Metall kukunlar oksidlanmasligi uchun pishirish argonli, geliyli muhitlarda,
vakuumda yoki vodorod muxitida bajariladi. Tob tashlamasligi uchun yupqa va
yassi detallar bosim ostida pishiriladi. Buyumlarga
uzil-kesil shakl va aniq
o‘lchamlar berish uchun ular
pardozlash operatsiyalaridan o‘tkaziladi;
kalibrlanadi, kesib ishlov beriladi, kimyoviy termik ishlanadi,
elektrofizik usullar
bilan kerakli o‘lchamiga yetkaziladi, qayta presslanadi.
Kalibrlash presslangan buyumni press-qolipdagi mos qirqimli teshikdan siqib
o‘tkazishdan iborat. Kalibrlash natijasida buyumning o‘lchamlari aniqlashadi, sirti
silliqlanadi, g‘ovakligi kamayadi.
Presslangan zagotovkalardan murakkab shaklli detallar (cho‘zish uchun volokalar,
qattiq qotishmali qistirmalar, shtamplarning matritsalari va xokazolar) olish; ichki
va tashqi rezbalar qirqish; diametri kichik, lekin chuqur teshiklar olish uchun ularni
kesib ishlanadi. Kimyoviy-termik ishlash (azotlash, xromlash, sianlash va xokazo)
metallardagi kabi bajariladi. G‘ovaklikning
mavjudligi, demak, yoyilgan sirtning
mavjudligi kimyoviy termik ishlash prosessini aktiv amalga oshirish imkonini
beradi.