|
Quloqni tekshirish usullari
|
bet | 81/152 | Sana | 20.05.2024 | Hajmi | 2,44 Mb. | | #245279 |
Bog'liq Klinika 2023й Равшанова И .Э.Quloqni tekshirish usullari
Quloqni tekshirish anamnez to‘plashdan boshlanadi, so‘ngra uni ko‘zdan kechiriladi va eshituv fiinksiyasi tekshiriladi. LOR azolarini mujassamlashgan holda tekshirishda quloqni ko‘zdan kechirishdan oldin hamisha burun va halqumni qarab chiqiladi. Bemorning shikoyatlarini aniqlashda quyidagilarga alohida ahamiyat beriladi: Quloqda og‘riq bormi, bor bo‘lsa uning xarakteri qanday? Yiring oqadimi? Qulog‘i og‘irlashganmi yoki butunlay eshitmaydimi? Qulog‘i shang‘illaydimi? Boshi aylanadimi? Bemorning o‘zini qanday his qilayotganini, bosh og‘rig‘i, et junjikishi bor-yo‘qligini aniqlash ham katta ahamiyatga ega. Bemor qulog‘i og‘rishidan oldin griрp, o‘tkir tumov kabi kasalliklar bilan og‘rigan-og‘rimaganligini aniqlash zarur.
Quloqni ko‘zdan kechirish deganda tashqi tomondan qarash, quloq va so‘rg‘ichsimon o‘siqni ushlab ko‘rish hamda tashqi eshituv va nog‘ora pardasini ko‘rish (otoskopiya) tushuniladi. Otoskopiya – bu tashqi eshituv yo‘lini va nog‘ora pardasini ko‘zdan kechirish. Otoskopiyani o‘tkazishda peshona reflektori va quloq voronkasi, maxsus asbob – otoskopdan foydalaniladi. Otoskopiyani o‘tkazishda chap ko‘z bilan reflektor teshigidan qaraladi. Yorug‘lik bemorning o‘ng tomonidan tushishi kerak. Quloq voronkasini kiritishdan oldin tashqi eshituv yo‘lining kirish qismi ko‘zdan kechiriladi va uning kengligi aniqlanadi. Quloq voronkasining kengaygan qismini bosh barmoq va ko‘rsatkich barmoq bilan ushlab turiladi. Uni nozik aylanma harakatlar bilan asta-sekin eshituv yo‘liga 1–1,25 sm ichkariga, imkon boricha suyak qismiga tekkizmay kiritiladi. Eshituv yo‘lini to‘g‘rilash uchun quloq suprasini yuqoriga va orqaga, yosh bolalarda pastga va orqaga cho‘ziladi. Normal nog‘ora pardasi kulrang-sadaf rangli oval shaklida bo‘ladi. Quloq pardasining oldingi yuqori qismida tog‘nog‘ich boshidek keladigan sarg‘imtir oq bo‘lmasi – bolg‘achaning kalta o‘sig‘i bo‘ladi. Undan oldingi va orqa tomonga kul rang oq ikkita yo‘l – oldingi va orqa burma ketadi. Bular quloq pardasining – yuqori qismi (Shrap nell pardasi – pars Shrapnelli) tarang tortilgan pastki qismi (pars tensa) dan ajratib turadi. Kalta o‘siqdan pastga va orqaroqqa bo‘r tib tushgan bo‘rtma bolg‘acha dastasi bo‘lib u o‘zining kengaygan pastki uchi bilan quloq pardasining markazida turadi. Bu joy kindik (umbo) deb ataladi.
Quloq pardasi nog‘ora bo‘shlig‘i bilan chambarchas bog‘langan, shunga ko‘ra u o‘rta quloq kasalliklarida o‘rta quloqning holatini aks ettiradi. Pardaning rangi o‘zgargan, masalan qizargan bo‘lsa, bu – o‘rta quloq yallig‘langanidan darak beradi. Quloq pardasining harakatchanligini pnevmatik voronka yordamida aniqlanadi. Voronkaning kengaygan uchi lupa bilan germetik berkitilgan bo‘lib, yonida esa rezina ballon bilan tutashadigan naychasi bor. Bu voronkani eshituv yo‘liga zich qilib qo‘yiladi va rezina ballondan goh havo yuborib, goh tortib quloq pardasini tebrantirish va uni lupa orqali kuzatish mumkin . Otoskopiyada kasallangan quloqni sog‘i bilan taqqoslash uchun tekshirishni sog‘lom quloqdan boshlanadi.
|
| |