Emal 18—22°C haroratda va nisbiy namligi ko‘pi bilan 70% keladigan havoda to‘la qotishi uchun ko‘pi
bilan 1 soat vaqt kerak. Bo‘yoq pardaning elastiklik shkalasida bukilgandagi pishiqligi 1 mm dan oshmasligi
kerak.
Yuza to‘la berkilishi uchun perxlorvinil emallar unga ikki marta surtiladi. Emulsiyali emallar gliftal lok,
suv hamda emulgatordan iborat bo‘lgan pigmentlar va sikkativ va erituvchi qo‘shilgan suspenziyadir.
Emulsiyali emallar xonalarning ichini pardoz qilishda suvoq va yog‘och-taxta yuzalarini bo‘yash uchun
ishlatiladi.
Emalni faqat ishlatish oldidan suyultirish kerak, aks holda, emulsiya qatlamlanib qoladi. Emalni suyultirish
uchun uning og‘irligiga nisbatan 15% suyultiruvchi qo‘shish kerak.
Emalning 18—23°C haroratda changdan qotishi uchun ketadigan vaqt 2 soatdan oshiq bo‘lmasligi, to‘la
qotishi uchun ketadigan vaqt 24 soatdan oshiq bo‘lmasligi kerak. Elastiklik shkalasida tekshirib ko‘rilganda
bo‘yoq pardaning elastikligi 5 mm dan oshmasligi kerak.
Fasadlar bo‘yaladigan perxlorvinil bo‘yoqlar pigmentlarning perxlorvinil lakda yaxshilab ezilgan
aralashmasidan iborat. Bu bo‘yoqlar tayyor holda chiqariladi. Bu xil bo‘yoqlar g‘isht, beton va suvalgan
binolar fasadlarini (bo‘yaladigan yuza puxta bo‘lganda) bo‘yash uchun ishlatiladi. Bino ichini perxlorvinil
bo‘yoqlar bilan bo‘yashga ruxsat etilmaydi.
So‘nggi vaqtlarda tashqi muhitda va xonalar ichida foydalaniladigan juda xilma-xil yuzalarni bo‘yash
uchun turli sintetik smolalar asosida tayyorlangan laklar va bo‘yoqlar, shuningdek emulsiyali bo‘yoq
aralashmalari ishlab chiqarilmoqda. Muhit ta’siriga, yorug‘likka, namlikka bardosh bera oladigan, kimyoviy
jihatdan turg‘un, issiqqa chidamli, pishiq va boshqa talablarga javob bera oladigan maxsus lak-bo‘yoq ashyolar
ishlab chiqarilmoqda.
Lak-bo‘yoq ashyolar tayyorlash uchun perxlorvinil smolalardan tashqari ПВA va ПВX smolalari ham
keng ishlatilmoqda.