|
Ishlatish quvurlari birikmasining germetikligi
|
bet | 48/252 | Sana | 04.12.2023 | Hajmi | 11,69 Mb. | | #110957 |
Bog'liq NEFT VA GAZ konlari geologiyasiIshlatish quvurlari birikmasining germetikligi. Quduq burg’ilab bo’lingandan so’ng uni mustahkamlash quvurlari birikmasini tushirishga tayyorlash, quvurlarni tushirish va ularni sementlash jarayonlari alohida ishlab chiqilgan reja asosida amalga oshiriladi. Bunday reja har bir quduq uchun alohida tuziladi va burg’ilash korxonasi rahbari tomonidan tasdiqlanadi.
Mustahkamlash quvurlari birikmasini tushirishdan avval quduqda kon-geofizik tadqiqotlari majmuasi hamda kavernometriya o’lchovlari bajariladi. Kavernometriya ma’lumotlariga ko’ra quduq diametri kichraygan intervallar aniqlansa, quduq qazilgan doloto yordamida unga ishlov beriladi, ya’ni diametri kengaytiriladi. Mahsuldor gorizontlar aniqlangan intervallarga ham yangi doloto bilan kichik tezlikda ishlov beriladi.
Mustahkamlash quvurlari birikmasini tushirishga tayyorlashda quvurlarning quduq devoriga tegishi va urilishini bartaraf etadigan markazlashtiruvchi fonarlarning aniq o’rnatilishini tekshirish kerak. Ko’p qatlamli neft va gaz konlarida quvurlarni quduq markaziga o’rnatish quvur orti bo’shlig’ida yaxlit sement halqani vujudga keltirish imkonini beradi.
Quvurlar birikmasini sementlashdan oldin bajarilgan hisob-kitob ishlarining aniqligini, keltirilgan sement miqdorini, uning sifatini laboratoriya tahlillari asosida tekshirish hamda sement qorishmani bosib turishga mo’ljallangan suv miqdorining etarliligi aniqlanadi. Sementlash jarayonida uning bajarilish tezligi kuzatiladi va suvsement omili o’lchab turiladi. Sementlash jarayoni uzluksiz davom etishi va tezligi sekin bo’lishi kerak. Sementlash tugagandan so’ng konchi-geolog sement qotishini kutishi va mustahkamlash quvurlari birikmasini sinashda qatnashishi lozim, bunday jarayonlar tegishli dalolatnomalar bilan hujjatlashtiriladi.
4.5.3. Qatlamni ochish, quvurlarni perforatsiyalash va quduqni o’zlashtirish
Qatlamni ochish. Neft va gaz qatlamlarini ochish (burg’ilash jarayonida qatlamning quduq bilan kesishuvi) metodikasini tanlash quduqni o’zlashtirish va keyinchalik ishlatishda muhim ahamiyatga ega. Mahsuldor qatlamni muvaffaqiyatli ochish quduqqa neft yoki gaz oqimining kirib kelishiga qulay sharoitlar yaratuvchi neft-gazli jinslar joylashgan intervallarni va burg’ilash texnologiyasini to’g’ri tanlashga hamda burg’ilash ishlarini ishonchli va falokatsiz bajarishni ta’minlovchi texnik vositalarga bog’liq. Qatlamni ochishda qo’llaniladigan texnik vosita va burg’ilash texnologiyasini tanlashda flyuidlar bilan to’yingan qatlamning fizikkimyoviy xususiyatlari va geologik-fizik tavsifi hisobga olinadi.
Quduqlar bilan ochiladigan hamma mahsuldor qatlamlar ikki asosiy guruhga bo’linadi: birinchisiga ― yuqori bosimli, yuqori darajada neftga to’yingan, ochilganda va o’zlashtirilganda favvoralanadigan qatlamlar; ikkinchisiga ― ochilganda past qatlam bosimiga ega bo’lgan, ko’pgina hollarda avvalroq ishlatilganda drenajlangan va zaiflashgan qatlamlar mansub.
Birinchi guruhga tegishli qatlamlar mavjud bo’lganda quduq og’zining mustahkamligini oshirish va mahsuldor intervallarni qazishda va quduqni o’zlashtirishda burg’ilash ishlarini falokatsiz bajarishni ta’minlaydigan uskunalar o’rnatish zarur. Ikkinchi guruhga mansub qatlamlarni burg’ilashda esa mahsuldor gorizontdan neft va gaz oqimining quduqqa kirib kelishini ta’minlaydigan sharoitlarni yuzaga keltirish lozim bo’ladi.
Neft va gazli jinslarni burg’ilashda, odatda gil eritmasidan foydalaniladi. Eritmadagi suv quduq devoridagi qatlamga singiydi (ya’ni gil eritmasidagi suvning qatlamga infiltratsiyasi kuzatiladi), natijada quduq devorida gilli qobiq hosil bo’ladi. Mahsuldor qatlamga singigan suv uning kollektorlik xususiyatlariga salbiy ta’sir etadi, ya’ni jinslarning g’ovakli muhitida suv kapillyar kuchlar bilan tutib qolinadi va ular quduqda bosimlar keskin o’zgarganda ham g’ovaklardan chiqib ketaolmaydi. Bundan tashqari, qatlamga chuchuk texnik suvning singishidan jinslardagi ko’p miqdordagi gil zarralar bo’kib, hajmi kattalashadi, bu hodisa quduq tubi zonasidagi qatlamlarning suyuqlik o’tkazish qobiliyatini keskin kamaytiradi va quduqni o’zlashtirishni qiyinlashtiradi.
Mahsuldor qatlam g’ovaklaridagi burg’ilash eritmasi zardobi bilan qatlamdagi yuqori darajada minerallashgan qatlam suvlarining o’zaro ta’siridan erimaydigan cho’kindilarning to’planishi quduq devoridagi jinslarning o’tkazuvchanligini pasaytirib yuboradi.
Demak, mahsuldor qatlamlarni ochishdagi eng asosiy masalalardan biri burg’ilash eritmasidagi chuchuk suvni qatlamga singishining oldini olishdir. Buning uchun qatlamni ochishda burg’ilash eritmasiga sirt-faol moddalar qo’shib, uning suv beruvchanligini pasaytirish, neft asosida tayyorlangan yuvuvchi suyuqlikdan, gazsimon omillardan, ikki va uch fazali ko’piklardan foydalanish va boshqa choratadbirlar o’tkazishdir. Mahsuldor qatlamlarni ochishda qo’llaniladigan gil eritmasining suv beruvchanligi juda past bo’lishi va o’z navbatida yupqa va mustahkam qobiq hosil qilishi lozim. Bunday xususiyatlarga turli reagentlar bilan ishlov berilgan va bentonitli gil qo’shib tayyorlangan yuqori kolloidli eritmalar egadir.
Burg’ilash korxonalaridagi geologik xizmat xodimlarining eng muhim vazifalariga yangi quduq qazilayotgan uchastkalarda hamda ishlanayotgan konlarda ochiladigan mahsuldor qatlamlar bosimini tahlil qilish va nazorat o’rnatish kiradi. YUqori va anomal yuqori bosimli qatlamlar ochiladigan bo’lsa, zichligi yuqori yuvuvchi suyuqlik tanlanadi, natijada u burg’ilash ishlarining mo’’tadil bajarilishini ta’minlashi va otqinlarning oldini olishi lozim. Qatlam bosimi past bo’lganda asosiy diqqat gil eritmasi sifatiga qaratiladi, ya’ni mahsuldor qatlamga suv singishiga va uning gillanishiga imkon bermaslik lozim.
Quduqning mukammaligini oshirish maqsadida mahsuldor qatlam to’liq ochilishi kerak. Lekin quduq suv-neft (gaz-suv) zonasida qazilayotgan bo’lsa, u qatlamning suvga to’yingan qismini ham to’liq ochadi. Bunday hollarda quduqning tezda suvlanishining oldini olish uchun burg’ilash neft-suv (gaz-suv) tutash yuzasidan yuqorida to’xtatiladi. Agar suv-neft zonasida haydash qudug’i burg’ilanayotgan bo’lsa, mahsuldor qatlam, shu bilan birga uning suvga to’yingan qismi ham to’liq ochiladi. Agarda neft uyumi gaz qalpog’iga ega bo’lsa, u holda burg’ilash quvurlari birikmasi boshmog’ini mumkin qadar gaz-neft tutash yuzasidan pastga o’rnatish lozim, shunda gazni quduqqa yorib o’tishining oldi olinadi. Qatlamning flyuidlarga to’yinish parametrlarini ishonchli baholash uchun burg’ilanayotgan baholash quduqlaridagi mahsuldor qatlamni ochishda neft asosida (ohak-bitumli) tayyorlangan yuvuvchi suyuqlikdan foydalaniladi.
|
| |