|
Korrupsiyaga qarshi kurash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi etib belgilangan normativ-huquqiy hujjatlar
|
bet | 170/193 | Sana | 29.05.2024 | Hajmi | 2,19 Mb. | | #256562 |
Bog'liq Muhandislik-texnologiyaKorrupsiyaga qarshi kurash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi etib belgilangan normativ-huquqiy hujjatlar:
- O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1997 yil 29 avgust 466-I-son qarori bilan tasdiqlangan Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish milliy dasturi. Mazkur Milliy dastur Mamlakatimizda inson huquqlari va manfaatlarini ta'minlash, ijtimoiy hayotni demokratlashtirish uchun shart-sharoitlar yaratish va huquqiy davlat asoslarini shakllantirish zaruriyatidan kelib chiqqan holda qabul qilingan. Vatanimizning rivojlanishi va islohotlarning muvaffaqiyati ko‘p jihatdan xalqning huquqiy ongi hamda huquqiy madaniyati darajasiga bog‘likdir. Shaxsning siyosiy faolligi, uning chinakam fuqaroviy munosabati, demokratik islohotlarga intiluvchanligi belgilangan maqsadlarga erishishning samarali omili hisoblanadi.
Yuksak huquqiy madaniyat demokratik jamiyat poydevori hamda huquqiy tizim yetukligining ifodasidir. U jamiyatdagi turli xil hayotiy jarayonlarga faol ta'sir ko‘rsatuvchi, fuqarolarning, barcha ijtimoiy guruhlarning jipslashuviga ko‘maklashuvchi, jamiyatning yaxlitligi hamda batartibligini ta'minlovchi va mustahkamlovchi omildir. Qonunni hurmat qilish huquqiy jamiyatning, siyosiy va huquqiy tizimlar samarali faoliyat ko‘rsatishining asosiy talablaridan biri hisoblanadi. Huquqiy madaniyat huquqiy bilim, huquqiy e'tiqod va izchil amaliy faoliyat majmui sifatida jamiyat va davlat oldida turgan vazifalarning muvaffaqiyatli hal etilishini ta'minlaydi;
- O‘zbekiston Respublikasining 1997 yil 29 avgustdagi 467-I-son Qonuni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Milliy xavfsizlik konsepsiyasi. Unga ko‘ra milliy xavfsizlikka tahdid deganda hayotiy muhim milliy manfaatlarga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan omillar va shart-sharoitlar tushuniladi. Milliy xavfsizlikka tahdid tashqi va ichki tahdidga bo‘linadi. Ular o‘z navbatida siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, gumanitar, harbiy, ekologiya, ilmiy-texnika, texnologiya va axborot sohalaridagi tahdidlarga bo‘linadi.
Mazkur konsepsiyada davlat hokimiyati va boshqaruvi sohasida korrupsiya, byurokratizm, mahalliychilik va urug‘-aymoqchilik munosabatlari – milliy xavfsizlikka tahdid (siyosiy sohadagi ichki tahdid), deya belgilangan;
- O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998 yil 2 martdagi “1997 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari, iqtisodiy islohotlarning borishini baholash va 1998 yilda iqtisodiy islohotlarning asosiy yo‘nalishlari to‘g‘risida”gi Qarori. Unga ko‘ra, korrupsiyaga qarshi kurashni kuchaytirish 1998 yilda respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy ustuvor yo‘nalishi etib belgilandi;
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2005 yil 10 martdagi “Jamiyatni demokratlashtirish va yangilash, mamlakatni isloh qilish hamda modernizatsiyalash maqsad va vazifalarini amalga oshirish dasturi to‘g‘risida”gi Qarori. Mazkur Qaror O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2005 yil 28 yanvarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senati qo‘shma majlisidagi ma'ruzasida belgilab berilgan 2005 yil va uzoq muddatli istiqbolda jamiyatni demokratlashtirish va yangilash, mamlakatni isloh qilish hamda modernizatsiyalash ustuvor vazifalari va yo‘nalishlarini amalga oshirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni amalda ro‘yobga chiqarish maqsadida qabul qilingan. Prezident ma'ruzasida belgilab berilgan jamiyatni demokratlashtirish va yangilash, mamlakatni isloh qilish hamda modernizatsiyalashning ustuvor maqsad va vazifalarini amalga oshirish Dasturini tayyorlash hamda uning aniq yo‘nalishlarini amalda ro‘yobga chiqarish bo‘yicha ishchi guruhlar tuzilgan. Mazkur ishchi guruhlar zimmasiga amaldagi qonun hujjatlari va normativ hujjatlarni tanqidiy tahlil qilish hamda qayta ko‘rib chiqish, islohotlarni yanada chuqurlashtirish, mamlakatning demokratlashtirish yo‘lidan jadal harakat qilib borishi va fuqarolik jamiyatini shakllantirish borasidagi asosiy maqsad, vazifa va ustuvor yo‘nalishlar amalga oshirilishini tizimli asosda va bosqichma-bosqich ta'minlaydigan qonunlar va normativ hujjatlarning yangi loyihalarini, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari va hukumat qarorlari loyihalarini tayyorlash vazifasi yuklatilgan.
E'tiborli jihati shundaki, tayyorlanishi lozim bo‘lgan qonunlar va normativ hujjatlarning yangi loyihalari ichida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashga qaratilgan bir necha hujjatlar ko‘rsatilgan. Jumladan, “Davlat va xo‘jalik boshqaruvi asoslari to‘g‘risida”gi qonun loyihasi, “Davlat xizmati to‘g‘risida”gi qonun loyihasi, “Tezkor-qidiruv faoliyati to‘g‘risida”gi qonun loyihasi, “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi qonun loyihasi, “O‘zbekiston Respublikasining milliy xavfsizlik xizmati to‘g‘risida”gi qonun loyihasi, “Davlat hokimiyati organlari faoliyatini ommaviy axborot vositalarida yoritish tartibi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi va boshqa shu kabilar.
Shuningdek, tadbirkorlik faoliyatini turli xil davlat organlarining g‘ayriqonuniy aralashuvidan himoyalashga, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda yuzaga keladigan turli byurokratik to‘siqlarni olib tashlashga, shu bilan birga xufyona iqtisodiyotga, korrupsiya va talon-toroj qilishlarga qarshi kurash samaradorligini oshirishga qaratilgan qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan. Jumladan:
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1998 yil 19 noyabrdagi “Xo‘jalik yurituvchi sub'ektlarni tekshirishni tashkil qilishni tartibga solish to‘g‘risida”gi Farmoni;
- O‘zbekiston Respublikasining 1998 yil 24 dekabrdagi “Xo‘jalik yurituvchi sub'ektlar faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish to‘g‘risida”gi Qonuni;
- O‘zbekiston Respublikasining 2000 yil 25 maydagi “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonuni;
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2005 yil 14 iyundagi “Tadbirkorlik sub'ektlarini huquqiy himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni;
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2005 yil 21 sentyabrdagi “Tadbirkorlik faoliyati yuritish uchun ruxsatnoma turlarini qisqartirish va ularni berish tartib-qoidalarini soddalashtirish to‘g‘risida”gi Qarori;
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2005 yil 5 oktyabrdagi “Tadbirkorlik sub'ektlarini tekshirishni yanada qisqartirish va uning tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni;
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2009 yil 15 maydagi “Tadbirkorlik faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori;
- O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009 yil 10 iyundagi “Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda ruxsatnomalar olish tartibotlarini takomillashtirish va soddalashtirish to‘g‘risida”gi Qarori;
- O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 1 apreldagi “Tadbirkorlik sub'ektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, hisobga qo‘yish va ruxsat beruvchi hujjatlarni rasmiylashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi Qarori;
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2011 yil 4 apreldagi “Tadbirkorlik sub'ektlarini tekshirishlarni yanada qisqartirish va ular faoliyatini nazorat qilishni tashkil etish tizimini takomillashtirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni;
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2011 yil 12 maydagi “Tadbirkorlik sub'ektlarini tashkil etish va davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori;
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2011 yil 24 avgustdagi “Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish uchun qulay ishbilarmonlik muhitini shakllantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni;
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2011 yil 25 avgustdagi “Byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish va tadbirkorlik faoliyati erkinligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori;
- O‘zbekiston Respublikasining 2011 yil 13 sentyabrdagi “Tadbirkorlik sub'ektlari faoliyatini tekshirishlar qisqartirilganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonuni va boshqalar.
Ko‘rib chiqqanimizdek, O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurash borasida qator ishlar amalga oshirilib, ijtimoiy hayotning turli jabhalarida uchraydigan bu salbiy illatning oldini olishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlarning katta bazasi yaratilgan.
O‘zbekiston Respublikasining 2017 yil 3 yanvardagi O‘RQ-419-sonli “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonuni Qonunchilik palatasi tomonidan 2016 yil 24 noyabrda qabul qilingan. Senat tomonidan 2016 yil 13 dekabrda ma'qullangan. Mazkur Qonunning maqsadi korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Maskur Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
korrupsiya — shaxsning o‘z mansab yoki xizmat mavqyeidan shaxsiy manfaatlarini yoxud o‘zga shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab moddiy yoki nomoddiy naf olish maqsadida qonunga xilof ravishda foydalanishi, xuddi shuningdek bunday nafni qonunga xilof ravishda taqdim etish;
korrupsiyaga oid huquqbuzarlik — korrupsiya alomatlariga ega bo‘lgan, sodir etilganligi uchun qonun hujjatlarida javobgarlik nazarda tutilgan qilmish;
manfaatlar to‘qnashuvi — shaxsiy (bevosita yoki bilvosita) manfaatdorlik shaxsning mansab yoki xizmat majburiyatlarini lozim darajada bajarishiga ta'sir ko‘rsatayotgan yoxud ta'sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan hamda shaxsiy manfaatdorlik bilan fuqarolarning, tashkilotlarning, jamiyatning yoki davlatning huquqlari va qonuniy manfaatlari o‘rtasida qarama-qarshilik yuzaga kelayotgan yoki yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan vaziyat.
Korrupsiyaga qarshi kurashishning asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:
qonuniylik;
fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining ustuvorligi;
ochiqlik va shaffoflik;
tizimlilik;
davlat va fuqarolik jamiyatining hamkorligi;
korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlar ustuvorligi;
javobgarlikning muqarrarligi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:
aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish;
davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirish;
korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni o‘z vaqtida aniqlash, ularga chek qo‘yish, ularning oqibatlarini, ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun javobgarlikning muqarrarligi prinsipini ta'minlash.
Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni bevosita amalga oshiruvchi davlat organlari quyidagilardan iborat:
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi;
O‘zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati;
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi;
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi;
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamenti.
Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni qonun hujjatlariga muvofiq boshqa davlat organlari ham amalga oshiradi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi va unda ishtirok etuvchi organlar hamda tashkilotlarning faoliyatini muvofiqlashtirish uchun Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi (bundan buyon matnda Idoralararo komissiya deb yuritiladi) tashkil etiladi. Idoralararo komissiyani shakllantirish va uning faoliyati tartibi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilanadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida, viloyatlarda va Toshkent shahrida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha hududiy idoralararo komissiyalar (bundan buyon matnda hududiy idoralararo komissiyalar deb yuritiladi) qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tashkil etiladi.
Idoralararo komissiyaning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat dasturlarining va boshqa dasturlarning ishlab chiqilishi hamda amalga oshirilishini tashkil etish;
korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi va unda ishtirok etuvchi organlar hamda tashkilotlarning faoliyatini muvofiqlashtirish va hamkorligini ta'minlash;
aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga doir chora-tadbirlarning ishlab chiqilishi hamda amalga oshirilishini tashkil etish;
korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning oldini olishga, ularni aniqlashga, ularga chek qo‘yishga, ularning oqibatlarini, shuningdek ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etishga doir chora-tadbirlar samaradorligi oshirilishini ta'minlash;
korrupsiyaning holati va tendensiyalari to‘g‘risidagi axborotni yig‘ish hamda tahlil etish;
korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirilishi yuzasidan monitoringni amalga oshirish, ushbu sohadagi mavjud tashkiliy-amaliy va huquqiy mexanizmlarning samaradorligini baholash;
korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish va ushbu sohadagi ishlarni yaxshilash yuzasidan takliflar tayyorlash;
hududiy idoralararo komissiyalar faoliyatini muvofiqlashtirish.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi o‘z vakolatlari doirasida:
korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat dasturlarini va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining aniq va bir xilda ijro etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi tezkor-qidiruv faoliyatini, surishtiruvni, dastlabki tergovni, shuningdek huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshiruvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiradi;
korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlar bo‘yicha dastlabki tergovni amalga oshiradi;
korrupsiyaning holati va korrupsiyaga qarshi kurashish natijalari to‘g‘risidagi axborotni yig‘ish hamda tahlil qilishni amalga oshiradi;
jismoniy va yuridik shaxslarning korrupsiya faktlariga doir murojaatlarini ko‘rib chiqadi hamda ularning buzilgan huquqlarini tiklash va qonuniy manfaatlarini himoya qilish choralarini ko‘radi;
korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi qonun ijodkorligi faoliyatida, shu jumladan qonunchilik tashabbusi huquqini amalga oshirishda ishtirok etadi;
aholi o‘rtasida jamiyatda huquqiy ongni, huquqiy madaniyatni yuksaltirishga va qonuniylikni mustahkamlashga qaratilgan huquqiy targ‘ibotga doir faoliyatda ishtirok etadi;
korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning o‘z vaqtida oldi olinishini, aniqlanishini va ularga chek qo‘yilishini ta'minlashga, ularning oqibatlarini, shuningdek ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etishga doir tadbirlarni ishlab chiqadi hamda amalga oshiradi;
korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi va unda ishtirok etuvchi boshqa organlar hamda tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi;
korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida xalqaro hamkorlikni amalga oshiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati o‘z vakolatlari doirasida:
korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat dasturlarini va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlar bo‘yicha tezkor-qidiruv faoliyatini, surishtiruvni va dastlabki tergovni amalga oshiradi;
korrupsiyaning holati va korrupsiyaga qarshi kurashish natijalari to‘g‘risidagi axborotni yig‘adi hamda tahlil qiladi, milliy xavfsizlik uchun tahdidlarni baholashni amalga oshiradi, tegishli davlat organlariga zarur axborotni taqdim etadi;
jismoniy va yuridik shaxslarning korrupsiya faktlariga doir murojaatlarini ko‘rib chiqadi hamda ularning buzilgan huquqlarini tiklash va qonuniy manfaatlarini himoya qilish choralarini ko‘radi;
korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning o‘z vaqtida oldi olinishini, aniqlanishini va ularga chek qo‘yilishini ta'minlashga, ularning oqibatlarini, shuningdek ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etishga doir tadbirlarni ishlab chiqadi hamda amalga oshiradi;
korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi va unda ishtirok etuvchi boshqa organlar hamda tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi;
korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida xalqaro hamkorlikni amalga oshiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi o‘z vakolatlari doirasida:
korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat dasturlarini va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlar bo‘yicha tezkor-qidiruv faoliyatini, surishtiruvni va dastlabki tergovni amalga oshiradi;
korrupsiyaning holati va korrupsiyaga qarshi kurashish natijalari to‘g‘risidagi axborotni yig‘adi hamda tahlil qiladi, tegishli davlat organlariga zarur axborotni taqdim etadi;
jismoniy va yuridik shaxslarning korrupsiya faktlariga doir murojaatlarini ko‘rib chiqadi hamda ularning buzilgan huquqlarini tiklash va qonuniy manfaatlarini himoya qilish choralarini ko‘radi;
aholi o‘rtasida jamiyatda huquqiy ongni, huquqiy madaniyatni yuksaltirishga va qonuniylikni mustahkamlashga qaratilgan huquqiy targ‘ibotga doir faoliyatda ishtirok etadi;
korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi statistika ma'lumotlarining hisobi yuritilishini va tahlil qilinishini ta'minlaydi;
korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning o‘z vaqtida oldi olinishini, aniqlanishini va ularga chek qo‘yilishini ta'minlashga, ularning oqibatlarini, shuningdek ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etishga doir tadbirlarni ishlab chiqadi hamda amalga oshiradi;
korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi va unda ishtirok etuvchi boshqa organlar hamda tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi;
korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida xalqaro hamkorlikni amalga oshiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi o‘z vakolatlari doirasida:
korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat dasturlarini va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi qonun ijodkorligi faoliyatida ishtirok etadi;
aholi o‘rtasida jamiyatda huquqiy ongni, huquqiy madaniyatni yuksaltirishga va qonuniylikni mustahkamlashga qaratilgan huquqiy targ‘ibotga doir faoliyatni amalga oshiradi hamda muvofiqlashtiradi;
ta'lim muassasalarida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida huquqiy ta'lim va tarbiyaga doir chora-tadbirlarni amalga oshirishda ishtirok etadi;
normativ-huquqiy hujjatlardagi hamda ularning loyihalaridagi korrupsiya uchun shart-sharoitlar yaratadigan qoidalar va normalarni aniqlash maqsadida ushbu hujjatlar va loyihalarning tahlilini amalga oshiradi;
korrupsiyaga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish bo‘yicha choralar ko‘radi;
korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi va unda ishtirok etuvchi boshqa organlar hamda tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi;
korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida xalqaro hamkorlikni amalga oshiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti o‘z vakolatlari doirasida:
korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat dasturlarini va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish bilan bog‘liq jinoyatlar va korrupsiya bilan bog‘liq boshqa jinoyatlar bo‘yicha tezkor-qidiruv faoliyatini, surishtiruvni amalga oshiradi;
jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishning ehtimol tutilgan yo‘llari va mexanizmlarini aniqlash uchun pul mablag‘lari yoki boshqa mol-mulk bilan bog‘liq operatsiyalarning monitoringini tashkil etadi hamda o‘tkazadi;
jinoiy ta'qib etishni tashkil qilish va huquqiy ta'sir ko‘rsatishning boshqa choralarini ko‘rish uchun tegishli davlat organlarini korrupsiyaga oid aniqlangan huquqbuzarliklar to‘g‘risida o‘z vaqtida xabardor qiladi;
korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning o‘z vaqtida oldi olinishini, aniqlanishini va ularga chek qo‘yilishini ta'minlashga, ularning oqibatlarini, shuningdek ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etishga doir tadbirlarni ishlab chiqadi hamda amalga oshiradi;
korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi va unda ishtirok etuvchi boshqa organlar hamda tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi;
korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida xalqaro hamkorlikni amalga oshiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamenti qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
Ommaviy axborot vositalari:
korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat dasturlarini va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirishga, shu jumladan aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga qaratilgan tadbirlarni yoritadi;
korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining ijro etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshiradi;
korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida davlat organlari va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi.
Ommaviy axborot vositalari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa tadbirlarda ham ishtirok etishi mumkin.
Davlat organlari va boshqa tashkilotlar korrupsiyaga qarshi kurashish maqsadida aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘radi, shu jumladan korrupsiyaga qarshi kurashish masalalariga doir tushuntirish ishlarini amalga oshirish, huquqiy tarbiya va ta'limni, ilmiy-amaliy tadbirlarni tashkil etish, o‘quv-uslubiy va ilmiy adabiyotlarni ishlab chiqish yo‘li bilan zarur chora-tadbirlar ko‘radi.
Ta'lim muassasalarida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi huquqiy ta'lim va tarbiya belgilangan davlat ta'lim standartlariga muvofiq amalga oshiriladi.
Davlat ta'limni boshqarish organlari va ta'lim muassasalari korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlarini inobatga olgan holda ta'lim muassasalarida huquqiy ta'lim va tarbiyaga, mutaxassislarni kasbiy tayyorlashning sifatini oshirishga, ta'lim dasturlarini doimiy ravishda takomillashtirib borishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqadi.
Davlat boshqaruvi sohasida korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlar quyidagilardan iborat:
davlat organlari faoliyatining ochiqligini va ularning hisobdorligini ta'minlash, davlat boshqaruvi tizimining samaradorligini oshirish, davlat organlarining, ular mansabdor shaxslarining va boshqa xodimlarining o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarishi yuzasidan mas'uliyatini kuchaytirish;
korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida davlat organlarining faoliyati ustidan parlament va jamoatchilik nazoratini amalga oshirish;
davlat organlarining va ular xodimlarining faoliyatida korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarga yo‘l qo‘ymaslik;
davlat organlarining mansabdor shaxslari va boshqa xodimlari tomonidan o‘z mansab yoki xizmat majburiyatlarining bajarilishi samaradorligi mezonlarini, standartlarini va uning sifatini baholash tizimlarini joriy etish;
davlat organlari xodimlarining kasbiy hamda xizmatdan tashqari faoliyatdagi odob-axloqining yagona prinsiplari va qoidalarini belgilovchi odob-axloq qoidalarini samarali amalga oshirish;
davlat organlari xodimlari manfaatlarining to‘qnashuvini hal qilishning tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish, ularga rioya etilishi yuzasidan monitoring o‘tkazilishini ta'minlash;
davlat organlari xodimlarining huquqiy maqomini belgilash, xizmatni o‘tashning shaffof tartibini o‘rnatish, shaxsiy va kasbiy sifatlar, ochiqlik, beg‘arazlik, adolatlilik va xolislik prinsiplari asosida tanlov bo‘yicha saralash hamda xizmatda ko‘tarilish tizimini joriy etish;
davlat organlari tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etilishi, murojaatlarning to‘liq, xolisona va o‘z vaqtida ko‘rib chiqilishi, ular tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning buzilgan huquqlari, erkinliklarini tiklash hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha o‘z vakolatlari doirasida choralar ko‘rilishi ustidan nazoratni ta'minlash;
davlat organlari faoliyatida korrupsiyaning oldini olishga doir tadbirlarning amalga oshirilishi yuzasidan ushbu organlar tomonidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar samaradorligini baholagan holda muntazam ravishda monitoring o‘tkazish;
normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasini tashkil etish;
davlat organlarining mansabdor shaxslari va boshqa xodimlarining samarali ijtimoiy himoya qilinishini, moddiy ta'minot olishini va rag‘batlantirilishini ta'minlash.
Qonun hujjatlarida davlat boshqaruvi sohasida korrupsiyaning oldini olishga doir boshqa chora-tadbirlar ham nazarda tutilishi mumkin.
Davlat organlarining va o‘zga tashkilotlarning mansabdor shaxslari hamda boshqa xodimlari qonun hujjatlariga rioya etishi, o‘z mansab yoki xizmat majburiyatlarini beg‘arazlik bilan, xolisona, vijdonan, odob-axloq qoidalariga rioya etgan holda bajarishi hamda korrupsiyaga oid biror-bir huquqbuzarlikni sodir etishdan yoki bunday huquqbuzarliklarni sodir etish uchun shart-sharoitlar yaratadigan boshqa har qanday harakatlardan o‘zini tiyishi shart.
Korrupsiya sohasidagi tadqiqotlar
Korrupsiyaning holatini, xususiyatini, miqyoslarini, o‘zgarishlarini va tendensiyalarini, shuningdek korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatining amalga oshirilish samaradorligini o‘rganish davlat organlari tomonidan fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va boshqa tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari, shuningdek fuqarolar bilan hamkorlikda sotsiologik, maxsus, ilmiy tadqiqotlar hamda boshqa turdagi tadqiqotlar o‘tkazish yo‘li bilan doimiy asosda amalga oshiriladi.
Sotsiologik tadqiqotlar korrupsiyaga eng ko‘p duchor bo‘lgan tarmoqlar va sohalarni, uning yuzaga kelishi sabablari va shart-sharoitlarini aniqlash, shuningdek mazkur faoliyatga jalb etilgan ijtimoiy guruhlarni aniqlash maqsadida sotsiologik so‘rovlar o‘tkazish va boshqa usullardan foydalanish yo‘li bilan jamoatchilik fikrini tizimli o‘rganishni o‘z ichiga oladi.
Maxsus tadqiqotlar huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlarning korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyati natijalarini, korrupsiyaga oid jinoyatchilikning holatini, korrupsiya ko‘rsatkichlarining statistika hisobini muntazam ravishda tizimli tahlil qilishni, davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida korrupsiyaning xususiyati va miqyoslarini, o‘zgarishlari va tendensiyalarini o‘rganishni o‘z ichiga oladi.
Ilmiy tadqiqotlar korrupsiyaga qarshi kurashish muammolari bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar o‘tkazishni, ilmiy uslubiyotlar va tavsiyalar ishlab chiqishni, ularni amaliyotga oqilona joriy etishni, korrupsiyaga qarshi kurashishda qo‘llanilayotgan shakllar va usullar samaradorligini prognoz qilish hamda ilmiy tahlil etishni o‘z ichiga oladi.
Davlat korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlaydi va rag‘batlantiradi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida xalqaro hamkorlik O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlari va xalqaro shartnomalariga muvofiq amalga oshiriladi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi davlat organlari chet davlatlarning vakolatli organlariga zarur axborotni taqdim etish to‘g‘risida so‘rovlar yuborish va ularning so‘rovlariga javob berish huquqiga ega.
Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi davlat organlari korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar natijasida olingan mol-mulkni O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlari va xalqaro shartnomalariga muvofiq qaytarish choralarini ko‘radi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 27-maydagi PF-5729-sonli “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni korrupsiyaga qarshi kurashish yuzasidan yana bir normativ xujjati xisoblanadi.
Keyingi yillarda mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida muhim tashkiliy-huquqiy islohotlar amalga oshirildi. Aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirishga, jamiyatda korrupsiyaga murosasiz munosabatni shakllantirishga yo‘naltirilgan tizimli choralar ko‘rildi.
Islohotlarni amalga oshirish doirasida fuqarolarning huquq va manfaatlari himoya qilinishini, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati ochiqligini, jamoat va parlament nazoratini ta’minlash mexanizmlari takomillashtirildi, shuningdek, huquqni muhofaza qilish va sud organlari faoliyatining huquqiy asoslari isloh qilindi.
Shu bilan birga, iqtisodiyotni yanada o‘stirish, xalq farovonligini oshirish, mamlakatda investitsiya muhitini yaxshilash borasidagi strategik vazifalarni hal etish korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida davlat siyosatining samarali amalga oshirilishini ta’minlash hamda korrupsiya ko‘rinishlarining sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etish bo‘yicha yangi tizimli choralar ko‘rilishini taqozo qilmoqda.
2019-yil 27-maydagi PF-5729-sonli “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga asosan Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimi samaradorligini oshirish, eng yuqori darajadagi qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish, mamlakatning xalqaro maydondagi ijobiy obro‘-e’tiborini oshirish maqsadida, shuningdek, 2017 — 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarga muvofiq:
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, jamoat birlashmalari va boshqa tashkilotlar Davlat dasturining har bir bandi bo‘yicha maqsadlarga erishishda samaradorlik indikatorlarini ishlab chiqsin va O‘zbekiston Respublikasi korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi bilan kelishib olsin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalarida korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari bo‘yicha qo‘mitalar tashkil etilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
Idoralararo komissiya ikki oy muddatda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha namunaviy tadbirlarning idoraviy dasturini O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari bo‘yicha qo‘mitalariga muhokama qilish va kelishish uchun kiritsin.
3. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar xalq deputatlari kengashlari, tuman va shahar xalq deputatlari kengashlarining tarkibida korrupsiyaga qarshi kurashish komissiyalarini tashkil etish tavsiya qilinsin, ularning zimmasiga:
joylarda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi ishlarning holatini kompleks o‘rganish;
joylarda korrupsiya ko‘rinishlari namoyon bo‘lishiga olib keladigan tizimli muammolar va korrupsiyaning holati to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari bo‘yicha qo‘mitalariga ushbu sohadagi faoliyatni takomillashtirish yuzasidan takliflar kiritgan holda muntazam ravishda axborot berib borish funksiyalari yuklansin.
4. Belgilab qo‘yilsinki:
a) korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari o‘rta muddatli istiqbolda quyidagilardan iborat:
sud hokimiyatining mustaqilligini yanada mustahkamlash, sudyalarga har qanday tarzda qonunga xilof ravishda ta’sir o‘tkazish shart-sharoitlarini istisno etish;
davlat xizmatchilarini tanlov asosida saralab olish, lavozimga tayinlash va yuqori lavozimlarga ko‘tarishning shaffof tartibiga asoslangan davlat xizmati tizimini shakllantirish, ular uchun cheklovlar, taqiqlashlar, rag‘batlantirish choralari hamda korrupsiyaning oldini olish boshqa mexanizmlarining aniq ro‘yxatini belgilash;
davlat xizmatchilari daromadlarini deklaratsiya qilish tizimini bosqichma-bosqich joriy etish va ularning ish haqi yetarli darajada bo‘lishini ta’minlash, shuningdek, davlat xizmatini o‘tashda manfaatlar to‘qnashuvini hal etishning tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish;
korrupsiya bilan bog‘liq huquqbuzarliklar to‘g‘risida xabar bergan shaxslarni himoya qilishning samarali tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini joriy etish;
aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yanada oshirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni kuchaytirish;
davlat organlari va tashkilotlarining hisobdorligi va faoliyatining shaffofligini oshirish;
fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari faoliyatining chinakam erkinligini ta’minlash va ularni korrupsiyaga qarshi choralarni tayyorlash, o‘tkazishda va ijrosini monitoring qilishda ishtirok etishga jalb qilish;
b) idoraviy korrupsiyaga qarshi kurashishning samarali dasturlarini amalga oshirish, ularning hisobdorligi va faoliyatining ochiqligi mexanizmlarini joriy etish, odob-axloq qoidalariga rioya etilishi va manfaatlar to‘qnashuvining oldi olinishini ta’minlash bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarni bajarish orqali tegishli sohada korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarga imkon yaratayotgan sabablar va shart-sharoitlarni tag-tomiri bilan yo‘qotish davlat organlari va tashkilotlari rahbarlarining birinchi darajadagi muhim vazifasi hisoblanadi.
5. Belgilansinki:
a) 2019-yil 1-iyuldan boshlab davlat organlari zimmaga yuklangan vazifa va funksiyalarni amalga oshirishda yuzaga keladigan korrupsiya xavf-xatarlarini vaqti-vaqti bilan majburiy baholab boradi, uning yakunlari bo‘yicha:
korrupsiya xavf-xatariga eng ko‘p duch keladigan davlat xizmatchilarining faoliyat sohalari va lavozimlari, shuningdek, ularning funksiyalari (vakolatlari)ning ro‘yxatini shakllantiradi;
idoraviy korrupsiyaga qarshi kurashish dasturlari ijrosining har choraklik monitoringini amalga oshiradi va korrupsiyaviy xavf-xatarlarni minimum darajaga tushirish choralarini ko‘radi;
O‘zbekiston Respublikasi korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi (keyingi o‘rinlarda — Milliy kengash) bilan kelishgan holda har yilgi idoraviy korrupsiyaga qarshi kurashish dasturlarini tasdiqlaydi;
har yili Milliy kengashga tegishli organlar va tashkilotlar faoliyatida, shu jumladan, qonunchilikni va huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish orqali korrupsiya xavf-xatarlariga barham berish bo‘yicha takliflarni kiritadi;
b) davlat boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlari korrupsiya xavf-xatarlarini o‘z vaqtida aniqlamaganliklari va tegishli baho bermaganliklari, shuningdek, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni takroran sodir etish holatlariga yo‘l qo‘yganliklari yuzasidan shaxsan javobgar bo‘ladi.
6. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Adliya vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi Bosh prokuratura bilan birgalikda:
yoshlarga korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida huquqiy ta’lim berish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqsin va 2019-yil 1-sentabrdan boshlab tatbiq etsin;
umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi va oliy ta’lim muassasalarining o‘quv dasturlarida korrupsiyaga qarshi mavzular yanada kuchaytirilishini ta’minlasin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Bosh prokuratura, Adliya vazirligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda, shu jumladan texnik infratuzilmani va zarur dasturiy ta’minotni yaratishga oid zaruriy chora-tadbirlarni amalga oshirishni nazarda tutgan holda muayyan toifadagi davlat xizmatchilarining mulki va daromadlarini deklaratsiya qilish tizimini bosqichma-bosqich joriy etish bo‘yicha takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi:
O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda davlat organlari, shu jumladan mahalliy organlar tomonidan rasmiy veb-saytlar va “ishonch telefonlari”dan ular faoliyatining ochiqligini va axborot olish imkoniyatini ta’minlash vositasi sifatida foydalanishlari ustidan doimiy monitoringni amalga oshirsin;
O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, ushbu Farmonning amalga oshirilishi uchun mas’ul bo‘lgan davlat organlari va tashkilotlari bilan birgalikda ommaviy axborot vositalari va internet-resurslarda, shu jumladan chet el ommaviy axborot vositalarida keng ko‘lamdagi axborot-targ‘ibot ishlarini tashkil etish chora-tadbirlarini doimiy asosda amalga oshirib, ularda taniqli olimlar, davlat organlari rahbarlari hamda jamoatchilik vakillarining chiqishlarini nazarda tutsin hamda korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha brifinglar, internet-konferensiyalar, televizion ko‘rsatuvlarda ularning ishtirok etishlarini ta’minlasin;
Taʼkidlash lozimki, korrupsiya keltiradigan zarar barcha davlatlar uchun teng sanalib, mazkur illat davlatning turli sohalariga, xususan siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy jabhalarida amalga oshirilayotgan islohotlarga hamda mamlakatning xalqaro maydondagi imidji va investitsiyaviy jozibadorligiga salbiy taʼsir ko‘rsatadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning 2020 yil 24 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga qilgan Murojaatnomasida taʼkidlaganidek, “Jamiyatimizda korrupsiya illati o‘zining turli ko‘rinishlari bilan taraqqiyotimizga g‘ov bo‘lmoqda. Bu yovuz baloning oldini olmasak, haqiqiy ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaratib bo‘lmaydi, umuman, jamiyatning birorta tarmog‘i rivojlanmaydi”
|
| |