|
Elektromagnit kuchlanish rostlagichlari
|
bet | 5/14 | Sana | 20.02.2024 | Hajmi | 0,73 Mb. | | #159601 |
Bog'liq 3-Maruza (1)1.3.2. Elektromagnit kuchlanish rostlagichlari
Rus artilleriya ofitseri M.I.Karmanov tomonidan 1881 yilda taklif qilingan elektromagnit (vibrasiyali) kuchlanish rostlagichlari asosan o‘zgarmas tok generatorlari bilan ishlatilgan. Elektr ta’minot tizimida o‘zgaruvchan tok generatorlariga o‘tilishi bilan ishonchliligi va ishlash muddati yuqori bo‘lgan elektron kuchlanish rostlagichlar elektromagnitli rostlagichlarni toboro siqib chiqarmoqda. Elektromagnitli rostlagichlar tuzilishining soddaligi va nisbatan arzonligi tufayli hozirgi kunda ham ba’zi yengil avtomobillarida (VAZ-2101…VAZ-2106) tatbiq topmoqda.
Elektromagnitli kuchlanish rostlagichining sxemasi 1.23-rasmda berilgan. Uning magnit tizimi U shaklidagi yarmo 8, chulg‘am 7 o‘ralgan o‘zak 3 va yakorcha 4 dan iborat. O‘zak, yarmo va yakorcha yuqori magnit o‘tkazuvchanlik xususiyatiga ega bo‘lgan kam uglerodli po‘latlardan tayyorlangan. Chulg‘am 7 generatorning to‘la kuchlanishiga ulangan. Prujina 6 yakorcha 4 ni tortib, kontaktlar 2 ni tutash holda ushlab turadi. Rostlagichning volframdan tayyorlangan kontaktlari 2 yakorcha va yarmo orqali generatorning uyg‘otish chulg‘ami UCH zanjiriga ketma-ket ulangan. Kontaktlarning biri yakorcha 4 ga, ikkinchisi esa qo‘zg‘almas plastina 1 ga mahkamlangan. Kontaktlarga parallel, uyg‘otish chulg‘amiga esa ketma-ket qo‘shimcha qarshilik Rq ulangan. Yakorcha 4 termobimetall plastina (TBP) 5 ga joylashtirilgan. Elektromagnit kuchlanish rostlagichlarida etalon kattalik vazifasini prujina 6 ning tortish kuchi, o‘lchov elementi vazifasini esa generator ishlab chiqqan kuchlanishdan ta’sirlanuvchi rostlagichning chulg‘ami 7 bajaradi.
Rostlagichning ishlash prinsipi . O‘t oldirish kaliti O‘OK ulanganda tok akkumulatorlar batareyasidan tutash kontaktlar 2, yakorcha 4, yarmo 8, ya’ni qarshiligi kam bo‘lgan zanjir orqali uyg‘otish chulg‘amiga keladi va uning atrofida magnit maydonni hosil qiladi. Ayni vaqtda tok elektromagnitning chulg‘ami 7 ga ham keladi va o‘zak 3 ni magnitlaydi. Generatorning kuchlanishi UG belgilangan rostlanish kuchlanishi UR dan kam bo‘lganda (UG < UR), prujina 6 kontaktlar 2 ni tutash holda ushlab turadi, chunki o‘zak 3 da hosil bo‘lgan magnit maydonining yakorni tortish kuchi prujinani tortish kuchidan kam bo‘ladi. Rotorning aylanishlar chastotasi ortishi bilan generatorning kuchlanishi ham o‘sib boradi. Generator kuchlanishining ortishi rostlagichning chulg‘ami 7 dagi tok kuchini ham ortishiga va o‘zak 3 ni kuchli magnitlanishiga olib keladi. Bu jarayon davom etib, generator kuchlanishi UG ning qiymati rostlanish kuchlanishi UR dan ( UG > UR ), ortgan, ya’ni o‘zak 3 magnit maydonining tortish kuchi prujina 6 ning tortish kuchidan ortgan vaqtda kontakt 2 uziladi.
Kontakt 2 uzilishi bilan generatorning uyg‘otish chulg‘ami zanjiriga ketma-ket qo‘shimcha qarshilik Rq ulanadi, natijada uyg‘otish chulg‘amidan o‘tayotgan tok miqdori keskin kamayadi. Bu esa o‘z navbatida, uyg‘otish chulg‘ami atrofidagi magnit oqimining susayishiga va generatorning stator chulg‘amlarida induksiyalanayotgan EYUK qiymati, demak kuchlanishning taxminan 0,1-0,4 V ga kamayishiga olib keladi. Generator kuchlanishining pasayishi bilan rostlagich chulg‘ami 7 dan o‘tayotgan tok va o‘zak 3 dagi magnit maydonning tortish kuchi kamayadi va natijada prujina 6 ning tortish kuchi ta’sirida rostlagich kontaktlari yana tutashadi. Tok uyg‘otish chulg‘amiga yana qarshiligi kam bo‘lgan zanjir, ya’ni yakorcha va yarmo orqali uzatiladi, uyg‘otish chulg‘amidan o‘tayotgan tok ortadi, uning atrofida hosil bo‘layotgan magnit oqim kuchayadi va, demak, generatorning kuchlanishi yana o‘sadi. Generator kuchlanishining o‘sishi rostlagich chulg‘amidan o‘tayotgan tok kuchini oshiradi, o‘zakning magnitlanishi kuchayadi va u yana yakorchani o‘ziga tortib, kontaktlarni uzadi. Shunday qilib, elektromagnit rostlagich ishlayotganda uning kontaktlari davriy ravishda tutashib-uzilib turadi va rotorning aylanishlar chastotasiga bog‘liq holda, uyg‘otish tokining qiymatini o‘zgartirib turadi. Generatorning kuchlanishi esa o‘zining o‘rtacha qiymati atrofida o‘zgaradi (1.23-b rasm).
.
Agar kontaktlarning tutashish-uzilish chastotasi bir sekundda 30 martadan kam bo‘lmasa, kuchlanishning tebranishi amalda sezilmaydi va u belgilangan o‘zgarmas qiymatga ega degan tasavvur hosil qilsa bo‘ladi.
Generator kuchlanishining o‘rtacha qiymati Uo‘rt ni kontaktlarning uzilish sharti, ya’ni o‘zakning magnit kuchi Fm bilan, prujinaning tortish kuchi Fpr larning tengligi asosida aniqlash mumkin:
|
| |