Xulosada: ekspertiza o‘tkazilgan sana va joy; ekspertizani o‘tkazish asosi; ekspertizani
tayinlagan sud to‘g‘risidagi ma’lumotlar; ekspert to‘g‘risidagi (familiyasi, ismi, otasining ismi,
ma’lumoti, ixtisosligi, ish staji, ilmiy darajasi, ilmiy unvoni, egallab turgan lavozimi) va ekspertizani
o‘tkazish topshirilgan tashkilot haqidagi ma’lumotlar; bila turib noto‘g‘ri xulosa berganlik uchun
jinoiy javobgarlik to‘g‘risida ekspertning ogohlantirilganligi; ekspert oldiga qo‘yilgan savollar;
ekspertga taqdim etilgan tekshirish obyektlari va ish materiallari; ekspertiza o‘tkazilayotganda hozir
bo‘lgan shaxslar haqidagi ma’lumotlar; tekshirishlarning qo‘llanilgan usullar ko‘rsatilgan holdagi
mazmuni va natijalari, shuningdek bu tekshirishlar, agar ekspertlar komissiyasi ishlagan bo‘lsa, kim
tomonidan o‘tkazilganligi; tekshirish natijalarining baholanishi, qo‘yilgan savollarga berilgan asosli
javoblar; ish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan va ekspertning tashabbusiga ko‘ra aniqlangan holatlar
aks ettirilgan bo‘lishi kerak.
Xulosani va uning natijalarini tasvirlovchi materiallar ushbu xulosaga ilova qilinadi hamda
uning tarkibiy qismi bo‘lib xizmat qiladi. Tekshirishning olib borilishi, shart-sharoitlari va natijalarini
hujjatlashtiradigan materiallar davlat sud-ekspertiza muassasasida yoki nodavlat sud-ekspertiza
tashkilotida yoxud boshqa korxonada, muassasada, tashkilotda qonunchilikda belgilangan
muddatlarda saqlanadi. Ular ekspertizani tayinlagan sudning talabiga binoan ishga qo‘shib qo‘yish
uchun taqdim etiladi.
Agar taqdim etilgan tekshirish obyektlarining, materiallarning yoki ekspertning maxsus
bilimlari yetarli emasligi tekshirish davomida ma’lum bo‘lib qolsa, xulosa qo‘yilgan ayrim savollarga
javob berishni rad etish asosini o‘z ichiga olgan bo‘lishi kerak.
Tekshirish tugaganidan so‘ng xulosa, tekshirish obyektlari va ish materiallari ekspertizani
tayinlagan sudga yuboriladi.
Xulosa sud majlisida tekshiriladi hamda boshqa dalillar bilan bir qatorda baholanadi.