|
Yozuvchi tarjimayi holini o‘rganishning innovatsion metodlari. Anvar Obidjon hayoti va ijodi
|
bet | 9/12 | Sana | 17.05.2024 | Hajmi | 53,01 Kb. | | #240518 |
Bog'liq Anvar Obidjon , sattorova madina 303-guruh2.Yozuvchi tarjimayi holini o‘rganishning innovatsion metodlari. Anvar Obidjon hayoti va ijodi.
Metodist olim S.Dolimov yozuvchilarning tarjimai hollarini o‘rganish xususida shunday fikr bildiradi: “Yozuvchining hayoti va ijodiy faoliyatini o‘rganish uning dunyoqarashini aniqlashga yordam beradi. Bu esa unga turli baho berish uchun zamin hozirlaydi”21. Yozuvchining tarjimai holini o‘rganish yozuvchi ovozini eshitishga, uning shaxsiyati, xarakteri va taqdirining o‘ziga xosligini ko‘rishga yordam beradi. Har bir adabiy asar o'z muallifining shaxsiyatini aks ettiradi, uning mualliflik pozitsiyasini ifodalaydi. O‘quvchilar uni o‘zlashtirmasdan turib, badiiy matnni ob‘ektiv tushunishga ega bo‘lmaydilar. Yozuvchining tarjimai holini o‘rganish o‘quvchilarda uning shaxsiga, ijodida aks etgan g‘oyaviy izlanishlariga qiziqish uyg‘otishi kerak. Yozuvchining tarjimai holi muayyan ijodkorning tuyg‘u va o‘ylaridagi o‘ziga xosliklarni izohlash va shu orqali badiiy matn tahlilini teranlashtirish maqsadida o‘rganiladi.
Adabiy ta’limida yozuvchilar umrbayonini o‘rganishda shaxsiyatda ro‘y beragan tadrijga alohida e’tibor qaratish zarur. Har qanday yozuvchi ham istalgan bir odam kabi insoniy va ijodiy umri davomida muayyan evolyutsiyani boshidan kechiradi, ma’lum sabablarga ko‘ra qarash va yondashuvlarida evrilishlar sodir bo‘ladi. Adabiyot o‘qitish jarayonida ana shu tadrijiylikka alohida e’tibor qaratish zarur. Adib u xoh shoir bo‘lsin, xoh yozuvchi, avvalo, o‘z davrining farzandi. Mavjud ijtimoiy muhit, siyosiy vaziyat u yoki bu darajada ijodkorning hayot yo‘liga, ijod mahsuliga o‘z taa’sirini o‘tkazadi. Adabiyot o‘qituvchisi yozuvchi tarjimai holini o‘rganishda xolislik, shaffoflik, davrni inobatga olish, tanqidiy yondashuv kabi tamoyillarga amal qilishi lozim bo‘ladi.
Ijodkorning hayot va ijod yo‘lini o‘rgatishda adabiy ta’lim ikki maqsadni ko‘zda tutadi. Birinchidan, adiblar millatning diqqat e’tiborida turgan iste’dodli va o‘ziga xos kishilar bo‘lgani uchun ularning shaxsiy hayoti va tabiati o‘quvchilar uchun qiziqarlidir. Ijodkorlar shaxsiyatida bolalarga namuna bo‘ladigan jihatlar ko‘p ekanligi tabiiy. Binobarin, yozuvchi shaxsiyatiga xos jihatlar o‘quvchilar uchun ma’naviy namuna maktabi sifatida ahamiyatli. Ikkinchidan, adiblarning tabiati, insoniy sa’jiyasi, bosib o‘tgan hayot yo‘li ularning maktabda o‘rgatiladigan asarlarida o‘z nuqsini qoldirgan. Binobarin, ijodkorlarning hayot va ijod yo‘llari hamda shaxsiyatlari borasidagi ma’lumotlar ularning asarlarini tushunishga kalit,u yoki bu personajning tasvir yo‘sinini izohlash, yozuvchi uslubiga xos jihatlarni aniqlash omili hamdir22.
Didaktik tahlil ko‘pincha maktabda o‘rgatiladigan badiiy asarlardan hayotiy va badiiy xulosalar chiqarishni taqozo qiladi. Badiiy matnni to‘g‘ri tushunish, uning turli jihatlari yuzasidan asosli to‘xtamga kelish uchun, avval, yozuvchining inson va ijodkor sifatidagi pozitsiyasini anglash kerak bo‘ladi. Buning uchun esa ijodkorning hayot hodisalari, insonlararo munosabatlar va ijtimoiy voqelikka munosabat yo‘sini bilan tanish bo‘lish talab etiladi. Buning uchun esa yozuvchining umr yo‘lidan xabardor bo‘lish kerak. Shundagina u yoki bu hayotiy hodisaga adibning munosabati va uning asardagi tasviriga to‘g‘ri izoh beriladi. Buning uchun yozuvchining shaxsiyati, uning umryo‘li o‘quvchilarda qiziqish uyg‘otishi, munosabat paydo qilishi lozim. Bunga erishmoq uchun esa ijodkor umryo‘lidagi eng xarakterli jihatlarni o‘rinli taqdim eta bilish kerak bo‘ladi.
Shuni aytish kerakki, maktab adabiy ta’limida yozuvchi biografiyasiga tegishli ma’lumotlar, ma’lum darajada, boshlang‘ich sinflarda ham beriladi. Ammo boshlang‘ich sinf va o‘rta maktabning birinchi bo‘g‘ini (5-8- sinflar)dagi o‘quvchilarning ijodkor tarjimai holini o‘rganish jarayoni, o‘spirinlarga adib umrbayonini yuqori sinfda o‘rgatishdan jiddiy farq qiladi.
Jumladan, boshlang‘ich sinf o‘quvchilari badiiy asar bilan uning yaratuvchilari orasidagi bog‘liqlikni deyarli payqamaydilar. Binobarin, kichik o‘quvchilarga ijodkorlarning hayot yo‘li haqida alohida ma’lumotlar berib o‘tirish hech qanday samara keltirmaydi. Bu yoshdagi o‘quvchilar berilgan ma’lumotlarni o‘zlashtirib olishlari mumkin, lekin ularni na adib shaxsiyati va na uning asarlari bilan bog‘lay oladilar.
Majburiy ta’limning 5-8- sinflarida ijodkor umrbayonini o‘rgatishga ma’rifiy xabardorlik maqsadidan ko‘ra ma’naviy-axloqiy namuna, o‘rnak tarzida taqdim etish ustuvor bo‘lishi kerak. Negaki, bu yoshdagi o‘quvchilarda har qanday boshqa shaxsga, ayniqsa, mashhur kishilarga doir ma’naviy-axloqiy sifatlarga maksimal darajada talabchanlik bilan yondashish xos bo‘ladi. O‘smirlar o‘z shaxsiyatlaridagi kamchiliklarni ko‘rishga urinmaganliklari holda, o‘zgalarga o‘ta talabchanlik bilan yondashib, ulardagi nuqsonlarni kechirmaslikka moyil bo‘ladilar. Ayni vaqtda, o‘smir yoshdagi o‘quvchilar mashhur kishilardagi fidoyilik, jasorat, mardlik kabi ezgu fazilatlarga ergashuvchan bo‘ladilar ham. Ayni shu yoshda o‘rganiladigan badiiy asarlarning estetik qudrati bilan uning ijodkori shaxsiyatidagi ma’naviy kuch o‘rtasidagi uzviylik, uzluksizlik o‘quvchilar shaxsiyati shakllanishida hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ladi. Bu davrda yozuvchilarning umryo‘li alohida vaqtda alohida mavzu sifatida muntazam va tizimli o‘rganilmay, balki o‘rganilajak asarga kirish, so‘zboshi yoxud tahlil asnosida ijodkor shaxsiyatiga doir ma’lumotlardan foydalanish shaklida amalga oshirilsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Adabiyot o‘qitishdagi har qanday boshqa tadbir singari, ijodkor tarjimai holini o‘rgatishda ham o‘quvchilarning yosh xususiyatlari va ruhiy taraqqiyotlaridagi o‘ziga xosliklarning aniq hisobga olinishi kutilgan pedagogik samarani beradi. Umuman, barcha metodistlar bu borada bir fikrda bo‘lsalarda, yozuvchi tarjimai holini o‘rgatishda o‘quvchilarning yosh va ruhiy darajalari qanday hisobga olinishi kerakligi, ya’ni masalaning ilmiy-nazariy qo‘yilishidan tashqari, uning tashkiliy-amaliy jihatlari qanday bo‘lishi lozimligi borasida fikrlar umumiyligiga erishilmagan, ya’ni bu borada turlicha yondashuvlar mavjud.
S. Dolimov o‘tgan asrning o‘rtalaridayoq adabiyot o‘qitishdagi har qanday tadbir kabi, adib umrbayonini o‘rgatish ham o‘quvchilarning yosh va ruhiy xususiyatlariga muvofiq tarzda uyushtirilgandagina ko‘zlangan natijaga olib kelishi mumkinligini o‘rinli ko‘rsatadi: “V-VIII sinflarda yozuvchining tarjimai holi ilmiy biografiya tarzida emas, balki hikoyaga yaqin uslubda bayon qilinadi”23. Majburiy ta’lim muassasalari adabiyot o‘qitish amaliyotida ulkan metodistning ushbu qarashlari hozirga qadar ham e’tiborga olinmayotgani achinarli holdir. Mamlakatimizdagi barcha maktablarning deyarli hamma o‘qituvchilari hali-hamon yozuvchi tarjimai holini barcha sinflarda ilmiy biografiya yo‘sinida bayon etib, buning uchun alohida bir o‘quv soati sarflashmoqda. Holbuki, buning mutlaqo samarasiz ish ekanligi S. Dolimov tomonidan yarim asr oldin aytib qo‘yilgan edi.
O‘rta maktabning 5-8- sinflarida saboq olayotgan o‘quvchilar hali badiiy asar bilan unda aks ettirilgan ijtimoiy hayotning, ijodkor shaxsiyati va iste’dodi yo‘nalishi bilan u o‘sib voyaga yetgan muhitning bog‘liqlik darajasini yetarlicha teran tushunmaydilar. Buning ustiga, ular adib shaxsiyatiga xos jihatlarning badiiy asarda qanday aks etganligini ham to‘liq anglab yetmaydilar. Shu sababdan ham bu sinflarda yozuvchilar haqida o‘quvchilarda eng umumiy tasavvur uyg‘otish bilan kifoyalanish maqsadga muvofiqdir. Shundan kelib chiqib, ta’kidlash joizki, bu sinflarda o‘qituvchi ijodkorning hayot yo‘liga doir “Adabiyot” darsliklarida taqdim etilgan ma’lumotlarni o‘tish uchun alohida vaqt sarflamasligi kerak. Negaki, bu sinflar dasturida yozuvchilarning tarjimai holini o‘rgatish uchun vaqt ajratish ko‘zda tutilmagan va aytilganidek, bunday qilish deyarli hech qanday didaktik natija bermaydi ham. Darslikdagi ma’lumotlar esa, faqat o‘quvchilarning xabardor bo‘lishlari uchun berilgan.
To‘g‘ri, bu sinflardagi o‘quvchilar ham ijodkorlar shaxsiyatiga doir qiziqarli ma’lumotlarni bilib qo‘yishlari zarar qilmaydi. Lekin buning uchun darsliklarda berilgan ma’lumotlar bilan xohlagan o‘quvchilarning o‘zlari mustaqil tanishib chiqishlari lozim va buni tushuntirish uchun o‘qituvchi alohida vaqt sarflashi kerak emas. Masalaning “xohlagan o‘quvchilarning” tarzida qo‘yilishining o‘zi bu tadbirda ixtiyorlik bosh o‘lchov bo‘lishini anglatadi. Ya’ni xohlamagan o‘quvchilar bu ma’lumotlar bilan mutlaqo tanishmasliklari mumkin va buning uchun ular jazolanmaydilar. Agar adabiyot muallimi muayyan ijodkorning umr yo‘li haqida “Adabiyot” darsligida aytilmagan, lekin o‘rganilajak asarini tushunish uchun juda ham zarur bo‘ladigan qandaydir ma’lumotlarga ega bo‘lsa, uni bayon etishga bir necha daqiqagina vaqt sarflashi mumkin. Yozuvchining darslikda berilgan umrbayoniga doir qolgan ma’lumotlar bilan tanishish-tanishmaslik o‘quvchilarning o‘z istaklariga bog‘liq bo‘lishi kerak.
5-7-sinflarda dars beradigan adabiyot o‘qituvchilari darsliklardagi ma’lumotlar o‘quvchilar uchun qo‘shimcha material sifatidagina berilgani va ularni izohlash shart emasligini yodda tutishlari kerak. Holbuki, maktab amaliyotida barcha sinflarda har bir ijodkor hayot yo‘lini o‘rgatishga bir soatdan vaqt sarflanadiki, bunga mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Adabiyot o‘qituvchisi bu sinflarda ijodkorlarning hayot yo‘li haqida darsliklarda berilgan ma’lumotlardan o‘quvchilarning mustaqil o‘qishlari qandayligini aniqlash maqsadida foydalanish maqsadga muvofiq ekanini ko‘zda tutishi kerak. Chunonchi, o‘qituvchi biror o‘quvchining javobini baholashda qat’iy to‘xtamga kelishni istab, qo‘ymoqchi bo‘lgan bahoni bir oz ko‘tarish maqsadida ijodkor tarjimai holi yuzasidan darslikda berilgan ayrim ma’lumotlarni so‘rashi mumkin. Agar so‘ralgan o‘quvchi bu ma’lumotlarni o‘zi mustaqil o‘qib o‘zlashtirib olgan bo‘lsa, bu tahsinga sazovor ish va u qo‘shimcha ball bilan taqdirlanishi kerak. Lekin o‘quvchining yozuvchi tarjimai holini o‘qimaganligi didaktik ayb emas va buning uchun o‘quvchi bahosini pasayitirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
5-7- sinflarda adib haqida gap borganda, uning portreti va rasmlar bilan bezatilgan biror didaktik ashyo va kitoblaridan foydalanilsa, yetarli bo‘ladi. Bu yoshdagi o‘smirlarda hissiy bilish kuchli bo‘lgani holda abstrakt tafakkur, umumiydan xususiyga kelish, ya’ni deduksiya hali yetarlicha rivojlanmagan bo‘ladi. Shu bois bevosita ko‘rib idrok etilgan, sezgi organlari orqali qabul etilgan tushunchalar mustahkam o‘zlashtiriladi.
O‘rta maktabning bitiruvchi 9-sinfidagi o‘quvchilarning psixologik xususiyatlari boshqacha rivojlangan bo‘ladi. Chunki o‘smirlik yoshidan o‘spirinlikka o‘tgan o‘quvchilar inson shaxsining jamiyat tomonidan shakllanishi, bir jamiyatda yashab turib, undan tashqarida turishning imkonsizligi haqida muayyan qarashlarga ega bo‘ladi. Yozuvchi shaxsiyati va ma’naviyatidagi muayyan qirralar bu sinf o‘quvchilarning axloqiy sifatlariga oldingi sinfdagilarga qaraganda, jiddiy ta’sir etadi. O‘spirinlar ijodkor shaxsiyati shakllanishiga irsiy-biologik va tarbiyaviy sotsiologik omillar katta ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini yaxshi anglaydilar.
Shuning uchun ham 9-sinfda adiblarning biografiyalariga bir qadar to‘xtalish, ularning hayot yo‘llari bilan asarlari orasidagi aloqaga o‘smirlar e’tiborini tortish mumkin. Ammo o‘quv dasturida bu sinfda ham ijodkor umrbayonini o‘rgatishga alohida soat ajratish ko‘zda tutilmaydi. Binobarin, sakkizinchi sinfda ham yozuvchining hayoti haqida alohida va uzoq to‘xtalish mumkin emas. Shuning uchun o‘quvchilarga mavjud ma’lumotlarni mustaqil o‘zlashtirishda qaysi jihatlarga e’tibor qaratish kerakligi ko‘rsatilib, o‘quvuchilarga darslikda bo‘lmagan yangi dalillar bildirilsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi.
To‘qqizinchi sinfdagi mashg‘ulotlarda o‘qituvchi hozirgiday adibning hayotida ro‘y bergan hodisalarni ifodalovchi turli-tuman faktlarni qayd etib ketaverishdan ko‘ra, uning shaxsiyatiga xos qirralar, tabiatidagi o‘ziga xosliklar, hayot yo‘lidagi o‘zgachaliklar u bitgan asarlarda qay tarzda namoyon bo‘lganiga ko‘proq e’tibor qaratishlari maqsadga muvofiq bo‘ladi. Katta maktab yoshidagi o‘quvchilarda shaxs sifatida shakllanish kechimi intensiv ravishda borayotgani uchun ham ular millat badiiy salohiyatining qaymog‘i bo‘lmish yozuvchilarning shaxsiyatiga astoydil qiziqadilar. Bu sinfda va majburiy ta’limning keyingi bosqichlarida yozuvchi umryo‘lini monografik yo‘sinda alohida soatda o‘rganish samarali bo‘ladi. Lekin bu holda ham yozuvchining hayotiga oid turli faktlarni qalashtirib tashlashdan iborat saboq foydali bo‘lmaydi. Ijodkorning hayot yo‘li to‘g‘risidagi mashg‘ulot uning shaxsiyati haqida tasavvur uyg‘otadigan va o‘rganilajak asarlarini tahlil qilishning kaliti bo‘ladigan yo‘sinda o‘tilishiga erishish lozim.
O‘qituvchi adib qarashlarning, kayfiyatlarining tadrijiy yo‘li, bu yo‘lning asarlarida qanday aks etganligi kabi masalalarni yuqori sinf o‘quvchilariga tushuntirishi zarur. Bu sinf o‘quvchilari bir yozuvchi uslubining boshqasinikidan farqli ekanligi sabablarini adiblar voyaga yetgan muhitdan, ularning xarakteridagi o‘ziga xos xususiyatlardan qidirishni o‘rganishlari kerak. Chunki badiiy uslubning ijodkor shaxsiyati natijasi ekanligini anglash, adabiy asarni tushunish sari tashlangan ilk to‘g‘ri qadam bo‘ladi.
H. Olimjonning dilbar she’riyati, G‘. G‘ulomning tarixiy xulosalarga yo‘g‘rilgan qasirg‘ali falsafiy asarlarining asoslarini ularning tarjimai hollaridan, ijodkor tabiatining o‘ziga xosligidan keltirib chiqarish o‘rganilayotgan asarni teranroq tushunishga yordam beradi.
Odatda, o‘qituvchilar turli asarlarning qahramonlarini, ularning shaxsiyatidagi bir-biridan farqli xususiyatlarni bir muncha yaxshi tadqiq etadilar. Gulnor Kumush bilan adashtirilmaydi. Ammo o‘sha o‘ziga xos obrazlarni yaratishga sabab bo‘lgan adiblar shaxsiyatidagi betakrorliklar ko‘pincha, avvalo, o‘qituvchilar, buning oqibati sifatida, o‘quvchilar nazaridan chetda qolishi mumkin. Ya’ni ko‘pchilik o‘quvchilar mayyan bir adibning nima uchun aynan shu yo‘sinda yozganligi sababini tushuntirish u yoqda tursin, bu haqda o‘ylab ham ko‘rmaydilar. Holbuki, yozuvchi shaxsining o‘ziga xosligini bilmay turib, badiiy asarning betakrorligi sababini teran anglash mumkin emas.
A. Qahhor shaxsiyatida mavjud bo‘lgan prinsipiallik, murosasizlik, halollik, jur’at uning asarlarida qay tarzda aks etganini o‘quvchilar bilishsa, adabiyot uchun ham, bolalarda ezgu ma’naviy sifatlar shakllanishi uchun ham juda foydali bo‘ladi.
Cho‘lpon, Hamza, Qodiriy singari murakkab taqdirli ijodkorlarning hayot yo‘lini o‘rganish ularning asarlarini tushunish kalitigina emas, balki bolalar ma’naviyatini shakllantirish yo‘li hamdir.
Adabiyot o‘qituvchisi yuqori sinfda biror yozuvchining hayot va ijod yo‘li haqida ma’lumot berishdan oldin o‘quvchilardan oldingi sinflarda ushbu adib haqida nimalar o‘rgatilganligini suhbat yordamida aniqlab olgani ma’qul. Bu hol, birinchidan, o‘quvchilarning avval egallagan bilimlarini faollashtirib, ularni ishga solsa, ikkinchidan, berilayotgan bilim mustahkam ilmiy poydevor ustiga qurilib, yaxshiroq esda qoladi. O‘quvchilar adibga nisbatan farqsiz munosabatni o‘zgartirib, u to‘g‘rida o‘ylay boshlashadi. Ruhiy muvozanatdan chiqib, o‘ylay boshlash jarayoni ularning yangi bilimlarni o‘zlashtirishlarini ham tezlashtiradi.
O‘qituvchi adib haqida gapirar ekan, uning hayotidagi u yoki bu voqeani, shunchaki sodir bo‘lgan fakt sifatida emas, balki bo‘lajak san’atkorning ijodiy qiyofasini belgilaydigan omil sifatida yoki biror asarning bitilishga hayotiy-estetik turtki sifatida talqin etsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi. Yozuvchining hayoti o‘rganilar ekan, uning o‘ziga zamondosh, o‘zidan oldin o‘tgan va keyin paydo bo‘lgan ijodkorlarga munosabati muammosiga ham o‘rni bilan to‘xtalish joiz.
Shuni unutmaslik kerakki, ijodkorlarning tarjimai hollarini o‘rgatishda haqqoniylik yo‘lidan og‘ishmay borilgani holda, ko‘chabop gaplarga, adabiy o‘shakchilikka berilib ketmaslik kerak. Negaki, o‘quvchi uchun ham, adabiyot darsi uchun ham ijodkorning boshidan o‘tgan hamma narsani bilish emas, balki yozuvchi haqida bilib olinganlar o‘rganilayotgan asarning qanday yuzaga kelganligi va uni qanday idrok etish kerakligini anglab yetishga xizmat qilishi muhim hisoblanadi. Maktab o‘quvchilari o‘zlari bilishi kerak va mumkin bo‘lgan narsalardan xabardor etilganlaridagina adabiyot mashg‘ulotlari samarali o‘tkazilgan bo‘ladi. O‘quvchilarda sobit va ezgu ma’naviy sifatlar shakllantirilishiga erishiladi.
|
| |