|
Rostlagich quyidagicha ishlaydi
|
bet | 12/14 | Sana | 20.02.2024 | Hajmi | 0,73 Mb. | | #159601 |
Bog'liq 3-Maruza (1)Rostlagich quyidagicha ishlaydi: generator kuchlanishi belgilangan rostlanish qiymatidan kam bo‘lganda stabilitron VD1 va tranzistorlar VT1 , VT2 yopiq bo‘ladi, qo‘shma tranzistor VT3-VT4 esa ochiq bo‘ladi va uning emitter-kollektor o‘tish joyidan uyg‘otish chulg‘amiga tok o‘tadi. Generator kuchlanishi belgilangan qiymatga yetishi bilan stabilitron VD1, tranzistorlar VT1 va VT2 ochiladi. Qo‘shma tranzistor VT3-VT4 ning emitter-baza o‘tish joyi VT2 tranzistorning emitter-kollektor o‘tish joyi tomondan shuntlanadi va u yopiladi. Natijada uyg‘otish toki zanjiri uziladi. Rostlagich sxemasida bikir teskari aloqa rezistori R2 ko‘zda tutilgan. Qo‘shma tranzistor VT3-VT4 ning ochilishi bilan R2 qarshilik R4 qarshilikga parallel ulanib qolishi natijasida stabilitron VD1 dagi kuchlanish keskin ortadi va u ochiladi. Bu esa tezkor ravishda VT1, VT2 tranzistorlarni ochilishi, VT3-VT4 qo‘shma tranzistorni yopilishi va R2 qarshilik zanjirni uzilishiga olib keladi. Stabilitron VD1 dagi kuchlanish keskin kamayadi va u yopiladi. Natijada VT1, VT2 tranzistorlar ham yopiladi, VT3-VT4 qo‘shma tranzistor esa ochiladi. Shunday qilib, teskari aloqa tranzistori R2 sxemadagi tranzistorlarni ochilib-yopilishini tezlatadi.
C1 kondensator generator kuchlanishi impulslarini silliqlaydi va ularni rostlagich ishiga ta’sirini istisno qiladi. VT5 tranzistor C2 kondensator va R12 rezistor bilan birgalikda rostlagichda egiluvchan teskari aloqani amalga oshiradi, ya’ni VT2, VT3- VT4 tranzistorlarni ochilib-yopilishini tezlatadi. Qo‘shma tranzistor VT3-VT4 ni yopilishi uning kollektoridagi potentsialni keskin kamayishiga olib keladi. Natijada VT5 tranzistorning emitter-baza o‘tish joyi - R12 tranzistor - C2 kondensatordan iborat zanjir orqali tok o‘ta boshlaydi va VT5 tranzistor ochiladi. Bu VT2 tranzistorni tezkor ochilishi natijasida qo‘shma tranzistor VT3-VT4 ni yopilishini tezlatadi. VT3-VT4 tranzistor yopiq bo‘lganda, VT5 tranzistor ham yopiladi va C2 kondensator razryadlanib VT2 tranzistorini yopilishi, qo‘shma tranzistor VT3-VT4 ni esa ochilishini tezlatadi.
Bundan tashqari VT5 tranzistordan tuzilgan sxema avariya rejimida VT3-VT4 tranzistorini kuyishdan saqlaydi. Uyg‘otish chulg‘amidagi qisqa tutashuv VT3-VT4 tranzistori kollektoridagi potensialni o‘zgarishiga olib keladi. C2 kondensatorining zaryad toki VT5 va VT2 tranzistorlarni ochadi. Bunda VT3-VT4 qo‘shma tranzistori yopiladi. C2 kondensator zaryadlanib bo‘lgandan so‘ng uning zanjiridagi tok yo‘qoladi va VT5, VT2 tranzistorlar yopilib, VT3-VT4 tranzistor ochiladi. Bu jarayon davriy ravishda davom etadi va VT3-VT4 tranzistor avtotebranish rejimiga o‘tadi. Bu jarayonda qo‘shma tranzistor VT3-VT4 orqali o‘tayotgan tokning o‘rtacha miqdori katta bo‘lmaydi va unga zarar yetkazmaydi.
VD3 diod rostlagich sxemasida so‘ndirgich diod vazifasini bajaradi. VD4 diod rostlagichni tok manbai kuchlanishining teskari qutbli impulslaridan himoya qiladi. Sxemadagi qolgan elementlar rostlagichdagi yarim o‘tkazgichli asboblarni me’yorida ishlashini ta’minlash uchun xizmat qiladi.
Elektron rostlagichlarning keyingi taraqqiyoti natijasida mikroelektronika elementlari ishlatilgan integral rostlagichlar ishlab chiqildi. Integral rostlagichlarning o‘lchamlarini (38*58*12 mm) va massasini (50 g) juda kichikligi , temperaturaga chidamlilik darajasi nisbatan yuqori bo‘lganligi tufayli, ularni to‘g‘ridan-to‘g‘ri generatorning ichki qismiga (ba’zi generatorlarda cho‘tkatutqichga) joy- lashtirish imkoniyatini beradi.
Hozirgi vaqtda ikki turdagi integral rostlagichlar chiqarilmoqda: 14 V ga mo‘ljallangan YA-112 va 28 V ga- YA-120. Ularning gabarit o‘lchamlari va massasi PP-350 rostlagichga nisbatan 14-24 marta kichik, temperaturaga chidamliligi esa 1,6 marta yuqori. YA-112A rusumidagi rostlagichlar "Moskvich", VAZ-2105, 2107 yengil avtomobillarida va PAZ, LAZ avtobuslarida o‘rnatilgan. UzDEUavto qo‘shma korxonasining chiqarayotgan avtomobillarida ham integral rostlagichlar ishlatilgan (1.17-d rasmga qarang).
YA-112A rostlagichi (1.33-rasm) integral rostlash elementi 2 va folgalangan getinaksdan yasalgan chiqish qisqichlari 4 o‘rnatilgan metall asos 1 dan iborat. Integral rostlash elementi tarkibiga plyonkali qarshiliklar bloki 3, yarim o‘tkazgich asboblar (tranzistorlar, diodlar, stabilitron) bloki 5 va kondensator 6 kiradi. Bloklar issiqlik o‘tkazuvchanlik qobiliyati katta bo‘lgan keramik plastinalardan iborat bo‘lib, ularga qobiqsiz tranzistorlar, diodlar, stabilitron payvadlangan va qalin ple
nka ko‘rinishidagi qarshiliklar yopishtirilgan. Rostlash elementi qopqoq 9 bilan yopilib, asos 1 ga yelimlanadi va teshik 8 orqali maxsus germetik pasta quyiladi. Asosning turtib chiqqan joyi 7 rostlagichni cho‘tka tutqichga to‘g‘ri o‘rnatilishini ta’minlaydi. Integral rostlagichlar qismlarga ajratilmaydi va ta’mirlanmaydi.
Avtomobil generatorlarini ishlab chiqarish bo‘yicha ixtisoslashgan dunyoning Bosch (Germaniya), Valeo (Frantsiya), Magneti Marelli (Italiya), Delco Remi (AQSH), Mitsubishi (Yaponiya) va boshqa yetakchi firmalar tomonidan oxirgi yillarda jahon bozoriga chiqarilgan zamonaviy generatorlarda aksariyat hollarda kuchlanish rostlagichi va cho‘tkatutqich bir yaxlit qobiqga joylashtirilmoqda. Mitsubishi (Yaponiya) firmasining ba’zi generatorlarda to‘g‘rilagich bloki, kuchlanish rostlagichi va cho‘tkatutqich bir konstruktiv tugunga birlashtirilgan. 1.34-rasmda Magneti Marelli (Italiya) firmasining AA125R generatorining kuchlanish rostlagichi-cho‘tkatutqiqich tuguni keltirilgan.
YA-112A rostlagichda n-p-n turdagi tranzistorlar ishlatilgan va chiqish bosqichida 201.3702 rostlagichlaridagi kabi qo‘sh tranzistor sxemasi qo‘llanilgan.
|
| |