Inson va fuqaroning huquq va erkinliklari
Insonga bekamu koʻst yashash imkoniyatini beruvchi va iqtisodiy, ijtimoiy,
madaniy, siyosiy sohalarda oʻz imkoniyat va talablarining amalga oshirilishini
taʼminlovchi huquqiy maqom. Inson huquqlari va erkinliklariga rioya etish
Oʻzbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy tuzumining asosidir. OʻzR
Konstitutsiyasida qayd etilgan huquq va erkinliklar: qonunlarning mazmuni va
qoʻllanilishiga hamda qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi hokimiyat faoliyatiga
bevosita taʼsir koʻrsatadi; Oʻzbekistonning har bir fuqarosiga, uning jinsi, irqi,
millati, tili, diniy eʼtiqodi, ijtimoiy kelib chiqishi, maslagi, shaxsiy va ijtimoiy
ahvolidan qatʼi nazar, inson huquqlari va erkinliklari buzilmasligini, sud yoʻli bilan
himoya qilinishini ka-folatlaydi. Konstitutsiya barcha fuqarolarning qonun oldida
tengligiga asoslangan holda, oʻzgalarning huquqlariga hurmat bilan qarash
tamoyillarini, oʻzgalarning qonuniy manfaatlarini, huquq va erkinliklarini buzish
hisobiga oʻz huquq va erkinliklarini roʻyobga chiqarishga yoʻl qoʻyilmaslikka,
ijtimoiy adolat va hamjihatlikni taʼminlashga qaratilgan. OʻzRda I. va f. h. va e.
amalga oshirilishiga davlat kafolat beradi. Oʻz navbatida respublika hududida
yashovchi shaxslar Konsti-
tutsiyada taʼkidlangan huquq va erkinliklarga, xalqaro
huquq meʼyorlariga rioya etishi zarur. Umum eʼtirof qilgan mazkur xalqaro
meʼyoriy manbalar Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari
umumjahon deklaratsi-
yasi, Bola huquqlari toʻgʻrisida konvensiya va OʻzR
qoʻshilgan yana bir qator xalqaro hujjatlardir.
1. Fuqarolarning huquq va manfaatlariga daxldor bo‘lgan hujjatlar bilan tanishib
chiqish huquqining konstitutsiyaviy kafolatlari
Mamlakatimizda o‘tgan yillar mobaynida inson huquqlarini ishonchli himoya qilishga
qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi. Avvalo, O‘zbekiston Respublikasi
Konstitutsiyasida xalq hokimiyatchiligi prinsipining muhim qoidalaridan biri sifatida
inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy
qadriyat hisoblanishi belgilab qo‘yildi (13-modda).
Ushbu konstitutsiyaviy prinsip doirasida Asosiy Qonunimizning 7-9-boblarida inson va
fuqarolarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy huquq, erkinliklari hamda ularning
kafolatlari belgilab berildi. Xususan, Qomusimizning 7-bobida insonning shaxsiy huquq
va erkinliklari belgilangan bo‘lib, ular tizimida fuqarolarning ularning huquq va
manfaatlariga daxldor bo‘lgan hujjatlar, qarorlar va boshqa materiallar bilan tanishib
chiqish huquqi muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 30-moddasi mazmunidan anglashiladigan
ushbu huquq mazkur moddada O‘zbekiston Respublikasining barcha davlat organlari,
jamoat birlashmalari va mansabdor shaxslari zimmasiga ushbu materiallar bilan tanishib
chiqish imkoniyatini yaratib berish majburiyati tarzida yuklangan.
Mazkur konstitutsiyaviy norma o‘z mohiyatiga ko‘ra, fuqarolarning Konstitutsiyaning
29-moddasida mustahkamlangan har kim o‘zi istagan axborotni izlash, olish va uni
tarqatish huquqi hamda 32-moddada belgilangan jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda
ishtirok etish huquqi bilan uzviy bog‘liqdir. Ya’ni, fuqarolar o‘zlarining huquq va
manfaatlariga daxldor bo‘lgan hujjatlar, qarorlar va boshqa materiallar bilan tanishib
chiqish orqali boshqa konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirish uchun sharoit
yaratadilar.
Asosiy Qonunimiz 30-moddasida belgilangan fuqarolarni ularning huquq va
manfaatlariga daxldor bo‘lgan hujjatlar, qarorlar va boshqa materiallar bilan tanishib
chiqishi uchun imkoniyat yaratib berish majburiyati axborot erkinligi kafolatlaridan biri
bo‘lib, ushbu konstitutsiyaviy norma O‘zbekiston Respublikasining o‘ndan ortiq qonun
hujjatlarida yanada rivojlantirilgan, uni ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha mexanizm
va tartibotlar belgilab berilgan.
Xususan, “Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunning 8-
moddasida davlat hokimiyati va boshqaruv organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi
boshqarish organlari, jamoat birlashmalari va boshqa nodavlat notijorat tashkilotlari
hamda mansabdor shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda har kimga o‘zining
huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga daxldor bo‘lgan axborot bilan tanishib
chiqish imkoniyatini ta’minlab berish bilan bog‘liq bir qator mexanizmlar belgilab
berilgan. Unga ko‘ra, Konstitutsiya bo‘yicha tegishli majburiyat yuklangan yuqorida
qayd etilgan sub’ektlar maqbul axborot resurslari yaratishlari, foydalanuvchilarni
fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va majburiyatlariga, ularning xavfsizligiga doir
hamda jamiyat manfaatlariga taalluqli boshqa masalalar yuzasidan axborot bilan
ommaviy tarzda ta’minlashlari shart.
Shu singari normalar O‘zbekiston Respublikasining boshqa bir qator amaldagi qonun
hujjatlarida ham o‘z aksini topgan. Xususan, “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi
Qonunning 14-moddasi to‘g‘ridan to‘g‘ri “O‘zlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ichiga
olgan axborot resurslaridan yuridik va jismoniy shaxslarning erkin foydalanishi”ga
bag‘ishlangan. Unga ko‘ra, yuridik va jismoniy shaxslar o‘zlari to‘g‘risidagi
ma’lumotlarni ichiga olgan axborot resurslaridan erkin foydalanish, mazkur
ma’lumotlarning to‘liqligi hamda to‘g‘riligini ta’minlash maqsadida ularga aniqliklar
kiritish huquqiga ega. O‘zlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ichiga olgan axborot
resurslaridan yuridik va jismoniy shaxslarning erkin foydalanishi qonun bilan
cheklanishi mumkin. Yuridik va jismoniy shaxslarga o‘zlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni
ichiga olgan axborot resurslaridan erkin foydalanishni axborot resurslarining mulkdori
yoki egasi rad etganligi ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.
Bu borada 2017 yil 24 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n
birinchi yalpi majlisida ma’qullangan “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari
to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining yangi tahririda ham Asosiy
Qonunimizning 30-moddasidan kelib chiquvchi bir qator muhim qoidalar belgilangan.
Xususan, unda davlat organi, tashkilot va ularning mansabdor shaxslari murojaatni
ko‘rib chiqish chog‘ida murojaat qiluvchilarga ularning huquqlari, erkinliklari va
qonuniy manfaatlariga daxldor hujjatlar, qarorlar va boshqa materiallar bilan tanishib
chiqish imkoniyatini, agar ular davlat siri yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sir
bo‘lgan ma’lumotlarni o‘z ichiga olmasa, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari,
erkinliklari va qonuniy manfaatlariga, jamiyat va davlat manfaatlariga zarar yetkazmasa,
ta’minlashi shartligi belgilangan.
Kezi kelganda ta’kidlash lozimki, qonun hujjatlari bilan ayrim turdagi axborotdan
foydalanish va tanishib chiqish uchun qo‘shimcha kafolatlar belgilanishi mumkin. Bu
ushbu turdagi axborotning inson hayoti va sog‘lig‘i, xavfsizligi bilan bevosita bog‘liqligi
bois, ular bilan tanishib chiqishga bo‘lgan zaruriyat bilan izohlanadi. Xususan, “Tabiatni
muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonun 30-moddasida jamiyat manfaatlaridan kelib chiqib,
davlat tabiatni muhofaza qilish idoralari falokatlar va boshqa hodisalar natijasida atrof
tabiiy muhit normativda belgilanganidan ham ortiqroq darajada ifloslangan taqdirda
bunday falokat va hodisalar to‘g‘risida jamoatchilikni darhol xabardor etishlari shartligi
belgilab qo‘yilgan.
Shuningdek, “Aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda
vaziyatlardan muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonunning 5-moddasida davlat hokimiyat
va boshqaruv organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, shuningdek
korxona, muassasa va tashkilotlar rahbarlari aholining va hududlarning favqulodda
vaziyatlardan muhofazalanish holati hamda ularning xavfsizligini ta’minlash yuzasidan
ko‘rilgan choralar haqida, oldindan bashorat qilinayotgan va ro‘y bergan favqulodda
vaziyatlar to‘g‘risida, ulardan aholini muhofaza qilishning usul va yo‘llari haqida
ommaviy axborot vositalari hamda boshqa kanallar orqali aholini o‘z vaqtida va
ishonchli tarzda xabardor etishlari shartligi belgilangan. “Ommaviy axborot vositalari
to‘g‘risida”gi Qonunning (Yangi tahriri) 35-moddasida ham favqulodda vaziyatlar
to‘g‘risidagi shoshilinch xabarlar yoki vakolatli davlat organlari tomonidan
jamoatchilikka tezkorlik bilan yetkazish maqsadida berilgan xabarlar barcha ommaviy
axborot vositalarida e’lon qilinishi belgilab qo‘yilgan.
Yoki bo‘lmasa, qonun hujjatlarida jamiyatdagi ayrim toifa ijtimoiy guruh, qatlamlarning
tegishli axborotdan foydalanish huquqini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha kafolatlar ham
belgilanishi mumkin. Masalan, yangi tahrirdagi “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining
kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunning 30-moddasida tadbirkorlik sub’ektlarining
axborotdan foydalanish kafolatlari o‘rnatilgan. Unga ko‘ra, davlat organlari, ularning
mansabdor shaxslari tadbirkorlik faoliyati sub’ektlariga mazkur sub’ektlarning huquqlari
va qonuniy manfaatlariga daxldor qonun hujjatlari, hujjatlar, qarorlar va boshqa
materiallar bilan tanishish imkoniyatini ta’minlashi shart. Axborotdan foydalanish qonun
hujjatlarini va tegishli materiallarni ommaviy axborot vositalarida, shu jumladan,
Internet jahon axborot tarmog‘i orqali davlat organlarining rasmiy veb-saytlarida e’lon
qilish va tarqatish yo‘li bilan ta’minlanadi. Xuddi shuningdek, “Tadbirkorlik faoliyati
sohasidagi ruxsat berish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi Qonunning 13-moddasida
vakolatli organlar tadbirkorlik sub’ektlari ruxsat berish tartib-taomillaridan o‘tish tartibi
to‘g‘risidagi nizomlar bilan moneliksiz tanishib chiqishi va ruxsat etish xususiyatiga ega
hujjatlarni olish uchun zarur bo‘lgan hujjatlar moneliksiz taqdim etilishi uchun shart-
sharoitlar yaratishini belgilaydi. Ushbu normalar shubhasiz tadbirkorlik sub’ektlari erkin
faoliyat ko‘rsatishi uchun muhim huquqiy zamin hozirlaydi.
Shu bilan bir qatorda qonun hujjatlarida sud ish yurituviga jalb qilingan shaxslarning
axborot bilan tanishishga bo‘lgan huquqlarining qo‘shimcha mexanizmlari ham
belgilangan. Xususan, “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunning 8-moddasida, FPK 9-moddasi;
XPK 10-moddasi va JPK 20-moddasida sud ishlari olib borilayotgan tilni bilmaydigan
sudda qatnashuvchi shaxslarning tarjimon orqali ish materiallari bilan to‘la tanishish
huquqi ta’minlanishi belgilangan.
Qonun hujjatlari bilan ayrim davlat organlariga nisbatan ham fuqarolarning huquqlari,
erkinliklari va qonuniy manfaatlariga taalluqli hujjatlar hamda materiallar bilan tanishib
chiqish bo‘yicha qo‘shimcha majburiyatlar yuklanishi mumkin. Masalan, 2016 yil 16
sentyabrdagi “Ichki ishlar to‘g‘risida”gi Qonunning 8-moddasiga ko‘ra, agar qonunda
boshqacha qoida belgilanmagan bo‘lsa, ichki ishlar organlari har bir fuqaroga o‘zlarida
mavjud bo‘lgan, uning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga bevosita daxldor
bo‘lgan hujjatlar hamda materiallar bilan tanishish imkoniyatini ta’minlashi shart. Yoki
bo‘lmasa, Bojxona kodeksida bojxona brokerlarining reyestridagi axborot O‘zbekiston
Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasining rasmiy veb-saytiga joylashtirilishi va
tanishish uchun ochiq bo‘lishi talabi belgilangan (280-modda).
Asosiy Qonunimizning 30-moddasida belgilangan normaning amalga oshirilishida
“Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik
jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi” doirasida ishlab chiqilgan va 2014 yil 5 may
sanasida qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining “Davlat hokimiyati va boshqaruvi
organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi Qonuni muhim ahamiyatga ega. Birinchi
Prezidentimiz Islom Karimov ta’kidlaganidek, ushbu Qonunning qabul qilinishi
fuqarolarning axborot sohasidagi konstitutsiyaviy huquqini yanada kengroq amalga
oshirish imkoniyatini yaratib berish bilan birga, davlat hokimiyati va boshqaruvi
organlarining qabul qilinayotgan qarorlar sifatini oshirish borasidagi mas’uliyatini ham
ko‘p jihatdan kuchaytiradi. Ushbu qonun davlat hokimiyati organlari faoliyati haqida
jamoatchilikni xabardor qilib borish tartiblarini aniq belgilab berishi, aholining, jamoat
birlashmalarining davlat hokimiyati organlari tomonidan qabul qilinayotgan qarorlar,
avvalambor fuqarolarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlari bilan bog‘liq
qarorlar haqidagi axborotlardan keng xabardor bo‘lib borishini ta’minlaydi (1).
O‘zbekiston Respublikasining “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining
ochiqligi to‘g‘risida”gi Qonunida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari
faoliyatining ochiqligini ta’minlashning oltita usullari belgilab berilgan: davlat
hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati to‘g‘risidagi axborotni e’lon qilish
(chop etish); davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati to‘g‘risidagi
axborotni ularning rasmiy veb-saytlarida joylashtirish va yangilab borish; davlat
hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati to‘g‘risidagi axborotni hamma kirishi
mumkin bo‘lgan xonalarga va joylarga joylashtirish hamda yangilab borish; davlat
hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati to‘g‘risidagi axborotni axborot-
kutubxona va arxiv fondlari orqali taqdim etish; davlat hokimiyati va boshqaruvi
organlarining ochiq hay’at majlislarida axborotdan foydalanuvchilarning hozir bo‘lishi
uchun sharoitlar yaratish; axborotdan foydalanuvchilarning so‘rovi asosida ularga davlat
hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati to‘g‘risida og‘zaki va yozma shaklda
(shu jumladan, elektron hujjat shaklida) axborot taqdim etish. Shu bilan birga ushbu
usullar ro‘yxati qat’iy cheklangan bo‘lmay, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari
faoliyatining ochiqligini ta’minlash qonun hujjatlariga muvofiq boshqa usullar bilan ham
amalga oshirilishi mumkin. Qonun bilan davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining
faoliyati to‘g‘risida axborot olishga doir so‘rovni ko‘rib chiqish tartibi belgilab berilgan.
Unga ko‘ra, axborotdan foydalanuvchining so‘rovi ro‘yxatdan o‘tkazilgan kundan
e’tiboran ko‘pi bilan o‘n besh kunlik muddatda ko‘rib chiqilishi kerak (19-modda).
O‘zbekiston Respublikasining “Axborot olish kafolatlari va erkinligi to‘g‘risida”gi
Qonunning 7-moddasida ham davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish
organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va mansabdor
shaxslar zimmasiga tegishli majburiyat yuklangan. Ushbu Qonunda axborot olish
imkoniyatini ta’minlash yo‘llari ham ko‘rsatilgan – axborot olish imkoniyati qonun
hujjatlarini va tegishli materiallarni e’lon qilish va tarqatish yo‘li bilan ta’minlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 30-moddasida belgilangan normalarni
amalga oshirishda 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning
beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini Xalq bilan muloqot va inson
manfaatlari yilida amalga oshirishga oid Davlat dasturi hamda O‘zbekiston Respublikasi
Prezidentining 2017 yil 8 fevralda qabul qilingan “Qonun hujjatlarini tarqatish tizimini
tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–2761-sonli qarori muhim
ahamiyat kasb etdi.
Xususan, bu borada ushbu hujjatlar doirasida ishlab chiqilgan hamda 2017 yil 24 avgust
kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n birinchi yalpi majlisida
ma’qullangan “Huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni ta’minlash
to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonuni fuqarolarning konstitutsiyaviy
huquqlarini ta’minlashda muhim qadam bo‘ldi. Ushbu qonun huquqiy axborot tarqatish
sohasidagi u yoki bu munosabatlarni tartibga soluvchi yigirmadan ortiq me’yoriy-
huquqiy hujjatlarni o‘zida mujassam etib, bu sohadagi huquqiy boshqaruvning tizimli
bo‘lishini ta’minlaydi. Qonunda huquqiy axborotni tarqatishni tashkil etish, bu boradagi
barcha ishlarni muvofiqlashtirish uchun mas’ul bo‘lgan vakolatli organ deb O‘zbekiston
Respublikasi Adliya vazirligi belgilangan.
Qonun bilan huquqiy axborotni tarqatishning aniq tartibi va usullari belgilab berilgan.
Birinchi – qabul qilingan qonun hujjatlarini rasmiy va norasmiy tarqatma tarzida
tarqatish, ularni Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida va davlat organlarining
veb-saytlarida joylashtirish tartibi o‘rnatilmoqda. Ikkinchi – Qonun bilan davlat
organlarida me’yoriy-huquqiy hujjatlarni tizimlashtirilgan holda hisobga olishning
majburiy tartibi joriy etilib, uning so‘zsiz ijro etilishi ustidan nazorat tizimi
mustahkamlab qo‘yilmoqda. Uchinchi –Qonunda huquqiy targ‘ibot yuritish huquqiy
axborot tarqatishning samarali usullaridan biri sifatida ta’riflangan bo‘lib, uni amalga
oshirish shakllari mustahkamlab qo‘yilgan: konferensiya, uchrashuv, seminar, davra
suhbatlari va muloqotlar o‘tkazish; qabul qilingan me’yoriy-huquqiy hujjatlar, amaldagi
qonun hujjatlarining mazmun-mohiyatini ochib beruvchi tele- va radiodasturlar
uyushtirish, bosma va elektron ommaviy axborot vositalarida materiallar joylashtirish,
sharhlar, risolalar, plakatlar, bukletlar tarqatish shular jumlasidandir.
Shu bilan bir qatorda ta’kidlash lozimki, ushbu konstitutsiyaviy normani to‘liq
realizatsiya qilinishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy
javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 44-moddasida “Hujjatlar bilan tanishib chiqishni
asossiz ravishda rad etish” uchun ma’muriy javobgarlik o‘rnatilgan. Unga ko‘ra,
mansabdor shaxslar tomonidan fuqaroga uning huquq va manfaatlariga daxldor bo‘lgan
hujjatlar, qarorlar va boshqa materiallar bilan tanishib chiqish imkoniyatini berishni
asossiz ravishda rad etishi tegishli tartibda ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 7 fevraldagi “O‘zbekiston
Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida”gi PF-
4947-sonli Farmoni ushbu konstitutsiyaviy normani amalga oshirish bilan bog‘liq bir
qator muhim qoidalarni belgilab berdi. Xususan, unda davlat hokimiyati va boshqaruvi
organlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash, jismoniy va yuridik shaxslarning huquq va
erkinliklari hamda qonuniy manfaatlariga oid axborotni taqdim qilishning zamonaviy
shakllarini joriy etish ko‘zda tutilgan.
Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 30-moddasida
belgilangan fuqarolarning o‘zlarining huquq va manfaatlariga daxldor bo‘lgan hujjatlar,
qarorlar va boshqa materiallar bilan tanishib chiqishga bo‘lgan huquqlari
mamlakatimizda axborot sohasini isloh qilish, axborot va so‘z erkinligini ta’minlash
sohasidagi amalga oshirilayotgan izchil va uzluksiz islohotlar sharoitida yangicha
mazmun bilan boyimoqda hamda ushbu konstitutsiyaviy huquqni ta’minlashning yangi
usul va mexanizmlari joriy etilmoqda.
|