Listochkali qirqma yon cho’ntaklar tikish. Listochkali qirqma yon cho’ntaklar tikishda, cho’ntak xalta listochka astariga yoki ostki listochkaga 0,7 sm kenglikda chok bilan ulanadi. Old bo’lakdagi belgi chiziqlar bo’ylab listochka old bo’lakka ulanadi. Cho’ntak xaltaning 2- qismi listochka ulangan chokdan 1sm narida old bo’lakka ulanadi.
Old bo’lakni qopqoqli cho’ntak tikkandagi kabi qirqiladi. Listochka choki ikki tomondan qirqilib, yorib dazmollanadi va yorma chok solib tikiladi, yoki ostki listichka bilan cho’ntak xalta listochka chokiga tikiladi,cho’ntak xalta 1 sm kenglikda chok solib biriktirib tikiladi.
Listochka uchlari, uning astari tomondan 0,4-0,5 sm kenglikda chok solib ulab, keyin o’ngi tomondan ikkita baxyaqator yuritib tikiladi.
Nazorat savollari:
1. Qirqma cho’ntaklar turlari.
2. Ramkali qirqma cho’ntaklar tikish ketma – ketligi.
3. Kantli qirqma cho’ntaklarni tikish texnologiyasi.
4. Listochkali qirqma cho’ntaklarni tikish usuli.
Mustaqil ish topshiriqlari:
1. Qopqoqli qirqma cho’ntaklarni tikish sxemasini mustaqil chizing va choklarni tikilish tartibi bo’yicha raqamlang..
Tavsiya etiladigan adabiyotlar:
1. M.Sh. Jabborova "Tikuvchilik texnologiyasi". 1994 y. 71-150 bet.
2. M. Sh. Jabborova "Tikuvchilik texnologiyasi". 1977 y. 194-255 bet.
14 – Ma’ruza
Mavzu: Ustki kiyimlar chokidagi cho’ntaklarni tikish.
Dars maqsadi: Ustki kiyimlar chokidagi cho’ntaklar turlari va ularni tikish texnologiyasini o’rganish.
Tayanch iboralar: Ko’rinma , cho’ntak xalta, baxyaqator, qiyalama cho’ntak,
Reja:
14.1. Shim yon chokidagi cho’ntaklarni tikish.
14.2. Shimning kantli va ramkali cho’ntaklarini tikish
14.1. Shim yon chokidagi cho’ntaklarni tikish.
Shim yon chokidagi cho’ntak (33 - rasm). Mag’iz cho’ntak xalta ustiga, uning qirqimidan 2 sm pastroq tushirib qo’yiladi. Cho’ntak xaltaga mag’iz ichki va pastki tomonlari bo’ylab qirqimlari buklanib yoki buklash o’rniga qirqimlari maxsus mashinada oldindan yo’rmab olinib, ziyidan 0,2 sm narida bostirib tikiladi yoki siniq baxyaqatorli mashinada bostirib tikiladi. Mag’iz bilan shim old bo’lagining o’ngi bir-biriga qaratib qo’yiladi. Old bo’lak teskarisining ustiga belgilangan chiziq bo’ylab uqa qo’yiladi. Shim old bo’lagi kertmalar oralig’ida 0,5 sm solqi hosil qilib, cho’ntak o’rni chizig’i bo’ylab 0,5 sm kenglikdagi ag’darma chok bilan tikiladi.
|
|
33 –rasm. Shim yon chokidagi, cho’ntak xalta qirqimlari yo’rmalgan cho’ntakni tikish
|
Yelim uqani shim qirqimidan 1 sm narida ikki uchi kertmalardan 2 sm o’tkazib, oldin yopishtirib olinadi. Ag’darma chok yorib dazmollanadi, cho’ntak ziyi shim old bo’lagining teskarisiga 0,5 sm buklab dazmollanishi bilan ayni vaqtda, old bo’lak ham yuqori qirqimi chetigacha buklanib dazmollanadi. Ko’rinma va cho’ntak xalta 2-uchini kertmalar orasida shim ort bo’lagiga kengligi 0,7 sm chok bilan ulanadi. Chok cheti cho’ntak xalta bilan o’ralib, ko’rinma ulangan chok yorib dazmollanadi. Mag’iz bostirib tikilganidek, ko’rinma ichki qirqimi cho’ntak xaltaga bostirma chok bilan tikiladi. Shim yon qirqimlari old bo’lak tomondan, old va ort bo’lak qirqimlarini ham, kertmalarni ham to’g’ri keltirib, kengligi 1 sm li chok bilan biriktirib tikiladi. Cho’ntak chetlariga old bo’lak o’ngi tomondan uning ziyidan 0,7 sm narida, bezak baxyaqator yuritiladi. Endi cho’ntak xalta yon qirqimining tikilmagan joyi bilan pastki qirqimi tikiladi. Buning ikki xil yo’li bor.
Shim yon chokidagi, cho’ntak yon xaltasi qo’sh chok bilan ulangan cho’ntakni tikish. Birinchi yo’lida bu qirqimlar qo’sh chok bilan tikiladi. Buning uchun oldin cho’ntak xalta, uning ichki tomonidan 0,4-0,5 sm chok haqi qoldirib, pichoqli mashinada tikiladi. Keyin cho’ntak xalta o’ngiga ag’darilib, o’ng tomonidan, uning ziyidan 0,7 sm masofada biriktirma chok bilan tikib, qo’sh chok hosil qilinadi. Ikkinchi baxyaqator yuritilayotganda ko’rinma bilan mag’izning cho’ntak uchidan pastroqdagi qirqimlari cho’ntak xalta biriktirma chokiga kiritib tikiladi (33 – a rasm).
Shim yon chokidagi, cho’ntak xalta qirqimlari yo’rmalgan cho’ntakni tikish. Ikkinchi yo’lda esa cho’ntak xalta maxsus mashinada 1 sm kenglikdagi biriktirma chok bilan tikilib, shu chokni tikish bilan bir vaqtda xaltaning qirqimlarini yo’rmash yoki oldin universal mashinada1 sm kenglikda biriktirma chok tikib olib, keyin maxsus mashinada qirqimlarini yo’rmash mumkin. Bunda ko’rinma ort bo’lakka cho’ntak xaltasiz ulanadi.
Shim yon qirqimlarining yuqori qismi 1 sm kenglikdagi chok bilan ulanadi ,yoki shimning yuqori uchiga qadar bostirma chok bilan tikiladi. Bunda old bo’lak bilan ort bo’lakni juftlayotganda, ort bo’lakning cho’ntakka to’g’ri kelgan joyi 0,5-0,6 sm solqiroq qo’yib tikiladi. Ko’rinma bilan mag’iz cho’ntak xalta bilan birga, cho’ntak yuqori uchidan 1 sm balandroqda, uning o’ngidan ikkita qaytma baxyaqator yuritib puxtalanadi. Yon choklar yorib dazmollanadi. Keyin cho’ntak dazmollanadi. Cho’ntak uchlari maxsus mashinada 500 qiyalatib puxtalanadi. (33 – b rasm)
14.2. Shimning kantli va ramkali cho’ntaklarini tikish.
Kantli va ramkali qirqma cho’ntaklar (34 - rasm, a,b) avradan bichilgan ko’rinma cho’ntak xalta ustiga belgilarga moslab qo’yiladi va siniq baxyaqatorli mashinada yoki qirqimlari buklanib, universal mashinada bostirib tikiladi. Agar mag’iz yalang qavat bo’lsa, shim old bo’lagining o’ngi tomonga uchta chiziq bilan cho’ntak o’rni belgilanadi.
Agar mag’iz ikki buklangan bo’lsa, unda cho’ntak o’rni 4 ta chiziq bilan belgilanadi. Shim old tomonining teskarisi tagiga, cho’ntak xalta uning yon qirqimi cho’ntak og’zi qirqimidan 2-3 sm oshib turadigan, yuqori cheti esa belbog’ ulanadigan chokkacha yetadigan qilib qo’yiladi. Old bo’lak o’ng tomonidan belgi chiziqlarga moslab mag’iz ramkali qirqma cho’ntaklardagi kabi ulanadi. Choklar orasida old bo’lak qirqilib, cho’ntak og’zi yasaladi va uning uchlari qiyalatib qirqiladi. Mag’iz old bo’lak teskarisiga ag’darib o’tkaziladi.
Agar mag’iz yalang qavat bo’lsa mag’iz ulangan chokni yorib, modelga muvofiq kenglikda ramka hosil qilinadi va mag’iz ulangan chok ustidan baxyaqator yuritib puxtalanadi. mag’iz ichki qirqimi cho’ntak xaltaga bostirib tikiladi. Qiya qirqimlar uchi to’g’rilanib va mag’izi tortilib old bo’lak teskarisidan ikkita qaytma baxyaqator yuritib, cho’ntak og’zi uchlari puxtalanadi. Cho’ntak xalta maxsus mashinada biriktirma chok solib tikilishi bilan bir vaqtda
uning qirqimlari yo’rmaladi yoki universal mashinada biriktirma chok solib tikkandan keyin yo’rmaladi.
Cho’ntak xalta tikilgandan keyin, og’zi to’g’rilanadi va old bo’lak teskarisidan cho’ntak xalta bo’ylab cho’ntakning yon tomon mag’izi ulangan chok yaqinidan baxyaqator yuritiladi. Maxsus mashinada cho’ntak og’zi uchlari old bo’lak o’ngidan puxtalanadi. Cho’ntak dazmollanadi.
34 – rasm Shimning qirqma cho’ntaklarini tikish
-
a – kantli
|
b - ramkali
|
c – chokdagi qiyalama
|
14.3. Shim old bo’lagidagi qiyalama cho’ntakni tikish.
Shim old bo’lagi chokidagi qiyalama cho’ntak (34 – c rasm). Old bo’lakning qirqilgan qismi ayni vaqtda cho’ntakning ko’rinmasi xizmatini ham o’taydi. Cho’ntak xaltaga ko’rinma (shim old bo’lagining qirqilgan qismini) bostirib tikiladi. Old bo’lakka mag’iz 0,5 sm kenglikdagi chok bilan ulanayotgan vaqtda shu chokdan 0,5 sm narida uqa qo’yib boriladi yoki yelim uqa yopishtira boriladi. Chok yorib dazmollanadi. Shim old bo’lagi buklanib, kengligi 0,5 sm ramka hosil qilib dazmollanadi. Cho’ntak xalta mag’iz tagiga, uning qirqimi shimning yuqori qirqimiga tekislab qo’yiladi va cho’ntak cheti bo’ylab undan 0,7 sm narida bezak baxyaqator yuritiladi.
Mag’izning ichki qirqimi 0,5 sm kenglikda buklanib yoki oldin yo’rmab olib, buklanmasdan cho’ntak xaltaga bostirib tikiladi. Ko’rinmaning o’ngiga old bo’lakni qo’yib, old bo’lak cheti bukiladi va cho’ntak uchlari mashinada 2 ta qaytma baxyaqator yuritib puxtalanadi. Old va ort bo’laklar qirqimlarining kertilgan joylari bir-biriga to’g’rilanib, old bo’lak tomondan yon choklarini biriktirib tikayotgan vaqtda ort bo’lakka ko’rinma ulay boriladi. Yon chok yorib dazmollanadi. Cho’ntak xalta qo’sh chok solib yoki maxsus mashinada ayni vaqtda qirqimi yo’rmab tikiladi. Cho’ntak uchlari maxsus mashinada puxtalanib, cho’ntak dazmollanadi.
Nazorat savollari:
1. Ust kiyimlar detallari choklarida qanday cho’ntaklar tikiladi ?
2. Shim yon chokidagi cho’ntakni tikish texnologiyasi.
3. Shimning kantli qirqma cho’ntakini tikish mazmuni.
4. Shimning ramkali qirqim cho’ntakini tikish texnologiyasi.
5. Shim old bo’lak chokidagi qiyalama cho’ntakni tikish usuli
Mustaqil ish topshiriqlari:
-
Shimning kantli va ramkali cho’ntaklarini tikish sxemasini chizing.
-
Tavsiya etiladigan adabiyotlar:
1. M.Sh. Jabborova "Tikuvchilik texnologiyasi". 1994 y. 91– 95 betlar.
2. M. Sh. Jabborova "Tikuvchilik texnologiyasi". 1977 y. 211 – 216 betlar.
15 - Ma’ruza
Mavzu: Ustki kiyimlar qoplama cho’ntaklarni tikish.
Dars maqsadi: Ustki kiyimlar qoplama cho’ntaklarni turlari , ular yuqori qirqimiga ishlov berish va astarli qoplama cho’ntaklarni tikish usullarini o’rganish.
Tayanch iboralar: Qoplama cho’ntak, listochka, qaytma baxyaqator,
Reja:
15.1.Qoplama cho’ntaklarning turlari. Qoplama cho’ntak yuqori qirqimiga ishlov berish.
15.2. Astarli qoplama cho’ntaklarni tikish va asosiy detallarga ulash usullari.
15.1. Qoplama cho’ntaklarning turlari. Qoplama cho’ntak yuqori qirqimiga ishlov berish.
Qoplama cho’ntaklar quyidagicha bo'ladi: listochkali qoplama cho’ntaklar, astarli qoplama cho'ntaklar, ziyi egri chiziq shaklidagi qoplama chontak va chontakning yuqori qismi uqa qo’yib dazmollangan cho’ntak.
Dastlab qoplama cho’ntaklarning yuqori qirqimiga ishlov beriladi. Qoplama cho’ntakning teskari tomoniga belgilangan chiziq bo’ylab yuqori ziyida bukishga mo’ljallangan tomonga yelim yoki oddiy uqa qo’yiladi. Qoplama cho’ntak belgilangan chiziq bo’ylab, teskarisi tomonga bukib dazmollanadi.
Qoplama cho’ntakning yuqori ziyi egri chiziq shaklida bo’lganda esa ,uni yuqori qirqimiga qo’shimcha avra gazlama va uqa qo’yib, 0,5 sm kenglikda ag’darma chok bilan tikiladi. Chok haqining bir nechta joyi kertib qo’yilib, qo’shimcha gazlama cho’ntak teskari tomonga ag’dariladi va qoplama cho’ntak gazlamasidan 0,2-0,3 sm kenglikda kant hosil qilib, cho’ntak ziylari dazmollanadi.
Qoplama cho’ntak listochkali bo’lsa, uqa listochkaning bukiladigan ziyiga qo’yiladi. Listochka cho’ntak detalga 0,5 sm kenglikdagi biriktirma chok bilan ulanadi. Chok avval yorib dazmollanadi, keyin listochka tomonga yotqizib dazmollanadi. Listochkaning pastki qirqimini 0,5-0,7 sm bukib, qo’lda yashirin qaviq solib yoki maxsus yashirin baxya mashinada cho’ntakka tikiladi.
Old bo'lak o'ng tomonida uchta (ko'ndalanggiga bitta yotiq va cho'ntak og'zi ikki chetida tik chiziq) chiziq bilan cho'ntaklar o'rni belgilanadi. Qoplama cho'ntak avrasining teskari tomoniga belgilangan chiziq bo'ylab, yuqori ziyidan bukishga mo'ljallangan tomonga yelim yoki oddiy uqa qo'yiladi. Qoplama cho'ntak avrasi belgilangan chiziq bo'ylab, teskari tomonga bukib dazmollanadi.
15.2. Astarli qoplama cho’ntaklarni tikish va asosiy detallarga ulash usullari.
Qoplama cho'ntakning astari avrasiga ulanganda, astar yuqori qirqimi avra yuqori qirqimiga to’g’rilanib, o'nggini-o'nggiga qo'yib, 0,5-0,7 sm kenglikdagi ag'darma chok bilan biriktiriladi. Bunda chokning o'rta qismida 5-7 sm oraliq tikilmaydi. Astarning yon va pastki tomonlari avradan 0,2-0,3 sm kichikroq qirqiladi. Cho'ntakni belgilangan yuqori ziyi bo'ylab o'ng tomoni ichkariga qaratilib qaytariladi va yon qirqimlari bilan pastki qirqimi atrofidan 0,5 sm kenglikda ag'darma chok solib, astari avrasiga tikiladi. Bunda cho'ntak avrasining ostki burchaklaridan 0,2-0,3 sm dan salqi hosil qilinadi. Tikilmay ochiq qoldirilgan joydan cho'ntak o'ngi tomonga ag'dariladi va maxsus mashinada avradan 0,2-0,3 sm kenglikda ziy hosil qilib, ko'klab dazmollanadi. Astarning tikilmay qoldirilgan joyi qo'lda yashirin qaviq bilan tikib qo'yiladi.
Cho'ntakqoplanadigan joyga old bo'lakning teskarisidan yelimli bo'ylamalar yopishtiriladi. Old bo'lak o'ngi tomonga belgilangan chiziq bo'ylab cho'ntak qo'yiladi va cho'ntak ziyidan modelga muvofiq chok kengligida bostirib tikiladi. Cho'ntakning og'iz uchlari uchtadan qaytma baxyaqator yuritib puxtalanadi. Tayyor cho'ntak dazmolda yoki pressda dazmollanadi.
Cho'ntak old bo'lakka bostirma chok bilan ulanganda, cho'ntak yon va ostki qirqimlari bo'ylab faltspressda bukib dazmollash yoki maxsus mashinada bukib ko'klash mumkin.
5 – rasm. Qoplama cho’ntak astarini avrasiga ag’darma chok bilan tikish
|
|
36 – rasm. Qoplama cho’ntakni faltspressda bukib dazmollash
|
Buning uchun cho’ntak qoplanadigan joyga old bo’lakning teskarisidan bo’ylamalar qo’yiladi. Qoplama cho’ntakni yelimlab yopishtirish uchun maxsus mashinada cho’ntakning teskarisidan uning bukilgan ziylariga kengligi 0,3-0,4 sm bo’lgan yelim plyonka, ziy chetiga 0,1 sm yetkazmay qo’yiladi.
Old bo’lak o’ngi tomoniga belgilangan chiziq bo’ylab cho’ntak qo’yiladi, cho’ntakni qayirib, uning astarini 3 tomoni old bo’lakka bostirib tikiladi. Cho’ntakning og’zi uchlari 3 tadan qaytama baxyaqator yuritilib puxtalanadi. Cho’ntak old bo’lakka presslab yopishtiriladi.
Qoplama cho’ntakni old bo’lakka biriktirib ulashda, tikilgan burchaklaridagi ortiqcha gazlama qirqib tashlanadi. Cho’ntak belgilangan chiziq bo’ylab old bo’lak ustiga qo’yiladi. Cho’ntak avrasi uning ustki ziyi bo’ylab ulanadi, keyin avra qayiriladi va cho’ntak astarini, uning qirqimlarini teskari tomonga 0,5-0,7 sm bukib bostirib tikiladi.
Nazorat savollari:
-
Ustki kiyimlar qoplama cho’ntaklarning qanday turlari bor?
-
Listochkali qoplama cho’ntaklar qanday tayyorlanadi?
-
Qoplama cho’ntak astarini avrasiga biriktirish tartibi.
Mustaqil ish topshiriqlari:
1. Qoplama cho’ntaklarning turlari eskizlarini chizing.
Tavsiya etiladigan adabiyotlar:
1. M.Sh. Jabborova "Tikuvchilik texnologiyasi". 1994 y. betlar.
2. M. Sh. Jabborova "Tikuvchilik texnologiyasi". 1977 y. 202-205 betlar.
16 – Ma’ruza
Mavzu: Ayollar yubkalarini tikish.
Dars maqsadi: Ayollar yubkalari turlari, detallari va ularga ishlov berish ketma –ketligi va usullarini o’rganish.
Tayanch iboralar: nimcha, jaket, yubka, klyosh, “qo’ng’iroqsimon”, “chala kylosh”, “to’la klyosh”,belbog’, ehtiyot ko’rinma, korsaj tasma, ulama belbog’
Reja:
16.1. Nimcha - xotin-qizlarning yengsiz va yoqasiz kalta ustki kiyimi; koʻylak ustidan kiyiladi. Bichimi turlicha - oldi ochiq (uchburchak shaklda chuqur oʻyilgan), tugmachali, avra-astarli, baʼzan ikki yonida choʻntaklar qilingan. Yubkalarning turlari. Yubka taqilmasini tikish.
16.2. Yubkaning yuqori chetiga ishlov berish.
16.3. Yubka etagiga ishlov berish.
16.1. Yubkalarning turlari. Yubka taqilmasini tikish
Yubkalar - xotin qizlarning jussasini pastki qismini yopib turuvchi buyum bo’lib, ular nimcha, jaketlar (kostyum) bilan komplekt tarzda yoki mustaqil kiyim sifatida tikiladi. Yubkalar turli shaklli va siluetli bo’ladi.
Siluetiga ko’ra, yubkalar: to’g’ri bichimli va pastga tomon kengaya borgan (konussimon) bo’ladi. To’g’ri bichimli yubkalar tor va keng tikilgan bo’lishi mumkin. Top yubkalarni:
- taxlamalarsiz;
- past tomonida kesimi bor;
- bitta yoki bir nechta yotqizib dazmollangan taxlamali;
- keng taxlamalari bor;
- bel chizig’i bo’ylab yotqizib dazmollnangan xilma - xil mayda taxlamali;
- dazmollanmaydigan taxlamali qilib tikiladi.
Etagi tomon kengaya borgan yubkalarning quyidagi turlari mavjud: klyosh, “qo’ng’iroqsimon”, “chala kylosh”, “to’la klyosh”.
Yubkalar birlashtiruvchi choklar miqdoriga qarab: bir chokli, ikki chokli, to’rt chokli, olti chokli, sakkiz chokli va ko’p chokli bo’lsihi mumkin.
Yubka tikishda hamma biriktirma choklarning qirqimlari maxsus mashinada yo’rmaladi. Vitachkalarni belgilangan chiziq bo’ylab yuqori qirqimdan tika boshlab, choki pastga tomon asta-sekin yo’q qilib yuboriladi. Modelda mo’ljallanganiga muvofiq, vitachkalarni yorib yoki bir tomonga yotqizib dazmollab, ular uchidagi solqilar kirishtiriladi. Yubka taqilmasi chokda, taxlamada bo’ladi yoki maxsus mashinada tikiladi.
Yubka old bo’lagi teskarisiga yordamchi andaza qo’yib, taqilma chetining chizig’i belgilanadi. Bu chiziqdan 0,2 sm masofada tarangroq tortib bo’ylama yoki yelim uqa qo’yiladi. Bo’ylamani old bo’lakka universal mashinada, uning qirqimidan 0,2 sm masofada baxyaqator yuritib tikiladi. Taqilma haqining chetiga astarlik gazlama parchasi (mag’iz) qo’yib 0,4-0,5 sm kenglikdagi ag’darma chok bilan tikiladi. Gazlama parchasi ag’darma chokdan aylantirib o’tkazilib, 0,4-0,5 sm kenglikda kant hosil qilinadi va ag’darma chok yonidan universal mashinada baxyaqator yuritiladi. Ip gazlamadan tikiladigan yubkalarda taqilmaning cheti teskarisiga 0,7 sm bukilib, bukilgan ziyidan 0,2 sm masofada baxyaqator yuritiladi.
Yubka belbog’siz bo’lsa, old bo’lak taqilma haqi o’ngi ichkariga qaratib bukiladi va yuqori cheti kertim joygacha universal mashinada 0,7 sm kenglikda ag’darma chok bilan tikiladi. Taqilma burchaklari o’ngiga ag’darilib, yon ziyi qo’lda to’g’ri qaviq solib yoki zanjir baxyali maxsus mashinada ko’klanadi. Yon ziyi teskari tomondan dazmollanadi.
Ort bo’lak taqilma haqining chetiga astarlik gazlama parchasi qo’yib, 0,4-0,5 sm kenglikdagi ag’darma chok bilan tikiladi. Gazlama parchasi ag’darma chokdan aylantirib o’tkazilib, 0,4-0,5 sm kenglikda kant hosil qilinadi va ag’darma chok yonidan universal mashinada baxyaqator yuritiladi. Astarlik gazlamaning ichki cheti 1 sm buklanadi va hosil bo’lgan ziydan 0,2 sm narida universal mashinada baxyaqator yuritib tikiladi. Bu baxyaqator taqilma tugmalanganda old bo’lak tagidan ko’rinib qolmaydigan bo’lishi kerak rasm). Astarlik gazlamaning ichki cheti yashirin baxyali maxsus mashinada tikib qo’yilsa ham bo’ladi.
Ip gazlamadan tikiladigan yubkalarda ort bo’lak taqilmasining ichki chetiga satin parchasi qo’yib, 0,4-0,5 sm kenglikda ag’darma chok bilan tikiladi. Chok to’g’rilanadi va yubka avrasidan 0,1-0,2 sm kant hosil qilib, ziyidan 0,2 sm masofada baxyaqator yuritiladi.
Yubka qirqimlari old bo’lak tomondan biriktirib tikiladi. Chok yorib yoki bir tomonga yotqizib dazmollanadi. Taqilma pastki uchi uning pastki qirqimidan 1 sm yuqorida universal mashinada ko’ndalangiga uchta baxyaqator yuritib puxtalanadi. Taqilma ziylari bo’ylab modelga muvofiq bezak baxyaqator yuritiladi yoki yolg’on qaviq solinadi. Yubka taxlamali bo’lsa, taqilma bezak chokining kengligi taxlama bezak chokining kengligi bilan bir xil bo’lishi kerak. Taqilma ustki qismi ostki qismi ustiga chiqarilib dazmollanadi.
Yubka taqilmasi “molniya” tasmali bo’lsa, taqilmaga “molniya” tasmani yubka o’ngidan ko’rinib turadigan qilib yoki ichkariroqqa ko’rinmaydigan qilib qo’yilishi mumkin. “Molniya” tasma ich kiyimni ilib ketmasligi uchun ehtiyot ko’rinma qo’yiladi (37-rasm). Ehtiyot ko’rinma 8-9 sm kenglikda, faqat astar gazlamadan yoki astar va avra gazlamadan o’rish iplari bo’ylab qirqib bichiladi. Uning uzunligi taqilma uzunligiga mos bo’lishi kerak. Ehtiyot ko’rinma avra-astarli bo’lsa, avrasi o’ngi ichkariga qaratilib, astari bilan juftlanadi. Yuqori va tashqi yon chetlari ag’darma chok bilan tikiladi. Keyin o’ngiga ag’darilib, ichki va pastki qirqimlari yo’rmaladi.
a b
37 – rasm.
Molniya tasmani taqilmaga tikish:
a – ko’rinma qo’yib tikish b – ko’rinma qo’ymasdan tikish
Ehtiyot ko’rinma faqat astar gazlamadan bo’lsa, gazlama parchasi o’ngi ichkarisiga qaratib buklanadi. Yuqori va ostki qirqimlari ag’darma chok bilan tikiladi. O’ngiga ag’darib, ichki qirqimi yo’rmaladi.
Taqilma ko’rinmaydigan “molniya” tasmali qilib tikiladigan bo’lsa, yubkaning ort va old bo’laklari bichilayotganda taqilma ishlov haqi qoldiriladi. Yubka choklari biriktirib tikiladi va ular yorib dazmollanib, ayni vaqtda old bo’lakdagi taqilma haqi bukib dazmollanadi.
“Molniya” tasmaning bir tomoni yubkaning old bo’lak taqilma haqiga bostirib tikiladi, ikkinchi tomoni esa ort bo’lakka ilintirib tikiladi. Bunda tasma yubkaning ort bo’lagi bilan ehtiyot ko’rinma orasida qolishi kerak. Tasmaning ichki cheti taqilma cheti bo’ylab bezak baxyaqator yuritayotganda qo’shib tikiladi. Bezak baxyaqator yuritilmaydigan bo’lsa, tasma cheti qo’lda yashirin qaviq solib yoki yashirin baxyali maxsus mashinada tikib qo’yiladi. Taqilma pastki uchi old bo’lak teskarisidan ikkita ko’ndalang baxyaqator yuritib puxtalanadi.
Taqilma ko’rinib turadigan “molniya” tasmali qilib, ya’ni ko’rinma qo’yma tikiladigan bo’lsa yubka choklari biriktirib tikilgandan va yorib dazmollagandan keyin, tasmaning o’ngi yubkaning teskarisiga qaratilib, dazmollangan taqilma chetlari ustiga qo’yiladi. Tasma choki qirqimlaridan 0,5 sm narida tikiladi. Tasmaning pastki chetlari yubka tomoniga qiyalama buklab qo’yiladi.
16.2.Yubkaning yuqori chetiga ishlov berish.
Yubkaning yuqori chetida qaytarma belbog’, ulama belbog’, korsaj tasma va boshqa detallar bo’lishi mumkin.
Yubkaning yuqori cheti qaytarma belbog’li bo’lsa, oldin belbog’ tikib olinadi. Buning uchun, belbog’ o’ngi ichkariga qaratib buklaadi va tagida qoladigan uchi ko’ndalangiga, ustki uchi esa uchburchak shaklida 0,7 sm kenglikda chok bilan tikiladi. Burchak joylardagi chok haqi 0,2 sm qoldirilib, ortiqchasi kesib tashlanadi. Belbog’ uchlari o’ngiga ag’darib to’g’rilanadi va dazmollanadi. Belbog’ yubkaning o’ngi tomoniga qo’yilib, ularning qirqimlari tekislanadi. Belbog’ ustiga astarlik gazlama parchasi qo’yib, u yubkaga belbog’ bilan birga 0,7 sm chok bilan tikiladi. Belbog’ taqilmaning ostki ziyidan boshlab ustki tomondagi qismining ziyigacha tikiladi. Belbog’ qaytarilib turib, chok to’g’rilanadi, qo’yilgangazlama parchasining qirqim tomoni ichkari tomonga qo’yilgan gazlama parchasining qirqim ichkari tomonga qo’yilgan gazlama va shu bukilgan ziydan 0,1 sm masofada bostirib tikiladi (39 - rasm).
Gazlama parchasining qirqim tomoni bostirib tikilayotganda ilgak uchlari yubkaning old va ort bo’laklari o’rtasidan baravar uzoqlikdagi joyga qo’yilib, ikkita yoki uchta qaytma baxyaqator bilan puxtalanadi. Belbog’ ulangan chok yubkaning teskarisi tomondan dazmollanadi. Belbog’ yubkaning o’ngiga qaytariladi va belbog’ detalidan 0,2-0,3 sm kant hosil qilib dazmollanadi. Belbog’ning pastki ziyining bir-biridan 10-12 sm oraliqdagi joylari qo’lda besh-oltita qaviq solib, yubkaga chatiladi.
|