Mustaqil ishlash uchun nazorat savollari
49
1. Barqaror rivojlanish konsepsiyasining paydo boʻlishi va uning
globallashuv jihatlarini tushuntirib bering.
2. Barqaror rivojlanish ekologik indikatorlarini metodologik asoslarini
tahlil qiling.
3. Barqaror rivojlanish indikatorlarini asosiy koʻrsatkichlarini tahlil qiling.
4. “Yashil iqtisodiyot” konsepsiyasining mohiyati va rivojlanish
bosqichlarini tushuntirib bering.
5. “Yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirish qanday yoʻnalishlarga boʻlinadi?
6. Global qanday ekologik muammolar insoniyat uchun xavf solmoqda?
7. Oʻzbekistonda ekologik-iqtisodiy siyosatning qanday yoʻnalishlarda
rivojlanmoqda?
8. Ekologik siyosatning mohiyati va vazifalarini tushuntirib bering.
9. Global iqlim oʻzgarishi va unga moslashish jarayonlarini tahlil qilib
bering.
10. Yashil iqtisodiyot va Barqaror rivojlanish maqsadlarining farqli
jihatlarini toping.
50
III Bob. IQTISODIY VOSITALAR VA MOLIYAVIY RESURSLAR
3.1. Institutsiyaviy va siyosiy sharoit
3.2. Yashil iqtisodiyotga oʻtish jarayonini moliyalashtirish
3.3. Atrof-muhit ifloslanishining iqtisodiy ziyon yetkazishini
aniqlash metodikasi
3.4. Tabiat muhofazasi tadbirlarining iqtisodiy samarasini hisoblash
3.5. Eksternaliya xarajatlari. Tabiiy muhitning assimilyatsiya potyensiali
3.1. Institutsiyaviy va siyosiy sharoit
Iqtisodiy vositalar va toʻlovning huquqiy zamiri 09. 12.1992-yilda
Tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonun bilan yaratilgan edi. Ushbu
qonunning 33-moddasida barcha vositalar, jumladan resurslarni tejaydigan
texnologiyalar kiritish uchun soliq imtiyozlari va kredit subsidiyalarini
qoʻllash imkoniyatiga toʻxtalib oʻtilgan. Oʻzbekiston Respublikasi Tabiat
Resurslari Vazirligi ekologiya va atrof-muhit masalalarida davlat siyosati va
boshqa vazirlik va idoralar harakatini muvofiqlashtirish uchun yetakchi
tashkilotdir. Atrof muhitning maqbul ekologik holatini, ekologik tizimlarni,
tabiiy komplekslarni va alohida obyektlarni muhofaza qilish, ekologik
vaziyatni yaxshilash, chiqindilarni boshqarish sohasidagi qonun hujjatlariga
rioya etish ustidan davlat nazoratini amalga oshirish, maishiy chiqindilarni
yigʻish, tashish, joylashtirish, qayta ishlash va utilizatsiya qilishning
samarali tizimini tashkil etish, Yer, yer osti boyliklari, suv, oʻrmonlar,
qoʻriqlanadigan tabiiy hududlar, oʻsimlik va hayvonot dunyosini muhofaza
qilish va ulardan foydalanish sohasidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan
davlat ekologik nazoratini oʻtkazish, atmosfera havosini muhofaza qilish,
suv, yer resurslari va yer osti boyliklari, bioxilma-xillik, atrof-muhit
monitoring, eko-energiya, ekologik nazorat hamda ekologik taʼlim,
targʻibot va mutaxassislarni qayta tayyorlash kabi masalalarda faoliyat olib
boradi.
Atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona
foydalanish sohasida davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlarini belgilash
hamda milliy maqsad va vazifalarga erishishni taʼminlash maqsadida
Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 30-oktyabrdagi PF-5863-son
Farmoni bilan 2030-yilgacha boʻlgan davrda Oʻzbekiston Respublikasining
Atrof muhitni muhofaza qilish konsepsiyasi tasdiqlangan. Iqtisodiyotni
ekologiyalashtirishda respublikada barqaror rivojlantirish masalalari
boʻyicha davlat siyosatini shakllantirish, shuningdek, iqtisodiyot
sektorlarini rivojlantirish konsepsiyalarini ishlab chiqishda ekologiyaga oid
holatlar yetarli darajada inobatga olinmayapti. Ekologik standartlarning
yoʻqligi yoki eskirgan standartlardan foydalanish dasturiy hujjatlarni ishlab
51
chiqishda mavjud ekologik muammolarni obyektiv baholash imkonini
bermaydi.
Tabiatdan foydalanishning iqtisodiy mexanizmlari atrof — muhitni
muhofaza qilish va tabiatdan foydalanishni iqtisodiy tartibga solish
respublikada samarali ekologiya siyosatini olib borishning gʻoyat muhim
sharti hisoblanadi. Ayni vaqtda atrof muhitni ifloslantirganlik uchun
toʻlovlar respublikada qoʻllanilayotgan asosiy iqtisodiy vosita hisoblanadi.
Biroq, atrof muhitni ifloslantirganlik uchun amaldagi kompensatsiya
toʻlovlari tizimi ragʻbatlantiruvchi funksiyaga ega emas, chunki ularning
miqdori xoʻjalik yurituvchi subyektlarni ifloslantiruvchi moddalarni oqizib
yuborish chiqarib tashlash hajmlarini pasaytirishga va ekologik toza
texnologiyalarni joriy etishga ragʻbatlantirmaydi.
Atrof muhitni muhofaza qilish va tabiatdan oqilona foydalanish
sohasidagi nazorat tabiatni muhofaza qilish qonunchiligi talablariga rioya
etilishini taʼminlashning asosiy vositasi hisoblanadi. Shu bilan birga,
respublikada, shu jumladan, ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish
organlari tomonidan xoʻjalik yurituvchi subyektlarda nazorat tadbirlari
oʻtkazilishini cheklash boʻyicha aniq maqsadga yoʻnaltirilgan ishlar olib
borilmoqda. Biroq, ular tomonidan olib borilayotgan nazorat tadbirlari
xoʻjalik yurituvchi subyektlarning moliya-xoʻjalik faoliyatiga daxl
qilmasligini hisobga olganda, davlat organining nazorat funksiyalarini
bunday cheklab qoʻyish atrof muhitni muhofaza qilish sifatiga salbiy taʼsir
qilishi mumkin.
Qishloq xoʻjaligi vazirligi tomonidan qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat
xavfsizligi sohasida tarmoqni kompleks modernizatsiya qilish, qishloq
xoʻjaligida fan va texnika yutuqlarini, resurslarni tejaydigan zamonaviy va
intensiv agrotexnologiyalarni, ilgʻor tajribalarni joriy qilishga yoʻnaltirilgan
yagona siyosatni amalga oshirish muhim ahamiyatga ega. Shuningdek,
qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlardan foydalanishni tashkil etish va
muhofaza qilish sohasida samarali davlat nazoratini amalga oshirish.
Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat
kadastri davlat qoʻmitasining qishloq xoʻjaligi yerlari va ekinlarini
monitoring qilish, qishloq xoʻjaligi ekinlarini joylashtirish, qishloq xoʻjaligi
yerlarini muhofaza qilish boʻyicha davlat nazoratini amalga oshirish, tuproq
bonitirovkasini oʻtkazish, qishloq xoʻjaligi yerlarining meʼyoriy qiymatini
aniqlash, tuproq unumdorligini oshirish, tuproqshunoslik, geobotanikaga
oid tadqiqotlarni amalga oshirishga doir vazifalari, funksiyalari hamda
vakolatlari Qishloq xoʻjaligi vazirligiga oʻtkazildi.
52
Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi suvlarni boshqarish,
suvlarning hisobi, hisoboti va balansini shakllantirish sohasida yagona
siyosatni amalga oshirish, shuningdek, suv resurslaridan oqilona
foydalanish va ularni muhofaza qilish, suvlarning zararli taʼsirini olish va
bartaraf etish sohasida davlat organlari va boshqa tashkilotlar faoliyatini
muvofiqlashtiruvchi davlat boshqaruvi organi hisoblanadi. Respublika
aholisi, iqtisodiyot tarmoqlari va atrof-muhitning suvga boʻlgan muttasil
oshib borayotgan ehtiyojlarini qondirish uchun shart-sharoitlar yaratish, suv
resurslaridan samarali foydalanishni taʼminlash, suv
xoʻjaliklari
obyektlarini modernizatsiyalash, rivojlantirish va qurilish ishlarini sifatli
tashkil etish, qonunchilik hujjatlarini ishlab chiqish, shuningdek xavfsizlik
darajasi yuqori boʻlgan suv xoʻjaligi obyektlarini loyihalash va ekspertiza
qilish malakali xorijiy ekspertlarni jalb qilish, suv omborlari va sel-suv
omborlari va boshqa suv xoʻjaligi obyektlari xavfsizligini hamda ishonchli
ishlashini taʼminlash sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini
yaxshilash va barqarorligini taʼminlash choralarini koʻrish kabi vazifalardan
iborat.
Oʻzbekiston Respublikasi Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi yer
qarini oʻrganish, foydalanish va muhofaza qilish, shuningdek konchilik
munosabatlarini boshqarish borasida yagona davlat siyosatini amalga
oshiradi. Respublikaning mineral xom ashyo bazasini, birinchi navbatda yer
osti suvlari, qimmatbaho rangli, nodir, kamyob metallar va uranning
shuningdek, uglevodorod xom ashyosining yangi turlarini va ularning
konlarini tezkor izlash va hk. dan iborat.
Iqtisodiy va atrof-muhitga doir siyosatlarni birlashtirish mamlakatning
rivojlanish rejalarining asosiy maqsadi deb eʼlon qilingan. Biroq, atrof-
muhit degradatsiyasining iqtisodiy va ijtimoiy bahosi toʻlaligicha hali
chamalab chiqilmagan. Siyosatni ifoda etishdagi baʼzi ijobiy oʻzgarishlarga
qaramay, hanuz atrof-muhit borasidagi ustun vazifalarni asosiy iqtisodiy
rivojlanish rejalari, siyosat va dasturlarga samarali boʻlishi uchun
qoʻshimcha qilinadigan narsalar koʻp.
|