|
-MAVZU. DIN MADANIYAT FENOMENI
|
bet | 143/193 | Sana | 29.05.2024 | Hajmi | 2,19 Mb. | | #256562 |
Bog'liq Muhandislik-texnologiya5-MAVZU. DIN MADANIYAT FENOMENI
Din, dinshunoslik, din falsafasi, teologiya, teosofiya xudojo‘ylik tushunchalarining ma'nosi va ularning o‘zaro aloqasi. Din paydo bo‘lishining psixologik omillari, ob'ektiv va sub'ektiv sharoitlari.
Turg‘unlik yillarida milliy kamsitishga asoslangan «o‘ta baynalminallik» siyosatiga amal qilinishi tufayli diniy urf-odatlar, marosimlar, hatto milliy rasm-rusumlar ham kamsitilib, ularning yo‘liga turli to‘siqlar qo‘yilib, ularga amal qilishga imkoniyatlar yo‘q qilingan edi. Umuminsoniy qadriyatlar kamayib, ma'naviy qashshoqlanish sari yo‘l ochilgan edi. 1991 yil 31 avgust kuni O‘zbekiston Oliy kengashining navbatdan tashqari 6-sessiyasida O‘zbekiston Respublikasi mustaqil bo‘lgani tantanali ravishda e'lon qilindi. Endilikda har yili 1 sentyabr Mustaqillik kuni sifatida bayram qilinmoqda. Ana shu tarixiy voqyeadan keyingi o‘tgan davrda O‘zbekiston jahonga ma'lum bo‘ldi. Respublikamiz 1992 yil 2 mart kuni Birlashgan Millatlar Tashkilotiga a'zo bo‘ldi, dunyodagi ko‘pgina davlatlar bilan aloqalar o‘rnatdi. Mamlakatimizda juda ko‘p korxonalar vujudga keldi, mulk davlat tasarrufidan chiqarilib, xususiylashtirish amalga oshirilmoqda, fuqarolarning qadr-qimmati oshib, ular Vatan tuyg‘usini yaqqolroq his qila boshladilar, o‘zbeklar va boshqa millatlarning tengligi, milliy iftixori o‘sib bormoqda.
Xususan, demokratik va insonparvar jamiyat qurayotgan O‘zbekistonda diniy e'tiqod erkinligi amalga oshirildi. Juda ko‘plab masjidlar, madrasalar, diniy maktablar, uyushmalar va jamoalar vujudga keldi, ko‘plab diniy adabiyotlar chop etilmoqda, diniy bayramlar, marosimlar, urf-odatlar tiklanib, amal qilmoqda. Bu ma'naviy yangiliklar xalqimizning ruhiyatiga (psixologiyasiga) ijobiy ta'sir ko‘rsatdi.
Jamiyat hayotida din peshvolari ham aktiv qatnashmoqdalar. Xalqimizning ko‘nglini ko‘tarishda, uning qaddini rostlashda ko‘pchilik din vakillari, yuzlab imom- xatiblar davlatimizga yaqindan yordam bermoqdalar, ular xalqni birlashtirishni, o‘zaro nizo va nifoqlardan yiroq turishni targ‘ib etmoqdalar.
«Dinshunoslik»ni o‘rganar ekan, talabalar ahloqan va ma'naviy jihatlardan o‘z ongini kengaytiradilar; ular dunyo voqyea va hodisalariga, jamiyatdagi murakkab insoniy munosabatlar mohiyatini yanada sinchkovroq bo‘lib tushunadilar; ular dinlarning jamiyat hayotida tutgan o‘rnini yaqqolroq anglab yetadilar; o‘zlarida iymon-e'tiqod erkinligiga ongliroq munosabatni shakllantiradilar, ya'ni bu fanning talabalar dunyoqarashi uchun ahamiyati beqiyos.
Ma'lumki, din yangi mafkuramiz tizimida o‘z o‘rniga ega bo‘lib, «Dinshunoslik»ni o‘qigan talabalar mafkuramiz mazmunini chuqurroq tushunib yetadilar, mamlakatimizning aktiv rivojlantiruvchilari, ongli fuqarolari bo‘lib yetishadilar.
«Dinshunoslik»ning xususiyatlari quyidagilardan iborat:
1. «Dinshunoslik» dinlarning mohiyatini va din tushunchasini ta'riflab, uni izohlab, tushuntirib beradi. Diniy ong, ijtimoiy ong shakllaridan biri sifatida olib qaralib, uni tarixiy hodisa deb hisoblaydi; bu bilan barcha dinlar insoniyat tarixi bilan bog‘langanligi, odamlarning dinga bo‘lgan ehtiyoji tufayli kelib chiqqach, ular asta-sekin bir tizim qiyofasiga kirib davom etayotganligi ta'kidlab o‘tiladi.
Dinlarning kelib chiqish, rivojlanish va evolyusiyasi o‘zining tub sabablariga, ya'ni ildizlariga egaki, «Dinshunoslik» shu xususiyatni ham nazarda tutadi va ularni ko‘rsatib beradi. Bu bilan hozirgi zamonda mavjud bo‘lib turgan turli dinlar qadim zamonlarda vujudga kelgan bo‘lsalar ham, nima uchun ular hamon mavjud bo‘lib turibdi degan savolga aniq javob beradi.
«Dinshunoslik» dinlarning qanday tarkibiy elementlari borligini ham ko‘rsatib beradi. Har qanday milliy va jahon dinlarida diniy tasavvurlar, diniy harakatlar, diniy psixologiya va diniy tashkilotlardan iborat to‘rtta uzviy bog‘langan elementlar mavjud bo‘lib, ular yaxlit holda diniy ibodatlarni bajaradilar, ularda diniy his-tuyg‘ular mavjud; diniy uyushmalarga esa diniy tashkilotlar rahbarlik qiladilar deb hisoblaydi va uni tushuntirib beradi.
«Dinshunoslik» har qanday din jamiyatda : a) xom xayoliy, ya'ni kompensatorlik; b) tartibga soluvchilik; v) in-tegrallashtiruvchilik-birlashtiruvchilik va g) kommunikator-lik, ya'ni aloqadorlik kabi funksiyalarni bajarishini tu-shuntirib beradi. Bu funksiyalar haqida keyingi mavzuda batafsil baxs yuritiladi, hozircha ularni eslatib o‘tiladi, xolos.
«Dinshunoslik» barcha dinlarning kelib chiqish tarixini bayon qilib beradi. Ma'lumki, hyech bir hodisa yoki voqyea sababsiz ro‘y bermaganidek, dinlar ham yer yuzida odamlar tomonidan vujudga keltirilgan eng qadimgi, ibtidoiy jamiyatda shakllangan ijtimoiy ong shaklidir. Dinlar tarixi g‘oyat murakkab va uzoq tarixiy jarayonlardan iborat bo‘lib, hozirgi davrda mavjud bo‘lib turgan dinlarning barchasi o‘zining kelib chiqish, rivojlanish va o‘zgarib borish tarixiga egaki, «Dinshunoslik»da ana shular to‘g‘risida ham baxs yuritiladi.
«Dinshunoslik» dinlar tarixini yoritayotganda ularning bir-biriga o‘zaro ta'sir qilganligini, bir-biri bilan aloqadorligini ta'kidlaydi. Shuningdek, dinlar tarixini o‘rganish uchun arxeologiya, etnografiya, tarix fanlarining bergan ma'lumotlari, badiiy adabiyot, san'at asarlarining ahamiyatini, nodir moddiy-madaniy namunalarining muhim tarixiy ashyoviy dalillar ekanligini, ayniqsa, diniy yozuvlar, muqaddas kitoblar, mashhur ulamolarning asarlarini, hadislarni; turli diniy ruhdagi rasm-rusumlarni ham ko‘rsatib o‘tiladi. Shu tariqa dinlar tarixi to‘g‘risida yaxlit va bir butun tasavvurlar yaratiladi. Bular «Dinshunos-lik»ning ikkinchi muhim xususiyatini tashkil etadiki, keyingi mavzularda bu xususiyat to‘g‘risida atroflicha ma'lumotlar bayon etiladi.
«Dinshunoslik»da dinlarning eng muhim nazariy-falsafiy tizimidan iborat bo‘lgan diniy ta'limotlar xususida baxs yuritiladi. Dinlarning bu xususiyati diniy mafkura va dunyoqarashning mohiyatini asoslab beradi. Ayniqsa, milliy va jahon dinlari mavzularida bu xususiyat to‘g‘risida keng ma'lumotlar beriladi. «Dinshunoslik» diniy ta'limotlar ilohiy kuchlar hisoblanuvchi xudolar, farishtalar, payg‘ambarlar, avliyo-anbiyolar, mo‘jizakor yaratilish hodisalari, hikmatli pand-nasihatlar, gunoh va savob, jannat va do‘zah kabilarga qaratilganligini alohida ta'kidlaydi. Bu masalada turli diniy afsona va rivoyatlarning ham o‘rni borligi ko‘rsatib o‘tiladi.
«Dinshunoslik» dinlarning amaliy tomoni-diniy marosimlar, urf-odatlar, rasm-rusumlar va turli odat-udumlar xususida ham baxs yuritadi. Chunki bular ham dinlarning eng muhim xususiyati hisoblanadi. Ma'lumki, dinning marosimchilikdan iborat amaliy tomoni dindorlar hayotida g‘oyat aktiv rol o‘ynaydi. Diniy marosimlar dindorlar ruhiyatiga kuchli ta'sir qiladi, ularning kundalik hayotida muayyan tartib o‘rnatadi, hayot kechirish tarzini belgilaydi. «Dinshunoslik» diniy urf-odatlarning kelib chiqish tarixiga e'tibor beradi, bu diniy rasm-rusumlarning jamoatchilik fikrini shakllantirish uchun xizmat qilishini ham ta'kidlab o‘tarkan, bu odatlar nisbatan barqaror, muqim turadigan muhofazakor kuch sifatida amal qiladi, deb hisoblaydi. Shu bilan birga diniy marosimlar o‘z mazmuni, bajaradigan vazifalariga ko‘ra shod-hurramlik yoki qayg‘u-alamli holatlarni ifoda etishiga alohida e'tiborni qaratadi. Diniy marosimchilik diniy tasavvurlar va diniy ruhiyat bilan chambarchas bog‘langan bo‘lib, ularning yaxlit tizimi dinlarning nisbatan ommaviylashgan osonroq tomonidir, deb alohida ta'kidlab o‘tiladi.
«Dinshunoslik» barcha dinlarda muhim tarbiya-lovchi mazmun diniy ahloq-odoblarda mujassam bo‘lganligini ko‘rsatib beradi. Dindorlar diniy ahloq ruhida tarbiya olib, xushmuomala, ochiq-oydin fikrli, odamiylikning ko‘pgina fazilatlariga ega bo‘lib yetishadilar. Insof va adolat, halol-haromni ajratish, o‘zaro hurmat, kattalarga izzat-hurmat, nogiron, muhtojlarga muruvvat ko‘rsatish, ilmli, ma'rifatli kishi bo‘lish, yaxshilik qilish, ota-onalarni behad hurmat qilish, oila va jamoat orasida o‘z burchini ado etish kabi umuminsoniy, dunyoviy qadriyatlar dinda yuqori darajadagi ahloqiy talablar, deb qaraladi. Muayyan ma'noda din ahloq to‘g‘risidagi tushuncha sifatida ham tushunilgan. «Dinshunoslik» fani millatning shakllanishi va rivojlanishida diniy ahloqning o‘rni va roli borligini tan olib, diniy ahloqdan shaxs tarbiyasida samarali foydalanish zarurligiga e'tiborni qaratadi.
Ammo diniy ahloq siyosat va mafkuraviy jihatlardan qaralganda sinfiy-tabaqaviy ahamiyat kasb etadiki, «Dinshunoslik»da bu ma'noda diniy ahloqda umuminsoniy qadriyatlar darajasida turadigan ahloq-odob normalarining ustunligi ta'kidlab o‘tiladi, ana shu xususiyat ham bu fan e'tiborida turadi.
«Dinshunoslik» dinning muhim xususiyatlaridan biri bo‘lgan diniy xuquqqa alohida e'tibor beradi. Ma'lumki, quldorlik jamiyatidan boshlab davlatlar kelib chiqqan bo‘lib, bu siyosiy kuch xususiy mulkchilikka asoslangan o‘z iqtisodiy bazisiga xizmat qiladigan xuquq va qonunlarini joriy qilgan edi. O‘sha davrlardan boshlab diniy huquq ham paydo bo‘lib, bu huquqlar diniy yozuvlarda, hadislarda, an'analarda, ta'qiqlangan va ruxsat etilgan ko‘rsatmalarda, diniy hujjatlarda, turli diniy jamoa, uyushma, mazhablar faoliyatida asta-sekin shakllanib borgan. Masalan, Islom tarixida shariat qonun va xuquqlari xuddi shu tariqa, VII-XII asrlar davomida shakllanib, so‘ngra huquq normalariga aylangan edi. Diniy huquqlar ustidan diniy tashkilotlar nazorat o‘rnatgan bo‘lib, bu huquqlar mulkka munosabatni, diniy jamoa, ijtimoiy tabaqa, guruh va imtiyozli shaxslar manfaatini belgilab bergan. Diniy huquqlarda ahloq-odob qoidalari, ularga amal qilish tartiblar ham belgilab qo‘yilgan.
«Dinshunoslik» dinlarning tarxiy tiplari, turli shakllari, yo‘nalishlari, mazhablari, ularning o‘ziga xos xususiyatlari, bir-biri bilan bog‘langan tomonlari paydo bo‘lish sabablari, dindorlar hayotidagi va jamiyatdagi o‘rni, faoliyat ko‘rsatish masalalarini ham alohida qarab chiqadi, shular to‘g‘risida ham baxs yuritadi. Shu munosabat bilan «Dinshunoslik» fanida avvalo dinning ijtimoiy-falsafiy mohiyati ko‘rsatilib o‘tiladi, so‘ngra ibtidoiy tuzumda paydo bo‘lgan eng qadimgi dinlar hisoblanuvchi totemizm, fetishizm, animizm, sehrgarlik (magiya, shaman) dinlarini, ulardan keyingi urug‘-qabilalar dini bo‘lgan politeizm, ya'ni ko‘p xudolik dinlarini, so‘ngra milliy davlat dinlarini, monoteistik, ya'ni yakka xudolik dinlarini keyin esa jahon dinlari bo‘lgan buddiylik, xristianlik va islom dini atroflicha bayon etiladi. Bu dinlarning har biri o‘z tarixiy shart-sharoitlari, o‘z davridagi talab va ehtiyojlari bilan bog‘liq holda paydo bo‘lsa-da, avvalgilari keyin kelib chiqqanlariga kuchli ta'sir ko‘rsatgan edi. Masalan, eng qadimgi, nisbatan soddagina animizm dini ham jahon dinlariga ta'sir qilgan. Bu haqda keyingi mavzularda ko‘rib o‘tamiz. Bu jiddiy masala ham «Dinshunoslik»da muhim o‘rin olgan.
«Dinshunoslik» yana bir muhim masala bo‘lgan diniy manbalar, muqaddas yozuvlar, hujjatlar: Tavrot, Bibliya, Avesto, Tripitaka, Vedalar, Qur'on, hadislar kabi din uchun juda muhim tarixiy yodgorliklar xususida ham baxs qiladi. Chunki, «Dinshunoslik» agar bu masalani chetlab o‘tsa, o‘z vazifasini to‘la bajarmagan hisoblanadi.
«Dinshunoslik» diniy, tarixiy manbalarga tayangan holda o‘z nazariy va amaliy tomonlarini bayon etsagina, u ishonarli va e'tiborli bo‘lishi mumkin. Shuni hisobga olgan holda bu fan o‘qitiladi, o‘qitilmog‘i kerak.
Shunday qilib, «Dinshunoslik»ning yuqoridagi o‘zaro uzviy bog‘langan 8 ta xususiyatlarini, ya'ni uning baxs mavzusini (predmetini) ko‘rsatib o‘tildi. Bulardan ma'lum bo‘ladiki, mazkur fan jiddiy va muhim fandir.
Endi «Dinshunoslik»ni o‘qitishda ilmiy-uslubiy talablar xususida ham ayrim mulohazalarga to‘xtalmoq joizdir. Avvalo, mazkur fanning o‘qitilishida, uning mavzularini bayon etishda dialektikaning ob'ektivlik, vorislik, umumiy aloqadorlik, sababiylik hamda taraqqiyot tamoyillariga qat'iy amal qilgan xolda, ob'ektiv haqiqat mezoniga asosan, xolisona ish tutmoq, ilmiy-g‘oyaviylikni saqlagan xolda, shu fanning tarbiyaviy saviyasini oshirgan holatda o‘qitish hozirgi davr talablariga mos bo‘ladi, deb o‘ylaymiz.
Mantiqiy xulosalarga, bayon qilish izchilligiga, davr, tarixiy, geografik va milliy etnik jihatlarni ham hisobga olgan holda dasturdagi materiallarni bayon qila bilish ham muhim uslubiy talablarga mos tushadi va aksincha, unga amal qilmaslik «Dinshunoslik»ning o‘ziga xosligini hisobga olmaslik bo‘lur edi. Chunki «Dinshunoslik» dinlar to‘g‘risida baxs yuritar ekan bu bilan bevosita dindorlar iymon-e'tiqodi, nozik his-tuyg‘ulari, milliy va diniy g‘ururi bilan hisoblashishga to‘g‘ri keladiki, bunday holatda g‘oyat hushyor bo‘lish lozim.
|
| |