6.2. Organik qishloq xoʻjaligini rivojlantirish yoʻnalishlari
Keyingi yillarda dunyo boʻylab inson organizmi va atrof-muhit uchun
zararsiz boʻlgan organik mahsulotlarga talab oshib bormoqda. Shu bilan
birga, jahon bozorida mahsulotlarga qoʻyilgan sifat va xavfsizlik
talablarining tobora kuchayib borishi, respublikamizda yetishtirilayotgan
mahsulotlarning xalqaro bozorlardagi oʻrnini mustahkamlash uchun
qoʻshimcha choralar koʻrishni talab etmoqda. Shulardan kelib chiqib
126
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 18-maydagi PF-5995-
sonli farmoni bilan “Organik qishloq xoʻjaligi va organik oziq-ovqat
mahsulotlari ishlab chiqarishni rivojlantirish konsepsiyasi” ishlab
chiqilgan. Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 25-apreldagi “Organik
mahsulotlar toʻgʻrisida”gi OʻRQ-766-sonli qonunini qabul qilinishi
mamlakatimizda organik qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirishni
yanada kengaytirish uchun muhim meʼyoriy asos sifatida xizmat qiladi.
Bugungi kunda organik qishloq xoʻjaligi jahon trendi hisoblanadi.
Organik qishloq xoʻjaligi tadqiqotlari instituti (FiBL) maʼlumotlariga koʻra,
dunyoda 104 mamlakatdan organik qishloq xoʻjaligi boʻyich qonun qabul
qilingan boʻlib, 6 mamlakatda qonun ishlab chiqilgan. 1972-yilda Versal
shahrida Organik qishloq xoʻjaligi harakati Xalqaro Federatsiyasi (IFOAM)
tashkil qilindi. Bu federatsiyaga 100 ta mamlakatdan 750 ta tashkilot aʼzo
boʻlib kirgan. Kimyoviy mineral oʻgʻitlardan va boshqa kimyoviy
moddalardan muntazam foydalanish natijasida tuproqning biologik faolligi
va unumdorligi koʻrsatkichi salbiy tomonga qarab oʻzgarishiga sabab
boʻlmoqda. Shuningdek, tuproqda toʻplanib borayotgan kimyoviy
birikmalar oʻsimlik mahsulotlariga va undan inson organizmiga oʻtishi
natijasida ogʻir kasalliklarni keltirib chiqarishi, yurak-qon tomir tizimi
buzilishi, inson va hayvonlar nasliga salbiy taʼsir etishi aniqlangan. Qishloq
xoʻjaligi ishlab chiqarishida foydalaniladigan pestitsidlar, mineral oʻgʻitlar,
defoliantlar va boshqa kimyoviy birikmalarning atrof-muhitga, iqtisodiy,
ekologik va sotsial muhitga ham taʼsiri bor. Organik mahsulot bu —
Xalqaro standartlarga toʻliq javob beradigan, tarkibida zaharli moddalarning
ruxsat etilgan konsentratsiyasidan koʻp boʻlmagan (nitratlar, zaharli tuzlar,
ogʻir metallar, pestitsidlar) mahsulotlardir.
Ekologik sof mahsulotlar yetishtirishda asosiy masala qishloq xoʻjalik
ekinlari yetishtiriladigan maydonlar tuproqlarning va foydalaniladigan
suvning ekologik holatidir. Organik qishloq xoʻjaligining asosiy
yoʻnalishlari:
- qonun va qarorlar;
- standartlar;
- organik qishloq xoʻjaligi boʻyicha faoliyat koʻrsatayotgan
tashkilotlar;
- sertifikatlash;
- eksport;
Organik dehqonchilik - bu tabiiy jarayonlar asosida dehqonchilik
yuritishdir. Yerga koʻproq organik oʻgʻitlar solish. Shudgorlashni
oʻtmishdan ekin va ekin turlariga bogʻliq xolda amalga oshirish. Koʻkat
127
oʻgʻitlardan keng foydalanish. Tuproqning suv-fizik xossalarini yaxshilab
borish (chuqur yumshatish, tuproq qatlamlari boʻyicha har xil chuqurlikka
organik moddalar solish, organik chiqindilar bilan yer ustini mulchalash).
Ekinlarni sugʻorishda ilmiy asoslangan sugʻorish tartiblaridan foydalanish,
sugʻorish usullari va elementlarini toʻgʻri tanlash. Tuproqda foydali
mikroorganizmlarni koʻpaytirish (somon, goʻng, barglar va boshqa organik
chiqindilarni kompost qilish). Mineral oʻgʻitlardan ilmiy asosda foydalanish
yoki butunlay foydalanmaslik. Pestitsidlar, stimulyatorlar va GMO dan
foydalanmaslik. Yerning tup qatlamlaridagi mineral ozuqa moddalarini
oʻsimlik ildizi tarqalgan qatlamga mobilizatsiya qilish. Ekinlarning eng
sifatli elita urugʻlarini ekish. Shuningdek, ISO 9001, ISO 13485, ISO
22000, GLOBAL G.A.P., Global Aquaculture Alliance, ORGANIC,
GRMS, SQF 2000, ISO 14001, OHSAS 18001, GMP, ISO 22716, ISO
14971 xalqaro standartlarga mos boʻlishi kerak.
Mazkur vazifalardan kelib chiqib, respublikamizda organik qishloq
xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirishning nazariy-uslubiy asoslari hamda
tashkiliy-iqtisodiy mexanizmlarini chuqur tadqiq etish, bu boradagi ilgʻor
xorijiy mamlakatlar tajribasini oʻrganish zarurati ortib bormoqda.
Organik qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqarishning nazariy-
uslubiy asoslari yuzasidan bir qator xalqaro tashkilotlar, milliy va xorijlik
olimlar tadqiqotlar olib borishgan. Jumladan BMT Oziq-ovqat va qishloq
xoʻjaligi tashkiloti (FAO), Organik qishloq xoʻjaligi harakati Xalqaro
Federatsiyasi (IFOAM), Organik qishloq xoʻjaligi ilmiy tadqiqot instituti
(FiBL), Urs Niggli, Jane Earley, Kevin Ogorzalek, Ilka Gomes, Liza Tivant,
A.Yu.Yegorov, A.V.Peshkova, S.A.Xaritonov, V.V.Grigorchuk, va boshqa
tadqiqotchilarni keltirish mumkin.
Tadqiqotlarga koʻra organik qishloq xoʻjaligi tushunchasiga turlicha
ilmiy yondashuvlar mavjud. Jumladan, BMT Oziq-ovqat va qishloq
xoʻjaligi tashkiloti (FAO) taʼrifiga koʻra “Organik qishloq xoʻjaligi ishlab
chiqarishni yaxlit boshqaruv tizimini oʻz ichiga olib, agro-ekotizim
doirasida salomatlikni mustahkamlash va biologik xilma-xillikni
rivojlantirishga yordam beradi (FAO/WHO Komissiyasi “Alimentarius
Kodeksi”, 2007-y.). Bu tizim tabiiy resurslardan (mineral va oʻsimlik
mahsulotlari) foydalanishni ragʻbatlantirib, sunʼiy oʻgʻitlar va
pestitsidlardan foydalanishni inkor etadi”. A.V.Peshkovaning fikricha
“organik qishloq xoʻjaligi — bu ishlab chiqarishning texnologik zanjiri
boʻlib, unda xomashyoni tayyorlashdan tortib, toki yakuniy mahsulot
tayyorlashgacha boʻlgan jarayonlar ekologik standart talablariga mos
kelishi joiz”. S.A.Xaritonovning taʼkidlashicha “organik, yaʼni inson
128
organizmi uchun zararsiz qishloq xoʻjaligi mahsuloti ishlab chiqarishga
taʼrif berishga koʻp yondashuvlar mavjud. U yoki bu terminni qoʻllash
maqsaddan kelib chiqadi. Organik qishloq xoʻjaligiga xos boʻlgan asosiy
xususiyatlar – bu ishlab chiqariladigan mahsulotning tabiiyligi va ekologik
jihatdan tozaligidir”. M.G.Kolegovga koʻra “Organik qishloq xoʻjaligi agrar
ishlab chiqarishni barqaror rivojlantirish imkonini beruvchi usul boʻlib, u
barqaror rivojlanish maqsadlarining uchta talabiga mos keladi: iqtisodiy
barqarorlik; ekologik barqarorlik va ijtimoiy barqarorlik”. A.Yu.Yegorovni
fikricha “organik oziq-ovqat — bu texnogen oʻgʻitlar, pestitsidlardan
foydalanilmaydigan dehqonchilik tizimining mahsulotidir”.
Yuqorida keltirilganlardan maʼlumki, “organik qishloq xoʻjaligi”
terminining iqtisodiy mohiyatini talqin etishga turlicha yondashuvlar
uchrasada, ularning mazmuni asosida inson organizmiga zarar
keltirmaydigan ekologik toza va tabiiy mahsulotni ishlab chiqarish yotadi.
Tahlillarga koʻra, bugungi kunda agrooziq-ovqat bozorlari uch xil
yoʻnalishda rivojlanib bormoqda (6.1-rasm).
|