|
Muammoli o‘qitish texnologiyasi takomillashgan oʻqitish texnologiyasi sifatida
|
bet | 20/63 | Sana | 13.05.2024 | Hajmi | 1,43 Mb. | | #228404 |
Bog'liq Majmua 4-k Ona tili va o`qish sav.2023 (1)Muammoli o‘qitish texnologiyasi takomillashgan oʻqitish texnologiyasi sifatida.
Muammoli ta’lim - bu o‘quvchilar tomonidan bilimlarni ijodiy “kashf etish” bilan tavsiflanadigan ta’lim turi. Muammoli ta’limning o‘rni - bu har qanday predmet tarkibidagi yangi materialni o‘rganish darsidir. Muammoli metoddan foydalanishning muvaffaqiyati o‘qituvchining manfaatdor pozitsiyasiga va talabalarning yuqori ichki motivatsiyasiga bog‘liq. An’anaviy pedagogik usuldagi- bilimlardan muammoga qarab-o‘quvchilar ilmiy izlanish ko‘nikma va malakalarini hosil qila olmaydi, chunki ularga o‘zlashtiirsh uchun tayyor natijalar taqdim etiladi. Muammoning yechimi ijodiy fikrlashni taqozo etadi. O‘zlashtirilgan bilimlar shablonlarini takrorlash bilan bog‘liq bo‘lgan reprodukriv psixik jarayonlar, muammoli vaziyatlarda hech qanday samara bermaydi. Agar inson muntazam tayyor bilim va ko‘nikmalarni o‘zlashtirishga o‘rgatilgan bo‘lsa, uning tabiiy ijodiy qobiliyatini so‘ndirish ham mumkin; u mustaqil fikrlashni “esdan chiqaradi”. Fikrlash jarayoni muammoli masalalarni yechishda a’lo darajada namoyon bo‘ladi va rivojlanadi.
Muammoli ta’limning asosini muammo (yun. “to‘siq”, “qiyinchilik, arab. “jumboqli”, “sirli”, “tushunilishi qiyin”) – hal qilinishi muhim) yoki muammoli vaziyat tashkil etib, muammoli ta’lim texnologiyasi ularning yechimini topishga xizmat qiladi. Ko‘p holatlarda muammo va muammoli vaziyat sinonimlardek qabul qilinadi. Aslida esa ular bir-biridan farq qiladi.
Muammoli o‘qitish muammolar tahlilini o‘z ichiga olgan muammoli vaziyatlar yaratish orqali ilmiy bilimlar mantig‘ini namoyish etadigan o‘qitish jarayoni hisoblanadi. Muammoli o‘qitishda kechadigan jarayonlarning psixologik mexanizmi quyidagicha bo‘ladi: inson ziddiyatli, yangi, noma’lum muammoga (muammo – murakkab nazariy yoki amaliy masala bo‘lib, yashirin ziddiyatlarni qamrab oladi, uning yechimi turli, hatto muqobil vaziyatlarni talab etadi) duch keladi, unda hayratlanish, ajablanish holati paydo bo‘ladi, “gap nimada?” degan savol tug‘iladi.
O‘quvchi noma’lum yechimni topish uchun mustaqil yoki o‘qituvchi yordamida izlanadi. Muammoni jamoaviy hal etishda paydo bo‘luvchi, subyekt-obyekt-subyekt munosabatlari ijodiy fikrlashni faollashtirishga olib keladi. Muammoli o‘qitish takomillashgan o‘qitish texnologiyasidir. Hozirgi oliy maktabdagi samarali o‘qitish texnologiyasi muammoli ta’limdir. Uning vazifasi faol bilish jarayoniga undash va tafakkurda ilmiy-tadqiqot uslubini shakllantirishdir. Muammoli ta’lim ijodiy faol shaxs tarbiyasi maqsadlariga mos keladi.
Bugungi kunda muammoli o‘qitish deganda mashg‘ulotlarda pedagog tomonidan yaratiladigan muammoli vaziyatlar va ularni yechishga qaratilgan o‘quvchilarning faol mustaqil faoliyati tushuniladi. Buning natijasida talabalar kasbiy bilimlarga, ko‘nikmalarga, malakalarga ega bo‘ladilar va fikrlash qobiliyatlari rivojlanadi.
Muammoli o‘qitish o‘qitishning shaxsga yo‘naltirilgan texnologiyalarga taalluqli, chunki bu yerda shaxs subyekt sifatida qaraladi, muammoli vaziyatlarning maqsadi - pedagogik jarayonda o‘ziga xos qiziqish uyg‘otishdir. O‘quv materialini muammoli taqdim etilishining mohiyati shundaki, unda o‘qituvchi bilimlarni tayyor holda taqdim etmasdan, o‘quvchilar oldiga muammoli masalalar qo‘yadi, ularni yechimining yo‘llari va vositalarini izlashga undaydi. Muammo yangi bilimlar va harakat usullar sari o‘zi yo‘lga boshlaydi.
Muammoli ta’lim talabalarda ijodiy izlanish, kichik tadqiqotlarni amalga oshirish, muayyan farazlarni ilgari surish, natijalarni asoslash, ma’lum xulosalarga kelish kabi ko‘nikma va malakalarni shakllantirishga yo‘naltirilgan ta’lim hisoblanadi.
|
| |