|
M. M. Hojimatov- andijon davlat universiteti kimyo kafedrasi dots., PhD
|
bet | 74/131 | Sana | 19.01.2024 | Hajmi | 9,69 Mb. | | #141266 |
Bog'liq Органик кимё мажмуа.docx 2023 y (2)Haydash usuli bilan ajratish
Organik moddalarni tozalash va ajratib olishda haydash usuli katta ahamiyatga ega. Kimyo laboratoriyalarida va sanoat miqyosida haydash usulidan keng foydalaniladi. Bu usul moddani suyuq holatdan bug‘ holatga o‘tkazib, yana kondensatlab suyuq holatga o‘tkazishga asoslangan. Haydashni oddiy va fraksiyalab haydash turlari mavjud. Haydash sharoitiga ko‘ra atmosfera bosimida haydash, vakuumda haydash, suv bug‘i bilan haydash turlariga bo‘linadi.
Atmosfera bosimida haydash qurilmasi.
1-Vyurs kolbasi, 2-Libix sovutkichi, 3-alonj, 4-yig‘gich kolba.
Agar biror suyuqlik o‘zining qaynash temperaturasida parchalanmasa uni atmosfera bosimida haydash mumkin. Haydash kolbasi sifatida Vyurs kolbasidan, yoki maxsus ulagich (nasadka) bilan jihozlangan tubi yumaloq kolbadan foydalanish mumkin. Kolbaning og‘ziga termometr o‘rnatiladi, bunda termometrning simobli qismi kolbaning chiqarish nayi og‘zidan 0,5 sm tushib turishi, kolbadagi haydash uchun olingan suyuqlikning hajmi kolba hajmining 2/3 qismidan ortmasligi kerak. Suyuqlik bir tekis qaynashi uchun kolbaga kavsharlangan shisha kapillyar, yoki g‘ovak qaynatgich (g‘isht, chinni bo‘lakchalari) solinadi. Kolba Libix sovutkichiga ulanadi. Jixozlarni bir-biriga ulashda shliflardan foydalanish maqsadga muvofiq. Sovutkichda kondensatlangan suyuqlik alonj orqali yig‘gich kolbaga quyiladi. Suyuqlik (distillyat) kolbaga bir sekundda 1-2 tomchidan tushishi kerak. Agar bundan tezroq o‘tsa haydash sekinlashtiriladi, sekin o‘tsa tezlashtiriladi.
Qaynash temperaturasi 130 oS dan yuqori bo‘lgan moddalarni haydashda ichki diametri 12-16 mm bo‘lgan havo sovutkichlari (shisha nay) dan foydalaniladi. Yuqori temperaturalarda, ya’ni 200-300oS da qaynaydigan va oson kristallanadigan moddalar esa sovutkichsiz naychasi yo‘g‘onroq Vyurs kolbalarida haydaladi.
F raksiyalarga bo‘lib haydash. Har xil qaynash temperaturalarda qaynaydigan suyuqliklar aralashmasini haydab moddalarni alohida ajratib olish mumkin. Buning uchun fraksiyalarga bo‘lib haydash usulidan foydalaniladi. Haydash kolbasiga deflegmator, deflegmatorning yuqori qismidagi naychasi esa sovutkichga ulanadi. Termometr, sovutkich va alonjni ulash oddiy haydash usulidagi kabi tartibda amalga oshiriladi.
Aralashma qaynatilganda hosil bo‘lgan bug‘ deflegmatorda kondensatlanadi va uning keng qismida suyuqlikka aylanadi. Lekin suyuqlik tezda kolbaga qaytib tushmaydi. Bug‘ bosimi ta’sirida deflegmatorning naychalari orasidan faqat bug‘ o‘ta oladi xolos. Shuning uchun deflegmatorning keng qismida doim biroz miqdor suyuqlik bo‘ladi va u qaynab turadi. Lekin naydagi suyuqlikning qaynash temperaturasi kolbadagi suyuqlikning qaynash temperaturasidan past bo‘ladi. Suyuqlik deflegmatordan ko‘tarilib borgan sari uning naychalaridagi suyuqlikning qaynash temperaturasi kamayib boradi. Deflegmatorning naylari qanchalik ko‘p bo‘lsa bug‘ tarkibida qaynash temperaturasi yuqori bo‘lgan suyuqlikning miqdori shuncha kam bo‘ladi.
|
| |