93
(turfa “yozma”) tahsil uslublarining uyg‘unlashuv tamoyili ham jadal
shakllanmoqda. Bu jarayonda asqotishi mumkin bo‘lgan “og‘zaki” uslub
asosidagi ta’lim an’analari talaygina bo‘lib, shulardan ayrimlari haqida
muxtasar to‘xtalib o‘tmoqchimiz. Ma’lumki, maqomlar o‘tmishdan bizning
davrga qadar asosan og‘zaki an’ana tarzida, ya’ni, “ustozdan–shogirdga”
vositasi o‘laroq meros etib keldi. Demak, bu san’atni astoydil o‘rganish
istagida bo‘lgan har bir talaba, eng avvalo, shu mutaxassislik bo‘yicha
ustozga shogird maqomida “bog‘lanishi” ko‘zda tutiladi. Bunga
madaniyatimiz tarixi guvoh: uzoq o‘tmishdan buyon kasbhunar
o‘rganishga, shu jumladan, san’at turlarini o‘zlashtirishga bel bog‘lagan
ota-bobolarimiz birinchi galda shu soha mutaxassisi bo‘lgan ustozga
shogird tushish harakatida bo‘lganlar. Ayni vaqtda, musiqa san’atiga ilk
odim ham tinglov madaniyati hisoblanadi. Boshqacha aytganda, musiqa,
eng avvalo, bu – qalb ila tinglay bilish san’atidir. Akademik Yunus
Rajabiyning maqom o‘rganish istagida bo‘lgan yangi avlod vakiliga:
“ko‘proq diqqat bilan tingla, shunda kuy dilingga ko‘cha boshlaydi” kabi
ta’kidli
ko‘rsatmasi
ham
“ustoz-shogird”
maktabining
muhim
tayanchlaridan biriga borib taqaladi. Ittifoqo, shogirdlar ustozlari ijrosidagi
maqom namunalarini avvalambor yuksak tinglov madaniyati asosida o‘z
xotiralariga olib, so‘ngra ularni amaliy ijro ko‘nikmalarida yanada
mustahkamlaganlar, alohida iste’dodlilari esa o‘z qobiliyatlari doirasida
ijodiy o‘zlashtirganlar. Bugungi ta’lim jarayonida maqom nota yozuvlari,
shu jumladan, an’anaviy xonandalik va maxsus cholg‘ular (tanbur, dutor,
nay, g‘ijjak, doyra va b.) bo‘yicha malakali mutaxassislar tomonidan
tayyorlangan ko‘plab o‘quv qo‘llanma va darsliklar ham keng
qo‘llanmoqda. Bu ijobiy hol, albatta. Lekin, maqomlarni amaliy
o‘rganishda nota yozuvlari bilan-da cheklanib bo‘lmasligini unutmaslik
kerak. Chunki, mutaxassislarga yaxshi ma’lumki, nozik hissiy
tuyg‘ularning badiiy ifodasi bo‘lgan cholg‘u nolasi yohud ovoz tarovatiga
oid ijroviy xususiyatlarni nota tizimi bir butunlikda to‘laligicha qamrab
ololmaydi.
Maqomlar tizimining shakllanishi jahon ilmu fanining rivojlanishi
bilan ham chambarchas bog‘liqdir. Sharq musiqa olimlari musiqani
tibbiyot, falsafa va matematika fanlari bilan bog‘liq ekanligini uqtirib
o‘tganlar. Darhaqiqat, so‘nggi yillarda olib borilgan ilmiy tadqiqotlarning
natijalari ham ustoz I.Rajabovning ham fikr-mulohazalari asosli ekanligini
ko‘rsatmoqda.
XX-asrlardan boshlab, maqom va maqom xonandaligi xususida
yangidan yangi amaliy tadqiqotlar olib borildi va nazariy tomonlama
asosli kitoblar yozila boshlandi. Musiqashunos olimlar, tadqiqotchilar
tomonidan
o‘zbek
mumtoz
musiqasining
durdonasi
bo‘lmish
“