|
ADABIYOT O‘QITISH METODIKASINING UMUMNAZARIY MASALALARI
|
bet | 2/12 | Sana | 17.05.2024 | Hajmi | 53,01 Kb. | | #240518 |
Bog'liq Anvar Obidjon , sattorova madina 303-guruh1.ADABIYOT O‘QITISH METODIKASINING UMUMNAZARIY MASALALARI
Badiiy adabiyotning muhim xususiyatlari. O‘zbek adabiyotini o‘qitish metodikasi xususida fikr yuritishga kirishishdan oldin “badiiy adabiyot”, “badiiy asar” tushunchalarini idrok etish zarur bo‘ladi. Ilmda “badiiy asar”, “adabiy asar”, “adabiyot”, “badiiy adabiyot” tarzida terminlari teng qo‘llanilib kelinadi. Badiiylik va estetik talablarga javob bera oladigan ijod va uning mahsuli,-deb izohlanadi. “Badiiy” so‘ziga esa voqelikni nafis san’at vositalari, usullari, obrazlari orqali ifoda etuvchi; tasvirlovchi4,-deb izoh berilgan.
Abdurauf Fitrat o‘zining 1926-yilda yaratgan “Adabiyot qoidalari” qo‘llanmasida: “...adabiyot – fikr, tuyg‘ularimizdagi to‘lqunlarni so‘zlar, gaplar yordami bilan tasvir qilib, boshqalarda ham shu to‘lqunlarni yaratmoqdir. Shu bilan yozilg‘an asarlarga adabiy asar deyiladi5”,-deya izoh beradi.
Jahonga mashhur yozuvchi Chingiz Aytmatov: “Badiiy asar odamning odam haqidagi hikoyasidir”,- deydi. Madaniyat, san’at va adabiyot haqidagi ilmiy asarlar, lug‘atlar, qomuslarda ushbu tushuncha to‘g‘risida qayta-qayta to‘xtalingan. Ularda badiiy asar atamasi turli mutaxassislar tomonidan, ba’zan bir-birini inkor qiladigan yo‘sinda, turlicha izohlangan. Chunki izohlayotgan kishi tomonidan qanday ma’no yuklanishiga qarab, ushbu tushuncha turli miqyos va ko‘lam kasb etadi6.
D.Quronov, Z.Mamajonov, M.Sheralieva “Adabiyotshunoslik lug‘ati”da “badiiy asar” tushunchasiga “...adabiyot va san’atning voqe bo‘lish va yashash shakli, yaxlitlik kasb etgan obrazlar tizimi, badiiy muloqot vositasi”7 tarzida ta’rif berilib, uning keng va tor ma’nolari borligini ta’kidlaydilar . “Keng ma’noda badiiy asar san’atning u yoki bu turi (musiqa, rassomlik, haykaltaroshlik, kino, teatr va h.)ga mansub bo‘lgan, insonning go‘zallik qonuniyatlari asosidagi ijodiy-ruhiy faoliyati mahsuli sifatida yaralgan yangi mavjudlikni anglatadi... tor ma’nosida badiiy adabiyotga mansub bo‘lgan “adabiy badiiy asarni” bildiradi”,- degan qarashni8 ilgari suradilar.
“Adabiyotshunoslik lug‘ati”da “adabiy badiiy asar” tushunchasiga alohida va mustaqil ilmiy kategoriya tarzida yondashilgan. Mualliflar asosli ravishda “adabiy asar”ning “adabiy badiiy asar”ga nisbatan kengroq ma’noga ega bo‘lib, adabiyotga doir barcha bitiklarni anglatishi, “adabiy badiiy asar” esa obrazlilik xususiyatiga ega bo‘lgan sof badiiy asarlarni bildirishini ko‘zda tutishgan.
Badiiy asar ma’lum hissiy va fikriy mazmun hamda qarashlarning obrazli va estetik qimmatga ega yo‘sindagi ifodasidir. Badiiy asarni “olam haqida yozuvchi tomonidan aytilgan so‘z” yoki bo‘lmasa, “badiiy iqtidorga ega odamning atrof olamga munosabati” tarzida izohlash ham mumkin. Shu qarashdan kelib chiqilganda, badiiy asarni ob’ektiv borliqning sub’ektiv ifodasi deyish mumkin. Biroq, “ifoda”ni voqelikning ko‘zgudagi singari jo‘n aksi yoki borliqdan mexanik nusxa ko‘chirish tarzida tushunish aslo mumkin emasligi yodda tutilishi zarur.
Ijtimoiy ongning o‘zga turlaridan farqli o‘laroq, san’at va adabiyotda hayot timsol (obraz)lar orqali aks ettiriladi, ya’ni badiiy yaratiqda shunday konkret va betakror narsa-hodisalar tasvirlanadiki, umumlashtirish xususiyati aynan ularning konkretlik va betakrorligida mavjud bo‘ladi. Mantiqiy tushunchadan farq qilib, badiiy obraz tafakkur bilan birga sezimlarga ham ta’sir ko‘rsatish xususiyati va qudratli hissiy-kechinmaviy ishontirish kuchiga ham egadir. Obrazlilik san’atga tegishli ekaniga ko‘ra ham, yuksak mahorat natijasi o‘laroq ham badiiylikning asosidir. Ayni obrazlilik xususiyatiga ega ekani bois badiiy asarlar estetik fazilat va qimmat kasb etadi.
Aytilganlardan kelib chiqqan holda estetik maqsadga yo‘naltirilib, obrazlar vositasida kishi ruhiyati va tafakkuriga ta’sir ko‘rsata oladigan, muayyan mantiqiy tugallik hamda badiiy o‘ziga xoslikka ega teran mazmun va ta’sirchan shakldan iborat yaratiq badiiy asar deyiladi tarzida ta’rif berish mumkin9.
Ma’lumki, badiiy asar, bu o‘rinda “adabiy-badiiy asar” nazarda tutiladi va qulaylik uchun o‘rni bilan “badiiy asar”, “adabiy asar”, “adabiyot”, “badiiy adabiyot” tarzida aralash qo‘llanilaveriladi, ob’ektiv ravishda muayyan vazifa bajaradi. Adabiy yaratiq o‘qiganlarning ongi, sezimi, tuyg‘usi, kayfiyati va ruhiyatiga ta’sir ko‘rsatishining o‘zi bilan muallifning xohish-ixtiyoridan qat’i nazar qandaydir vazifa (funksiya)larni ado etadi. Adabiyotning vazifadorlik xususiyati ijodkor tomonidan atay rejalashtirilishi ham, mutlaqo o‘ylanmagan holda, tabiiy ravishda yuzaga kelgan bo‘lishi ham mumkin. Bu masalaning mohiyatiga deyarli ta’sir qilmaydi. Bu haqda mashhur V. G. Belinskiy: “Poeziya o‘zidan tashqarida bo‘lgan hech bir maqsadni ko‘zlamaydi. Bilimdagi haqiqatdek, harakatdagi ezgulikdek uning o‘zi maqsaddir”10,- degandi. Lekin adabiyotning qudrati shundaki, mavjudligining o‘zi maqsad bo‘lgan badiiy yaratiq ayni shu borligining o‘zi bilan ob’ektiv ravishda muayyan vazifalarni bajaradi ham.
|
| |