61
12-MA’RUZA.
O‘LCHOV TRANSFORMATORLARINI ISHLATISH
Reja:
1. Tok transformatorining vazifasi va uni ishlatish.
2. Kuchlanish transformatorining vazifasi.
3. Kuchlanish transformatorini ishlatishdagi
tadbirlar.
Tok transformatorlarni ishlatish
Tok transformatorlarining birlamchi chulg‘amining nominal toki
15000 A gacha (ikkilamchi chulg‘amining toki 5 A va 1 A, ba’zi hollarda
10 A) va kuchlanishi 750 kV gacha qilib ishlab chiqariladi.
Ular qisqa
tutashuv holatida ishlaydi. Ikkilamchi chulg‘am ochilganda o‘zakda
magnit oqimi va ochiq chulg‘amda elektr yurituvchi kuchning keskin
ortishi natijasida avariya holati yuzaga keladi.
Bunda elektr yurituvchi
kuchning qiymati bir necha kilovoltga yetishi mumkin. Magnit
to‘yinganda magnit o‘tkazgichda aktiv isrofning ortishi natijasida u keskin
qizib, chulg‘amlarning izolyatsiyasi kuyadi.
Shu sababli tok
transformatorlarining ikkilamchi chulg‘amlari rele, asboblar yoki maxsus
qisqichlar orqali qisqa tutashtirilgan bo‘lishi shart.
O‘lchov asboblari va relelarning zanjirlarida
ish xavfsizligining
ta’minlash uchun tok transformatorining har bir ikkilamchi chulg‘amining
uchlaridan biri albatta zaminlangan bo‘lishi shart. Murakkab releli himoya
sxemalarida (masalan, shinalarning tokli differensial himoyasida) bunday
zaminlashning faqat bitta nuqtada amalga oshirishga ruxsat etiladi.
Himoyalarning relelarining ta’minlovchi
tok transformatorlari qisqa
tutashuv toki oqqanda tok bo‘yicha xatoligi 10 % dan, burchak bo‘yicha
esa 7 % dan oshmaslik shartidan kelib chiqib tanlanishi shart. Xatolikning
ortishi releli himoyaning noto‘g‘ri ishlashiga olib keladi.