G.Xaberlerning muqobil xarajatlar modeli yetakchi o’rin tutadi. U har bir
mamlakat uchun barcha resurs va eng yaxshi texnologiyalardan foydalangan holda
ikki turdagi tovarni qanday nisbatda ishlab chiqara olishi mumkinligini ko’rsatuvchi
ishlab chiqarish imkoniyatlari egri chizig’idan foydalanishni taklif etadi. Bu
qarashlarga ko’ra, har bir mamlakat boshqa mamlakatlarga taqqoslaganda yuqori
texnologiyaga ega bo’lgan tarmoqlardagi mahsulotlarni eksport qiladi. Keyinchalik
ilg’or texnologiya muqarrar ravishda dunyo bo’ylab tarqalib, texnologiyadagi farqlar
yo’qoladi, eksport pasayib, jahon savdosi tarkibiy tuzilishida keyingi o’zgarishlarni
keltirib chiqaradi.
R.Vernonning tovarning hayotiy sikli nazariyasida mamlakatning jahon
savdosidagi muvaffaqiyati ichki bozorga bog’liqligi ta’kidlanadi. Vernon nazariyasiga
ko’ra mahsulotlarning ba’zi bir turlari to’rt bosqichdan iborat sikldan o’tadi (joriy
etish, o’sish, yetuklik, pasayish), ularni ishlab chiqarish esa xalqaro miqyosda siklning
bosqichidan kelib chiqqan holda siljiydi. R.Vernon AQSHning yangi va istiqbolli
tovarlarning ahamiyatli miqdorini ishlab chiqarishda yetakchilik qilishi sabablarini
ochib berishga harakat qildi. U milliy bozorda xorijiy bozorga nisbatan ertaroq paydo
bo’lgan tovarlarga talab AQSHning texnologik ustunligiga olib kelishini ta’kidladi.
Amerika firmalari ishlab chiqarishning rivojlanishi bosqichida bu yangiliklarni eksport
qiladi, ularga bo’lgan talabning o’sishi bilan esa xorijiy mamlakatlarda ishlab
chiqarishni tashkil etadi. Yangi texnologiyaning tarqalishi bilan xorijiy korxonalar ham
yangi tovarlarni ishlab chiqarishni o’zlashtirib, ularni AQSHga olib kela boshlaydilar.
«Tovar sikli» tushunchasi milliy va tashqi bozorlarning o’zaro bog’liqligini izohlovchi
nazariyaning asosiga aylandi. Xalqaro mehnat taqsimoti va jahon savdosi tarkibiy
tuzilishining
samaradorligi
mustaqillik, o’zaro
bog’liqlik
va
bog’liqlik
kontseptsiyalarini tushuntirishga yordam beradi.
Yuqori iqtisodiy mustaqillik ba’zi bir tovar, xizmat va texnologiyalarni mavjud
bo’lmasligini bildiradi, shunga ko’ra hozirda hech bir mamlakat to’liq mustaqillikka
intilmaydi. Biroq, ko’plab mamlakatlar xalqaro mehnat taqsimoti tizimiga kirish
hamda tashqi savdo tarkibini shakllantirishda talab va taklif ustidan xorijiy
nazoratning o’rnatilishi xavfini past darajada bo’lishiga harakat qiladilar.
Xorijdagi o’zgarishlardan himoyalanganlikning o’sishini o’zaro ehtiyoj asosidagi
savdo aloqalarini rivojlantirish orqali ta’minlash mumkin. Mamlakatlar (masalan,
Frantsiya va Germaniya)ning savdo sheriklari sifatidagi o’zaro bog’liqligi holatida
ulardan birining tovarlarni yetkazib berish yoki bozor hajmini qisqartirishi ehtimoldan
uzoq, chunki boshqa tomon ham bunga darhol javob qaytaradi. O’ta yuqori darajadagi
bog’liqlik mamlakatning boshqa mamlakatlarda ro’y beruvchi o’zgarishlarga
bog’liqligini keltirib chiqaradi.
Xalqaro mehnat taqsimotining chuqurlashuvi barcha nazariyalarning hayotiy
layoqatliligini va ularni doimiy ravishda modifikatsiyalab, yangi qirralarni qo’shib
510
turish zarurligini tasdiqlaydi. Xalqaro aloqalarning jahon amaliyotida esa bu
nazariyalardan keng foydalanilmoqda.