Qurilish ashyolarining ko‘plari kislota, ishqor va tuz eritmalari ta’siriga chidamsizdir. Tabiiy tosh ashyolari
(masalan, ohaktosh, marmar, dolomit va boshqalar) kislotalar ta’sirida tezda buzilsa, bitumlar esa bunga
chidamlidir. Ammo, ular ham to‘yingan ishqor eritmalarida buzilish xususiyatiga ega. Sirlangan va yuqori
mustahkam sopol buyumlar (qoplama, polbop taxtachalar, quvurlar va h.k.), plastmassalar, bitum va qatronlar
zararli muhit ta’siriga anchagina chidamli ashyolardir. Ashyoning kimyoviy chidamliligini aniqlash uchun uni
kukun holatida zararli muhit ta’siriga qo‘yiladi va etalonga nisbatan tarkibi, og‘irligi, mustahkamligi va
shaklining o‘zgarishiga qarab chidamlilik darajasi aniqlanadi.
Ashyolarning zararli muhit (kislota, ishqor, tuz eritmalari) ta’sirida chidamliligini aniqlash uchun shu
muhitda sinalgan namuna tuyib tarozida tortiladi va etalon namuna og‘irligiga bo‘linadi. Kislotaga chidamli
ashyolarga — tarkibida 25% dan ko‘p uglerod bo‘lgan po‘lat va cho‘yan, granit, diobaz, bazalt tog‘ jinslari
qotishmasi, silikat shisha, sopol ashyolar, toshqolsitall, kislotaga chidamli beton va boshqalar kiradi. Ishqor
eritmalariga chidamli ashyolarga maxsus xromnikel, po‘lat, nikel latuni, ohaktosh, portlandsement va
glinozem sementli betonlar kiradi. Kimyoviy chidamli ashyolarni tavsiya etishdan oldin har bir obyektni
qanday mahsulot ishlab chiqarishi va ularning qay darajada zararliligi tajribaxonalarda o‘rganiladi va keyin
taqqoslab tanlanadi.