|
Frazemalarning ma’no munosabatiga ko‘ra turlari
|
bet | 27/122 | Sana | 30.11.2023 | Hajmi | 0,59 Mb. | | #108788 |
Bog'liq “Boshlang‘ich va maktabgacha ta’lim metodikasi” kafedrasi O‘zbek-fayllar.orgFrazemalarning ma’no munosabatiga ko‘ra turlari. Bunday munosabat asosida frazeologik sinonimiya va frazeologik antonimiya hodisalari yuzaga keladi.
Frazeologik sinonimiyabir necha frazemaning bitta frazeologik ma’no atrofida birlashishidir. Masalan: 1) pixini yorgan – «ayyor», 2) ilonning yog‘ini yalagan – «ayyor» kabi. Yana: 1) yer bilan osmoncha – «Juda katta farq», 2) ot bilan tuyacha – «Juda katta farq» kabi.
Leksik sinonimiyada bo‘lganidek, frazeologik sinonimiyada ham sinonimik qatorlar yuzaga keladi: birinchi misoldagi pixini yorgan va ilonning yog‘ini yalagan frazemalari «ayyor» ma’nosi bilan bitta sinonimik qatorni; ikkinchi misoldagi yer bilan osmoncha va ot bilan tuyacha frazemalari esa «juda katta farq» ma’nosi bilan bir sinonimik qatorni hosil qilmoqda.
Frazeologik sinonimlarda uslubiy bo‘yoq, odatda, bo‘rtib turadi. Aslida, frazeologik birliklar (frazemalar) xuddi shu maqsadda – voqelikni nomlashda uni o‘tkir baholab berish uchun, shu voqelikka ijobiy yoki salbiy munosabat ifodalash uchun yaratiladi, shuning uchun ular nutqning ta’sirchan, obrazli bo‘lishini ta’minlovchi muhim uslubiy vosita sanaladi. Misollar: 1. Bunga Botirning achchig‘i keldi, buni Bo‘ston sezdi (S.N). 2) Keyingi nasihatomuz gapi qonini qaynatib yubordi. (S. A).
Frazeologik sinonimiya hodisasi ko‘proq har bir tilning o‘z frazemalari doirasida uchraydi: Qilidanquyrug‘igacha. – Ipidan ignasigacha; Quvonchi olamga sig‘maydi. – Sevinchi ichiga sig‘maydikabi. Boshqa tildan frazema o‘zlashtirish juda passiv bo‘lganligidan, o‘zlashma iboralarning frazeologik sinonimiya doirasiga tortilishi juda kam uchraydi.
Frazeologik sinonimiya hodisasini frazeologik variatsiyadan farqlash kerak: frazeologik sinonimiyada bir necha frazema bir ma’no atrofida birlashadi, demak, bitta sinonimik qatorni hosil qiladi; frazeologik variatsiyada esa bitta frazemaning ichki ko‘rinishlari nazarda tutiladi, bunday ko‘rinishlar sinonimik qator hosil qilmaydi. Masalan: 1) ko‘zini yummoq; 2) bandalikni bajo keltirmoq; 3) jon bermoq. Bu uch frazema bitta ma’noni – «vafot etmoq»ni bildiradi, shunga ko‘ra bitta sinonimik qatorga birlashadi. Qo‘lini bigiz qilmoq va barmog‘ini bigiz qilmoq qo‘shilmalari esa ikkita frazema emas: ular bitta frazemaning ikkita ko‘rinishi, xolos. Bu frazema tarkibidagi "qo‘l" va "barmoq" so‘zlari o‘rtasida sinekdoxa yo‘li bilan ma’no ko‘chishi (butun va qism munosabati) bor, bu hol "qo‘l" so‘zi o‘rnida "barmoq" so‘zining qo‘llanishiga yo‘l ochgan, ammo bir frazema o‘rnida butunlay boshqa frazema yuzaga kelmagan, shunga ko‘ra ular bitta frazemaning ichki ko‘rinishlari – variatsiyalari sanaladi. Demak, variatsiyalar bir obrazga asoslanadi. Yana misollar: Kiprik qoqmaslik.- Mijja qoqmaslik (bir frazemaning ikki varianti, chunki "kiprik" va "mijja" so‘zlarida bitta obraz mujassam).
Ba’zan leksema bilan frazema bir sinonimik qatorga birlashadi: qaramoq (leksema) – ko‘z qirini tashlamoq (frazema), xursand (leksema) – boshi osmonda (frazema) kabi. Bular leksik-frazeologik sinonimlardir. Leksik-frazeologik sinonimlar qatorida leksema dominanta sanaladi. Demak, lug‘aviy sinonimlar uch xil bo‘ladi:1) leksik sinonimlar (sinonimik qatorda faqat so‘zlar birlashadi); 2) frazeologik sinonimlar (sinonimik qatorda faqat frazemalar birlashadi); 3) leksik-frazeologik sinonimlar (sinonimik qatorda so‘z va frazemalar birlashadi).
Frazeologik antonimiya ikki frazemaning o‘zaro zid ma’no ifodalashidir: oshig‘i olchi va ishi o‘ngidan kelmaslik; boshi ko‘kka yetmoq va fig‘oni falakka chiqmoq kabi.
Antonimiya hodisasi ikki frazema o‘rtasidagina emas, leksema bilan frazema o‘rtasida ham yuzaga kelishi mumkin: xursand (leksema)-dili siyoh (frazema), landavur (leksema)-yulduzni benarvon uradigan (frazema) kabi. Bular lug‘aviy antonimlarning leksik-frazeologik turi sanaladi. Demak, lug‘aviy birliklar o‘zaro zid ma’no anglatishiga ko‘ra leksik antonimlar (so‘z bilan so‘z o‘rtasida), frazeologik antonimlar (frazema bilan frazema o‘rtasida) va leksik-frazeologik antonimlar (so‘z bilan frazema o‘rtasida) kabi mikrosistemalarni hosil qilishlari mumkin.
|
| |