|
Anvar Obidjon hayoti va ijodi
|
bet | 11/12 | Sana | 17.05.2024 | Hajmi | 53,01 Kb. | | #240518 |
Bog'liq Anvar Obidjon , sattorova madina 303-guruhAnvar Obidjon hayoti va ijodi. O‘zbekiston xalq shoiri Anvar Obidjon 1947-yil 8-yanvarda Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanining Poloson qishlog‘ida tug‘ilgan. Qishloq maktabida o‘qib yurganidayoq kinomexanik, traktorchi singari kasblarni o‘rganib, oilasiga yordam berishga harakat qilgan. Maktabni bitirgach esa konda burg‘ilovchi, qishloqda kutubxonachi bo‘lib ishladi. So‘ng Samarqanddagi moliya texnikumida o‘qib, 1966–1969-yillarda harbiy xizmatni o‘tadi.
Armiyadan qaytib ham ma’lum muddat turli kasblarda ishlagach, nihoyat, tuman
gazetasiga kelibgina o‘z iqtidorini namoyish etish imkoniga ega bo‘ldi. u 1971–1976- yillarda Oltiariq tu-mani gazetasida adabiy xodim, bo‘lim mudiri sifatida ishlab, jurnalistlik va adabiy tahrir sohalarida yetarli tajriba orttiradi. Ayni paytda 1974–1979- yillar davomida hozirgi O‘zbekiston Milliy universitetining jurnalistika fakultetida sirtdan ta’lim oladi.
Garchi shoir dastlabki she’riy mashqlarini 14–15 yoshida boshlagan, harbiy xizmatda ham ancha-muncha she’r bitgan bo‘lsa-da, «Ona yer» deb nomlangan ilk kitobi 1974-yilda – shoir 27 yoshga kirganida chop etildi. U turli nashriyotlarda, jurnallarda mehnat qildi, 1989–1998-yillarda esa xalqimiz istiqlolining ilk nishonalaridan biri – «Cho‘lpon» nashriyotida bosh muharrir, direktor bo‘ldi.
Shundan buyon Anvar Obidjonning ellikdan ortiq kitobi nashr etildiki, bu ijodkorning qanchalar sermahsulligi, o‘quvchilari safining kengligidan darak beradi.
Qolaversa, Anvar Obidjon nihoyatda serqirra ijodkor sifatida tanilgan. Avvalo, u
zamonaviy bolalar adabiyotining zabardast vakili sanaladi. Ijodkor xalqimizning aziz farzandlariga ko‘plab she’riy, nasriy kitoblarni, teatr va kino tomoshalarini tortiq etgan. Ularning ayrimlarinigina sanab o‘tamiz: «Bahromning hikoyalari» (1980), «Masxaraboz bola» (1986), «Juda qiziq voqea» (1987), «Oltin yurakli Avtobola» (1988), «Dahshatli Meshpolvon» (1989), «Meshpolvonning janglari» (1994), «O‘q o‘tmas bolakay» (2005), «Atrofimizdagi qiziqchilar» (2014) va b.
Anvar Obidjonning bolalarga atalgan «Qo‘ng‘iroqli yolg‘onchi» nomli ilk komediyasi 1983-yilda respublika «Yosh tomoshabinlar» teatrida sahnalashtirilgan edi. Shundan buyon yurtimiz teatrlarida ning «Pahlavonning o‘g‘irlanishi», «Topsang – hay-hay» («Qorinbotir)», «Navro‘z va Boychechak», «To‘tiqul»,«Alamazon», «Meshpolvon» kabi pyesalari qo‘yildi. «O‘zbekfilm» kinostudiyasida adib ssenariylari asosida «Tilsimoy – g‘aroyib qizaloq», «Dahshatli Meshpolvon» filmlari suratga olingan.
Keyingi yillarda adibning «Oltiariq hangomalari», «Baloga qolgan futbolchi», ikkita kitobdan iborat «Tanlangan she’rlar» hamda «Ajinasi bor yo‘llar» singari yirik kitoblari o‘quvchilar qo‘liga yetib bordi.
Xalqimizning sevimli shoiri Anvar Obidjon 2020-yil 11-aprelda 73 yoshida vafot etdi.
Shoirning «Hayotning har lahzasi go‘zal» she’ri xalqimiz ruhiyatidagi mana shu ajoyib yangilanishni birgina kun – erta tongdan quyosh botgunga qadar kuzatiladigan lavhalarda nihoyatda jonli aks ettiradi.
Masalan, siz bilan biz ko‘cha bo‘ylarida, xiyobonlarda deyarli har kun ko‘zimiz
tushadigan gullarni mana bu tarzda ko‘rsatish – ifoda qilish faqat shoirning qo‘lidan
keladi-da:
Kelinchakdek bo‘lib orasta,
Gul salomdan ko‘taradi bosh.
Bu she’rning har bandi oxirida takrorlanib keladigan misralar o‘quvchi yodiga bir umr muhrlanib qolishining sababi esa, ularda aks etgan shoir samimiyatidan, qalbidagi
ezgulikdandir: «Hayotning har lahzasi go‘zal, umrning har dami g‘animat…»
|
| |