8-bob. Ma’muriy sud ishlarini yuritishda dastlabki himoya choralari 92-modda. Dastlabki himoya choralarini ko‘rish asoslari Ishda ishtirok etuvchi shaxsning arizasiga ko‘ra yoki o‘z tashabbusi bo‘yicha sud, agar:
1) ma’muriy ishni ko‘rish yakuni bo‘yicha chiqariladigan sud hujjati qabul qilinguniga qadar
arizachining yoki manfaatlarini ko‘zlab ariza berilgan shaxsning huquqlari, erkinliklari va qonuniy
manfaatlari buzilishining aniq xavfi mavjud bo‘lsa;
2) arizachining huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini bunday choralarni ko‘rmasdan
turib himoya qilish mumkin bo‘lmasa yoki qiyin bo‘lsa, dastlabki himoya choralarini ko‘rishi
mumkin.
Ma’muriy organning, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organining va ular mansabdor
shaxslarining qonunchilikka muvofiq bo‘lmagan hamda fuqarolarning yoki yuridik shaxslarning
huquqlarini va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini buzadigan qarorlari, harakatlari
(harakatsizligi) natijasida fuqaroga yoki yuridik shaxsga yetkazilgan zararlarning o‘rnini qoplash
to‘g‘risidagi talabni ko‘rib chiqishda sud arizachining arizasiga ko‘ra dastlabki himoya choralarini
ko‘rishi shart.
Dastlabki himoya choralarini ko‘rishga ma’muriy sud ishlarini yuritishning har qanday
bosqichida yo‘l qo‘yiladi.
93-modda. Dastlabki himoya choralari Quyidagilar dastlabki himoya choralari bo‘lishi mumkin:
1) javobgarga muayyan harakatlarni amalga oshirishni taqiqlash;
2) boshqa shaxslarga nizo predmetiga taalluqli bo‘lgan muayyan harakatlarni amalga
oshirishni taqiqlash;
3) mol-mulkni realizatsiya qilishni to‘xtatib turish;
4) ma’muriy organning, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organining nizolashilayotgan hujjati
ijrosini to‘liq yoki qisman to‘xtatib turish;
5) javobgarning mol-mulkini yoki pul mablag‘larini xatlash.
Sud tomonidan bir vaqtning o‘zida bir nechta dastlabki himoya choralari ko‘rilishi mumkin.
Dastlabki himoya choralari arz qilingan talabga mos bo‘lishi kerak.