301
Bozor iqtisodiyoti sharoitida mahsulot birligi tannarxini pasaytirish alohida ahamiyat kasb
etadi. Vaholanki, mustaqil rivojlanish yillarida barcha turdagi korxonalarda 1 s. paxta xom ashyosi
tannarxining ko’tarilishi kuzatilmoqda. Bunday jarayon paxtachilikda ishlatiladigan traktorlar va
boshqa asosiy vositalarga, energetik resurslarga, mineral o’g’itlarga va boshqa aylanma vositalarga
ko’tara hamda chakana baholarning oshishi, nominal brutto mehnat haqi fondi, undan ajratmalar va
soliqlar hisobiga sodir bo’lmoqda.
Paxtachilik sermehnat, binobarin, mehnat haqi ko’p sarflanadigan tarmoq. Tarmoqda 60 dan
ko’proq jarayon bajariladi. Jami kishi/soatida sarflangan mehnatning 90% dan ko’prog’i qo’l
vositalari bilan bajarilgan vaqtga to’g’ri keladi. Bu vaqtga mashinalar yordamida bajarilgan vaqtga
nisbatan 1,5-2 marta ko’p mehnat haqi tulanadi. Ammo, kam unumli qo’l mehnatining ko’payishi
hisobiga uning unumdorligi pasayadi, natijada mahsulot birligi tannarxi ko’tariladi.
Shuni aloxida qayd etish zarurki, respublikada mustaqil rivojlanish yillarida 1 s. paxtaga
bevosita sarflangan kishi/soati 1,7 marta ko’paygan. Bunday jarayon paxtachilikda eng sermehnat
jarayon, hosilni terim mashinalari yordamida yig’ib olishning keskin pasayib ketishi hisobiga sodir
bo’ldi. Masalan, O’zbekiston Respublikasi bo’yicha 1990 yilda 52% yalpi paxta hosili mashinalar
bilan terilgan bo’lib, 2002 yilda bu ko’rsatkich 10% dan oshmaydi. 2014 yillarda ham bu ko’rsatkich
deyarli o’zgarmagan.1 s. paxta xom ashyosi tannarxini mehnat haqi hisobiga pasaytirish, uning
unumdorligini oshirish imkoniyatlaridan to’laroq foydalanishni talab etadi.
Bu dolzarb muammoni tezroq amalga oshirish barcha ishlarni, ayniqsa sermehnat
ishlar(g’o’zani yagonalash, sug’orish, chilpish, hosilni yig’ib olish)ni mexanizasiyalash, gektaridan
hosildorlikni oshirish, paxtakorlarni mehnat natijalariga qarab moddiy va ma’naviy rag’batlantirish
imkoniyatlaridan to’laroq foydalanishga va h.k.ga bog’liq.
Paxta xom ashyosining iqtisodiy samaradorligi uni sotish baholarining tashkil topish
darajasiga bevosita bog’liq. Bu mahsulotning davlat iqtisodiyotidagi ahamiyatini hisobga olib, uni
ko’tara xarid baholarida sotiladi. Uni belgilashda biologik navlarning tola tiplari va sanoat
assortimenti asos qilib olinadi. Uning darajasiga jahon bozorida tashkil topadigan o’rta baholar ham
ta’sir etadi.
O’zbekistonning mustaqil rivojlanish yillarida paxta xom ashyosining o’rtacha bahosi oshib
bormoqda. Ammo, uning 1 s. paxta to’liq tannarxiga nisbatan sekin oshgan yillarida ko’pchilik
xo’jaliklar paxta sotishdan zarar ko’radilar. Zararning obyektiv sabablarga ko’ra tashkil topgan qismi
paxta sotishdan sof foyda olgan korxonalar, sug’urta kompaniyalari, davlat byudjeti va boshqalar
hisobiga qoplanadi, ayrim qarzlarning qaytarilish muddati uzaytiriladi va h. k.
Paxtakor xo’jaliklar va xo’jalik a’zolarining moddiy manfaatdorligini oshirish maqsadida
ularga chakana baholarga nisbatan arzonroq paxta yog’i, kunjara, sheluxa sotiladi.Paxta yetishtirishda
paxtakorlarning moddiy manfaatdorligi va javobgarligini oshirish maqsadida ko’pchilik xo’jaliklarda
ishlab chiqarish va mehnatga haq to’lash oila pudrati asosida amalga oshiriladi.
Paxtakor xo’jaliklarning yil davomida moliyaviy ahvolini yaxshilash maqsadida ularga
fyuchers kontraktasiya shartnomasiga asosan davlatga sotiladigan mahsulot qiymatining 50% i
hajmida avans beriladi, paxta xirmonidan to paxta zavodigacha mahsulotni tashish, transport
xarajatlari zavod hisobiga amalga oshiriladi.
Demak, paxtakor xo’jaliklar va ular xodimlarining moddiy manfaatdorligi va javobgarligini
oshirish imkoniyatlaridan foydalanish chora-tadbirlari amalga oshiriladi. Ammo, ularning asosiy
moliyaviy natijalari bozor iqtisodiyoti qonunlari, mexanizmlari va kategoriyalari talablariga to’laroq
javob bermaydi. Mavjud kamchiliklarni keskin kamaytirish maqsadida tarmoqda bozor iqtisodiyoti
islohatini yanada chuqurlashtirish zarur. Dastavval, sotish baholarining erkin shartnoma asosida
tashkil topishiga, paxtakorlarning mehnat natijalariga qarab kafolatlangan haq to’lanishiga erishish
lozim.