43
Masalan, kiyimlari tozalanmay, yoqasining yag‘iri chiqib ketgan
o‘qituvchi so‘zsiz bolalarga ibrat bo‘la olmaydi. O‘qituvchi bolalarga faqat
tozalik borasida emas, har sohada ibrat bo‘ladigan bo‘lishi lozim. Xususan,
u odobi, bir so‘zligi, halolligi, sof vijdonliligi, adolatparvarligi,
mehribonligi bilan ajralib turadi. Shuni ham qayd qilish lozimki, o‘qituvchi
ishining murakkabligi shundaki, u ham ta’lim ham tarbiya beradi.
Bu esa o‘qituvchidan ko‘p vaqt, mas’uliyat va ijodkorlikni talab etadi.
O‘qituvchining birovlarni o‘qishga majbur etib o‘rgatishi ham, o‘zini-o‘zi
majbur etishi ham oddiy ish emas. Hamma gap shundaki, hamma yoshlar
bir xil emas. Birovlari o‘qishga o‘zlari harakat qilsalar, boshqalarni
majburlash kerak bo‘ladi. Ko‘pchilik hollarda bir emas, butun bir jamoani
majburlash kerak bo‘ladi. Bunday hollarda yoshlarni ishga jalb etish,
intizomli bo‘lishga erishish ayniqsa og‘ir kechadi. Maqsadga erishish
uchun eng avvalo shu jamoa orasida obro‘ qozonmoq zarur. Tasviriy san’at
o‘qituvchisi bolalarning psixologik xususiyatlarini yaxshi bilgandagina u
kutilgan natijalarga erisha oladi. Bu narsa ko‘proq o‘qituvchining
kuzatuvchanligiga bog‘liq. U faqat tevarak-atrofdagi voqea va
hodisalarnigina emas, bolalarda va ularning harakatlarida sodir
bo‘layotgan jarayonlarni kuzatib borishi, ulardan tegishli xulosalar
chiqarib olishlari, shunga yarasha tegishli choralar ko‘rishi kerak boladi.
Kuzatuvchan o‘qituvchi bir vaqtning o‘zida juda ko‘p jarayonlarni
hayolidan o‘tkazadi. Xususan, dars berayotganda, qaysi bola nima haqida
o‘ylayapti, nega shunday harakatlar qilayapti, rost gapirayaptimi yoki
yolg‘onmi, qaysi bolalarga yordam berish kerak-u, qaysinisiga shart emas,
qaysi bolalar mashg‘ulotga qiziqayaptilar, qaysilari yoq v.b.
O‘qituvchining psixik jarayonlaridan hisoblangan tasavvur, uning
faoliyatida muhim rol oynaydi. Agarda uning bu xususiyati yaxshi
rivojlangan bo‘lsa, u mashg‘ulotlarda narsalar va hodisalarning o‘lchovi,
shakli, rangi, tuzilishi, holati, harakati kabilarni tezda va jonli tasavvur
etib, ularni bolalar ongiga osongina yetkaza oladi. Natijada, uning
bolalarga beradigan ma’lumot va tushunchalari ishonarli chiqadi.
Tasavvuri yaxshi rivojlangan o‘qituvchilar o‘zlarining gaplari bolalarga
qanday ta’sir ko‘rsatishi, qanday fikr tug‘ilishini oldindan bila oladilar va
shunga yarasha o‘zlarini tayyorlaydilar.