|
Quduq konstruktsiyasi va ishlatish quvurlari birikmasining germetikligini ta’minlash
|
bet | 47/252 | Sana | 04.12.2023 | Hajmi | 11,69 Mb. | | #110957 |
Bog'liq NEFT VA GAZ konlari geologiyasi 4.5.2. Quduq konstruktsiyasi va ishlatish quvurlari birikmasining germetikligini ta’minlash
Quduq konstruktsiyasi. Quduqlarni loyihada ko’rsatilgan chuqurlikkacha etkazish, mahsuldor qatlamlarni sifatli ochish, qatlamlarning tabiiy o’tkazuvchanligini saqlash, konlarni ishlatish chog’ida quduqlardan samarali usullar yordamida foydalanish va boshqa maqsadlarda quduq konstruktsiyasi tanlanadi.
Quduq konstruktsiyasiga burg’ilash maqsadi va usuli, sinaladigan mahsuldor gorizontlar soni, qatlamni ochish usuli va burg’ilashning geologik sharoitlari: mahsuldor qatlamning yotish chuqurligi, ularning unumdorligi va kollektorlik xususiyatlari; qatlam va g’ovak bosimlari va jinslarning gidrobuzilish bosimi, burg’ilanayotgan jinslarning fizik-mexanik xossalari ― to’kilma, qulash, torayish, kovak hosil bo’lish, mustahkamlash quvurlari birikmasiga jinslardan tushadigan bosim va boshqalar ta’sir etadi.
Quduq konstruktsiyasi konning geologik kesimini hisobga olgan holda tanlanadi. Neft quduqlarida ishlatish quvurlari birikmasining ichki diametri 100 mm dan kam bo’lmasligi lozim. Agar gaz uyumlari yer yuzasiga yaqin joylashgan bo’lsa, gaz qatlamlarining joylashish chuqurligi, mahsuldor qatlam qalinligi va o’tkazuvchanligi kam, quduq sarfi 50-60 ming m3/sutkagacha, quduq tubiga suyuqlik yig’ilib, uni faqat gaz oqimining yuqori tezligi bilan yer yuzasiga chiqariladigan bo’lsa, bunday hollarda kichik diametrli quduqlar qazish mumkin.
Qatlamdan quduqqa neft va gaz oqimining kirib kelishiga qulay sharoitlarni
yuzaga keltirishda quduq tubi uskunalari konstruktsiyasini to’g’ri tanlash muhim ahamiyatga ega. Quduq tubi konstruktsiyasi mahsuldor qatlamning geologik-fizik xususiyatlariga va ularning uyum chegarasiga nisbatan joylashishiga bog’liq holda tanlanadi.
Eng oddiy, tuzilishiga ko’ra ko’p qo’llaniladigan quduq konstruktsiyasi ― og’zidan tubigacha bir xil diametrli doloto bilan qazilgan quduq hisoblanadi, bunda quduq tubigacha bir diametrdagi mustahkamlash quvurlari birikmasi tushirilib, boshidan oxirigacha sementlanadi. Bunday usul bilan quvur ortidagi hamma gorizontlar bir-biridan to’liq ajratiladi. Quduqni qatlam bilan aloqasi quvurlarni perforatsiyalash orqali bog’lanadi. Razvedka quduqlarini burg’ilashda bu usul keng qo’llaniladi. Ishlatish quduqlarini qazishda bu usuldan mahsuldor qatlam mustahkam jinslardan tuzilgan bo’lgandagina foydalanish mumkin. Bo’sh, mustahkamligi sust jinslardan tuzilgan gorizontlar teshilganda qum chiqishi va quduqda tiqin hosil bo’lishi mumkin.
Agar sement qorishmasi qatlam ichiga kirsa yoki qatlam mustahkamligi past jinslardan tarkib topgan bo’lsa va natijada quduq unumdorligi keskin pasaysa, u vaqtda ishlatish gorizonti ustidan boshlab mustahkamlash quvurlari birikmasi sementlanadi. Bunday usul geologik jihatdan yaxshi o’rganilgan konlarda ishlatish qudug’ini burg’ilashda qo’llaniladi. Quduqni burg’ilash mahsuldor qatlam ustki qismigacha 1-3 m qolganda to’xtatiladi. So’ngra mustahkamlash quvurlari birikmasi tushiriladi va sementlanadi. Undan keyin diametri avvalgisidan kichikroq doloto tushirilib, burg’ilash davom ettiriladi va qatlam ochiladi.
Agar qatlam zich va qattiq jinslardan tashkil topgan bo’lsa, quduq tanasini quvurlar bilan mustahkamlamasdan ― ochiq qoldirish mumkin; agar u bo’sh, etarlicha qattiq bo’lmagan jinslardan iborat bo’lsa, u holda quduq tubiga xvostovikka o’rnatilgan maxsus filtr tushiriladi, filtrning yuqori qismi mustahkamlash quvurlari birikmasi ichiga kiradi. Quduqqa qum o’tmasligi uchun xvostovik bilan quvurlar birikmasi oralig’idagi bo’shliq sementlanadi.
Filtr teshiklari shakli va o’lchami har xil bo’ladi. Ular diametri va orasidagi masofa mahsuldor gorizontdagi qumning zarralari diametriga va shakliga qarab tanlanadi, gorizont ishlanganda undagi qum filtr orqali quduq ichiga kirmasligi lozim. Ba’zan mayda shag’alli filtrlardan ham foydalaniladi.
Ishlatilayotgan gorizont geologik jihatdan yaxshi o’rganilgan va turg’un jinslardan tarkib topgan bo’lsa, manjetli sementlash qo’llaniladi. Bunda quduq loyihada ko’rsatilgan chuqurlikkacha qaziladi, so’ngra pastki uchiga filtr o’rnatilgan quvurlar birikmasi tushiriladi. Filtr bilan quvurlar ulangan joyga tirgovich halqa o’rnatiladi. Sement qorishmasi quvur orti bo’shlig’iga tirgovich halqaning yuqorirog’idan teshilgan joydan o’tadi va uni qotiradi.
|
| |