar ekanligini ko‘rsatadi. Tadqiqotchilar fikricha ular hajmi, turkumi, semantikasi va mantiqiy tuzilmasi bo‘yicha farqlanib, kompetentli shaxs tavsifi (xususiyatlari, odatlari va boshqalar) sifatida qaralishi mumkin. Kompetentli shaxs tavsifi (xususiyat, shaxs sifati, uning komponenti), shaxs tuzilmasida yaxlit ta’lim, shaxs xususiyatlari tizimi, bilim, ko‘nikma va malakalarni egallash natijasida yuzaga keluvchi holatlar (tayyorgarlik, yo‘naltirilganlik va boshqalar) sifatida ifodalanishi mumkin, ko‘pincha esa, kompetentli bilim va tajriba bilan tenglashtiriladi.
Kompetensiya (lot. competentia – tegishli, oid, aloqador, mos, muvofiq kelish) termini ma’lum sohaga oid bilim, malaka va ko‘nikmalar, tajribani anglatadi.
N.Sh.Turdiyev, Y.M.Asadov, S.N.Akbarova, D.Sh.Temirovlarning “kompetentlilik”, “kompetensiya” tushunchalari tavsiflarida quyidagi holatlarga alohida e’tibor qaratiladi:
- bilimlar majmuining amalda qo‘llanilishi;
- shaxsning uquvi, xislatlari, fazilatlari;
- amaliy faoliyatga tayyorgarlik o‘lchovi;
- muammolarni hal etish, amalda zarur natijalarni qo‘lga kiritish layoqati;
- shaxsning professional faoliyatini ta’minlovchi bilim,ko‘nikma, malakalar yaxlitligi;
- faollashgan (amaliyotga tatbiq etilgan) o‘quv, bilim, tajribalar majmui;
- shaxsning maqsadli yo‘naltirilgan emotsional iroda kuchi [65, 8-b].
“Kompetensiya” va “kompetentlilik” tushunchalarini farqlashda A.V.Xutorskiyning fikri diqqatga sazovor. “Kompetensiya”– predmet va jarayonlarning ma’lum doirasiga nisbatan shakllanuvchi shaxsning o‘zaro bog‘liq bo‘lgan sifatlari (bilimlar, qobiliyatlar, malaka va ko‘nikmalar, faoliyat usullari) majmuasi bo‘lib, ularga nisbatan sifatli va samarali ta’sir ko‘rsatish demakdir.
Kompetentlilik– kishi tomonidan mos kompetensiyaga ega bo‘lishni anglatib, o‘z ichiga shaxsning unga va faoliyat predmetiga nisbatan muloqotini ham qamrab oladi[72]. Ko‘rinadiki, “kompetentlilik” psixologiya va pedagogikaga oid adabiyotlarda professional faoliyatning ma’lum turlari bilan bog‘liq sifatlarga ega bo‘lishni bildiradi.
S.I.Ojegovning izohli lug‘atida kompetensiya tushunchasi “xabardorlik, bilganlik, biror sohada obro‘- e’tibor qozonish”ni anglatadi [47, 234-b].
Shuningdek, L.Xell va D.Zigler kompetentlilikka “psixosotsiologik sifat bo‘lib, kuch va ishonchni bildiruvchi, o‘z ishining muvaffaqiyatli va foydali ekanligidan kelib chiqqan tuyg‘u bo‘lib, insonga uning atrofidagilari bilan hamkorlikda samarali harakat qilishi mumkinligini anglatadi”[73] deya ta’rif berganlar.
N.A.Muslimov va boshqalar kompetentlilikni quyidagicha ta’rifladilar: “…faoliyatda nazariy bilimlardan samarali foydalanish, yuqori darajadagi kasbiy malaka, mahorat va iqtidorni namoyon eta olish”[40, 93-b]. Demak, shaxsning muayyan sohada belgilangan ijtimoiy norma va talablardan o‘zib ketishi kompetentlik haqida fikr yuritishga asos bo‘ladi.
Taniqli amerikalik tadqiqotchi R.Meyyers kompetentlilik tushunchasi deganda, “nafaqat ma’lum faoliyatga oid kategoriyalarga mos kelishlikni, balki shakllangan kompetentlikni ishlab chiqarish jarayonida namoyon qilishni” ham nazarda tutadi[17, 15-b].
Yuqorida keltirilgan ta’riflardan anglashiladiki, kompetensiya muayyan faoliyatni bajarishga qobiliyatlilikni anglatsa, kompetentlik bir qancha kompetensiyalarning majmuini aks ettiradi va umumiy ma’noda mazkur tushunchalar nazariy bilimlarni kundalik faoliyatda qo‘llay olish mahoratini ifodalaydi.
Tadqiqot ishimiz doirasida intensiv ta’lim texnologiyalari asosida talabalarni kommunikativ kompetensiyalarini rivojlantirish jarayonining tarkibiy qismlarini aniqlashtirish dolzarb hisoblanib, quyida sohaga doir ilmiy izlanishlar tahliliga to‘xtalib o‘tamiz:
L.N.Gridyaevaning “Maktab-internatida musiqa darslarida o‘smirlarning muloqot qobiliyatlarini rivojlantirish” mavzusidagi dissertatsiya ishida muallif sotsializmni muloqot tashabbusi, nutqiy reaksiyalarining adekvatligi, muloqot samaradorligi, individual mulohazalar mustaqilligi, mulohaza yuritish va nutq orqali umumiy rivojlanish muammolarini hal qilish qobiliyati hamda muloqotda dialogiklik deb ta'riflaydi. L.N.Gridyaevaning so‘zlariga ko‘ra, insonning muloqotchanligiga tashqi va ichki sharoitlar ta'sir qiladi. “Shunday qilib, aloqa sohasi shaxslararo munosabatlarni boshqarishning asosiy tarkibiy qismi sifatida boshqalar bilan o‘zaro munosabatlarning tabiati va usullarini belgilaydi”[59].
V.V.Oxotnikova o‘zining “Oliy o‘quv yurtlarida o‘quv jarayoni subyektlarining kommunikativ kompetensiyasini rivojlantirish” mavzusidagi dissertatsiya tadqiqotida jamiyatni o‘zgartirish, xalqaro hamjamiyatga integratsiyalashuv sharoitida yuqori faol, kasbiy kompetensiyali shaxsni shakllantirish, kommunikativ kompetentsiyani rivojlantirish dolzarb muammo ekanligini ta’kidlaydi[59].
Tadqiqotchi A.A.Bodalyovning izohlashicha, “muloqotning kommunikativ tomoni insonlar orasida ma’lumotlar bilan o‘rtoqlashishdan, muloqotning interfaol tomoni individlar orasida o‘zaro hamkorlikni tashkillashdan, ya’ni nafaqat bilim va g‘oyalar, shu bilan birga xatti-harakatlar bilan axborot almashinishdan..., muloqotning perseptiv tomoni bir-birlarini qabul qilish jarayonini muloqotdagi sherik deb qabul qilishi va shuning zaminida hamjihatlik munosabatidan iborat.
“Kommunikativ kompetensiya”, tushunchasi tilshunoslar bergan ta’rifga ko‘ra, “shaxs tomonidan til va nutq madaniyatini bilish asosida shakllantirilgan turli kommunikativ hodisa va vaziyatlardagi nutqiy axloq tizimi ekanini ta’kidlash lozim. Bu tizim tarkibiga kommunikativ rollarni(so‘zlovchi va tinglovchi), shuningdek, ijtimoiy rollarni, nutq strategiyasi va taktikalarini, etik va odob-axloq qoidalarini egallash kiradi, ularda ushbu madaniyatda qabul qilingan shaxsning turli ijtimoiy guruh vakillari bilan turli sabab va turli vaziyatlarda aloqada bo‘lish usullari ifodalanadi”[37, 89-b].
M.Sh.Ro‘zmetovaning qayd qilishicha, “boshqa tilda so‘zlovchilarning kommunikativ kompetentliligi – bu o‘quvchilarning hayotiy, amaliy va nazariy vazifalarni hal qilish uchun boshqa tilni o‘rganish jarayonida egallagan bilim, malaka va ko‘nikmalaridan foydalanishga tayyor ekanligidir” [56, 724-b].
Zamonaviy ijtimoiy va kasbiy sharoitlarda kompetentlilik muloqotini rivojlantirish uni uyg‘unlashtirishning qator prinsipial-muhim yo‘nalishlarini taqozo qilishi mumkin. Biroq amaliyot uchun “kommunikativ kompetentlilikni to‘laqonli rivojlantirish uchun muloqotning xizmatga oid-amaliy yoki rolli, shuningdek, boshqa shaxsiy turlarini cheklash muhim. Odatda, tafovut uchun asos sheriklar orasidagi psixologik masofa bo‘ladi, bu “men – sen - kontakt”. Modomiki, gap nafaqat “tashqi” ma’lumotlar, balki birgalikda hal qilinishi kerak bo‘lgan xizmatga oid namunali(tipovoy) vazifa haqida borar ekan shaxs sherigiga o‘zi, o‘z ichki dunyosini namoyon qiladi, bunda sherikka “yaqin inson” maqomini beradi, muloqot esa tom ma’noda ishonchli bo‘ladi” [20, 243-b].
N.Yu.Mamontovaning “Texnik universitet talabalarining kommunikativ kompetensiyasini shakllantirish” mavzusidagi ilmiy tadqiqot ishida texnik universitet talabalarining shaxsiyatini rivojlantirish zarurligiga e’tibor qaratiladi. Muallif tomonidan mazkur tushuncha quyidagicha izohlanadi: “Talabalarning kommunikativ kompetensiyasi – bo‘lajak mutaxassisning turli xil ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlarda va turli madaniyat vakillari bilan kasbiy faoliyatni amalga oshirish qobiliyati…. .” deb ta’riflanadi[59].
A.V.Shevkunning dissertatsiya tadqiqotida kommunikativ kompetentsiya birinchi kurs talabalarining ijtimoiy moslashuv vositasi sifatida qaraladi. Muallif o‘z tadqiqotida A.V.Xutorskoyning kommunikativ kompetentsiyaga bergan ta’rifiga e’tibor qaratib, unga ko‘ra bunday kompetentsiya “insonning boshqa odamlar, atrofdagi dunyo obyektlari bilan o‘zaro munosabatda bo‘lish zarurati bilan bog‘liq kommunikativ fazilatlarni egallashi va uning axborot oqimlari, axborotni topish, o‘zgartirish va uzatish, guruh yoki jamoada turli ijtimoiy rollarni bajarish qobiliyati” deb tushuntiradi[59].
Shuningdek, muloqotdagi kompetentlilik, insondan turli uzoqlikdagi psixologik masofada o‘ziga kerakli bo‘lgan aloqani yaratishga tayyorlik va mahoratni talab qilishi mumkin. Ammo qiyinchiliklarning o‘zi aynan “pozitsiyaning inersiya hodisasiga asoslangan – sherikning fe’l-atvori, tabiati hamda vaziyatning o‘ziga xosligiga qaramay, ulardan birortasini egallaganligi va uni har joyda amalga oshirishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Umuman olganda,muloqotdagi kompetentlilik, odatda, eng yaxshisi sifatida biror bir pozitsiyani egallaganligi bilan emas, balki ularning spektriga mos ravishda qo‘shilishiga bog‘liq. Psixologik muloqotni almashtirishdagi egiluvchanlik – kompetentli muloqotning muhim ko‘rsatkichlaridan biridir” [50,38-b].
Kommunikativ kompetentlilik “tug‘ma qobiliyat bo‘lmay, inson tomonidan ijtimoiy-kommunikativ tajribani egallash jarayonida shakllanuvchi qobiliyatdir. Kommunikativ-ijtimoiy tajriba, avvalo, munosabatlarni o‘zgartirish mexanizmini o‘z ichiga olib, nutqni stilistik jihatdan turli variantlarda qo‘llashda namoyon bo‘ladi. Bunday o‘zgarishning asosida muloqot ishtirokchilari o‘rtasidagi rolli muloqotlarning o‘zgarishi yotadi”[26, 61-b].
Kommunikativ kompetentlilik pedagog tomonidan tanlangan kommunikatsiya uslubida va muloqotdagi rolli o‘rinlarda o‘z ifodasini topishi mumkin, ular yetakchilik qiluvchi o‘zaro ta’sir qilish maqsadlari bilan ta’minlanib, barqaror ekspressiv xususiyatlar, shu bilan bir qatorda, muloqot vaziyati jarayonidagi kommunikativ harakatlar bilan tavsiflanadi.
Yuqorida keltirilgan intensiv ta’lim texnologiyalari asosida talabalarni kommunikativ kompetensiyalarini rivojlantirish jarayonining o‘ziga xos jihatlari, pedagogik-psixologik xususiyatlari hamda tarkibiy qismlari o‘rganish natijasida talabalarda kommunikativ kompetensiyalarni rivojlantirish jarayonining komponentlarini quyidagicha belgilab oldik (1.2.1-jadvalga qarang).
Emotsional-diagnostik komponent intensiv ta’lim texnologiyalaridan foydalanish, avvalo, talabalarning individual xususiyatlarini o‘rganish, tahlil qilish va kelgusi pedagogik jarayonlarda hisobga olishni taqozo etadi. Ushbu nuqtai nazardan diagnostik tarkibiy qism ahamiyatli sanaladi.
Mazkur komponent tarkibidagi emotsionallik hissiy sezgirlik, empatiya, hamdardlik qobiliyati, shuningdek, sheriklarning harakatlariga e’tiborni o‘z ichiga olib, kommunikativ kompetentsiyaning emotsional tarkibiy qismining rivojlanishi “muhim vaziyat”ning paydo bo‘lishini nazarda tutadi.
Emotsional komponentning yana bir muhim jihati bu o‘ziga bo‘lgan ijobiy munosabat xususiyati bo‘lib, mazkur jihat o‘z-o‘zini anglashning ichki dinamikasining xususiyatlari, shaxsning o‘z “men”iga bo‘lgan munosabatlarining tuzilishi va shaxslararo munosabatlarni o‘rnatishda hal qiluvchi rol o‘ynaydi [16, 34-37 b].
Kommunikativ kompetensiyaning kognitiv komponenti birinchi navbatda, insonning o‘zi, u bajaradigan ijtimoiy rollar nuqtai nazaridan emas, balki muloqot subyekti sifatida o‘zini bilishini o‘z ichiga olishi bilan ahamiyatli sanaladi. O‘zini doimo o‘zgarib turadigan, o‘ziga xos, odatiy “men-kontseptsiya” doirasidan tashqariga chiqish, tushunish va anglash subyektiv o‘zini o‘zi bilish jarayonini rivojlantiradi. Mazkur komponent kommunikativ jarayonlarda boshqa munosabat sherigini bilish, kommunikativ bilim, ko‘nikmalarni egallaganlikni ham aks ettiradi.


Download 256,46 Kb.
1   ...   6   7   8   9   10   11   12   13   ...   34




Download 256,46 Kb.

Bosh sahifa
Aloqalar

    Bosh sahifa



Intensiv ta’lim texnologiyalari asosida talabalarni kommunikativ kompetensiyalarini rivojlantirishning pedagogik-psixologik xususiyatlari

Download 256,46 Kb.