|
Shaxsga yo’naltirilgan ta`lim texnologiyalari va uni zamonaviy sharoitda qo’llash
|
bet | 7/11 | Sana | 23.05.2024 | Hajmi | 71,23 Kb. | | #250983 |
Bog'liq Шахсга йуналтрилган ТТ куллашPedagogik o‘yin - bu o‘quvchilarning o‘rganilayotgan tizimni taqlidan modellashtirish jarayonida faol, ko‘p jihatdan erkin, o‘rganish faoliyati hisoblanadi. SHuningdek, o‘quvchi kasbiy faoliyatining o‘yin modelini real sharoitga yaqinlashtirilgan vaziyatini yaratish jarayoni hamdir. Pedagogik o‘yinlar keyingi vaqtlarda o‘quvchilarda ma’lum bir bilimlar tizimini rivojlantirish, kasbiy ko‘nikma va malakalarni shakllantirish usuli sifatida foydalanishga harakat qilinmoqda.
Pedagogik o‘yin mashg‘ulotlari o‘qitishning faol, samarali metodi hisoblanib, mashg‘ulot qatnashuvchilarining nafaqat kasbiy bilim va malakalarini, balki shaxsning ayrim kasbiy va ahloqiy xususiyatlari (tayyorgarlik, bajaruvchanlik, ijro etuvchanligi, ijodiy faollik, intiluvchanlik, asoslanganlik, jamoatchilik va boshqalar)ni shakllantiradi.
“O‘yinli pedagogik texnologiyalar” tushunchasi pedagogik jarayonni turli xil pedagogik o‘yinlar shaklida tashkil etishning metodlari va usullarining etarlicha keng guruhini o‘z ichiga oladi. Umuman o‘yinlardan farqli holda pedagogik o‘yin jiddiy belgiga – o‘qitishning aniq qo‘yilgan maqsadi va unga mos pedagogik natijaga ega bo‘lib, ular o‘quv bilish faoliyatga yo‘naltirilganligi bilan tavsiflanadi. Mashg‘ulotlarning o‘yinli shakli darslarda o‘quv faoliyatiga jalb qilish (undash), rag‘batlantirish vositasi sifatida ishtirok etuvchi o‘yin usullari va vaziyatlari yordamida yaratiladi.
Pedagogik o‘yinlar mazmunida pedagogika tarixi, milliy pedagogika, maxsus fanlarni o‘qitish metodikasi kabi fanlarning o‘quv materiallari o‘z aksini topadi. Pedagogik o‘yinli mashg‘ulotlar mutaxassisni ta’lim olishga qiziqishini uyg‘otish, guruhni jipslashtirishga va bo‘lg‘usi kasbiy faoliyatga tayyorlashga imkon beradi.
Ta’lim berish nuqtai-nazaridan pedagogik o‘yinlar kasbiy bilim, ko‘nikma va malakalar bilan bir qatorda jamoa bo‘lib masalalarni hal etish yo‘llari to‘g‘risidagi bilimlarni, turli hildagi topshiriqlarni echish yo‘llarini qidirish jarayonida o‘zaro muloqot qilish shakllari va usullarini ham shakllantiradi. Bular bilan bir qatorda pedagogik o‘yinlar ish o‘rnini mustaqil rejalashtirish, ishlab chiqarish texnologik me’yorlarini muvaffaqiyatli bajarish ko‘nikmalarini, o‘quv ishlab chiqarish ishlarini bajarishning ilg‘or usullarini o‘rganishni ham shakllantiradi.
O‘quvchilarni pedagogik o‘yin vositasida o‘qitish ko‘p vazifali bo‘lib, shaxsda turli kasbiy va shaxsiy sifatlarni shakllantirishi hamda rivojlantirishga xizmat qiladi. Garchand pedagogik o‘yinlarni ishlab chiqish ko‘p mehnat talab qilsada, u o‘zining bir necha afzalligiga ega:
bo‘lajak mutaxassisning kelgusidagi kasbiy faoliyati bilan uzviy ravishda ishlab chiqilishi;
namunaviy pedagogik o‘yindan bir necha marta samarali foydalanish mumkinligi;
o‘quvchining kasbiy faoliyat sirlarini egallashi va bilimlarni pedagog yordamisiz mustaqil o‘zlashtirishi;
o‘quvchilarning mustaqil kasbiy faoliyatdagi yuzaga keladigan xatoliklarni bartaraf etish imkonining mavjudligi;
guruh a’zolarida birgalikda fikrlash qobiliyatining rivojlanishi;
boshqaruvning yangi shakl va qoidalari, tuzilmasi, me’yori va metodikasining sinovdan o‘tkazilishi va boshqalar1.
Kasbga doir pedagogik o‘yinlar pedagog va muhandis-pedagoglarga o‘z psixologik va pedagogik bilimlari asosida ijodiy say’i-harakat qilishlariga keng imkoniyat yaratadi.
Pedagogik o‘yin davomida o‘quvchilarda quyidagi ko‘nikma va malakalar shakllanadi:
ma’lumotlar to‘plash va tahlil qilish;
ishonchli ma’lumotlar etarli bo‘lmagan sharoitlarda echimlar qabul qilish va uning samarasini baholash;
muayyan turdagi kasbiy amaliy masalalarni tahlil qilish;
kasbiy faoliyat sohalari o‘rtasidagi bog‘lanishlarni o‘rganish;
jamoada ishlash, masalalar echimlarini hamkorlikda ishlab chiqish;
kasbiy faoliyatdagi jarayon va hodisalarni tadqiq etishda tizimli yondashuvdan foydalanish va boshqalar.
Pedagogik o‘yinlar o‘zining keng imkoniyatlariga ega bo‘lib, u o‘quvchilarda yana turli xil bilim, ko‘nikma, malaka hamda shaxsiy fazilatlarni shakllantiradi. Bu asosan o‘yinga qanday tayyorgarlik ko‘rilishiga va uni qanday o‘tkazilishiga hamda uning asosiga qanday motivlar qo‘yilishiga bog‘liq bo‘ladi.
Bundan tashqari, pedagogik o‘yinlarning samaradorligi yana shundan iboratki, uning qatnashchilari yaxlit tizimli bilimga ega bo‘ladi va mustaqil - ijodiy fikrlash qobiliyatlari rivojlanishi negizida bo‘lajak kasbiy faoliyatga oid boshlang‘ich ko‘nikmalar shakllantirilib, o‘quv-tarbiyaviy jarayonni amaliyot bilan bevosta bog‘lab olib borishni ta’minlaydi. SHuning uchun ham u, rivojlantiruvchi o‘qitishning yuqori samarali usullaridan biri bo‘lib hisoblanadi.
Pedagogik o‘yinlar ko‘pgina imkoniyatlarga ega hisoblanadi. Agar vazifalar yordamida o‘quv-tarbiyaviy jarayonni yuqoriroq darajada o‘tkazish bilimlari shakllansa, pedagogik o‘yinlar orqali uni eng real sharoitga yaqinlashgan vaziyatda o‘tkazishni shakllantirish mumkin. Pedagogik o‘yinlar jarayonida o‘quvchilar berilgan rollarga mos amaliy xarakatlarni bajaradilar. (O‘qituvchi – o‘quv tarbiyaviy jarayonni boshqaruvchi, ijtimoiy foydali mehnat tashkilotchi-o‘qituvchi, to‘garak rahbari va h.k.). Pedagogik o‘yinning asosiy vazifasi o‘quvchilarni tahlil asosida qabul qilingan qarorlar amaliyotiga o‘rgatish, vaziyatni baholash va uning pedagogik fan nazariyasiga mos tashhisini aniqlashni o‘rgatishga qaratilgan bo‘lishi lozim. Bunda pedagogik texnika ishlab chiqiladi (so‘zlashuv, yuz ifodasi, xarakatlar, o‘z holatini boshqarish, o‘zini va atrofdagilarni tushunish, ular bilan aloqa va h.k.lar).
Ta’lim muassasalarida o‘tkaziladigan pedagogik o‘yinlar didaktik (ta’limiy) o‘yinlar hisoblanadi. Ularning majburiy elementlari va talablari quyidagilardan iborat:
|
| |