|
BOLALAR VA O‘SMIRLAR JAMOASINI JISMONIY TARBIYALASHNING GIGIYENIK ASOSLARI
|
bet | 7/27 | Sana | 19.05.2024 | Hajmi | 94,17 Kb. | | #244373 |
Bog'liq BO\'G\' dalolatnoma1.4. BOLALAR VA O‘SMIRLAR JAMOASINI JISMONIY TARBIYALASHNING GIGIYENIK ASOSLARI
Sog‘liq, jismoniy tarbiya va sutkalik harakat faolligi o‘zaro bog‘liqdir. Salomatlik salmoqli darajada odatdagi harakat faolligi darajasi bilan aniqlanadi. Aholining turli guruhlarida ko‘nikma paydo bo‘lgan sutkalik harakat faolligi va yurak-qon tomirlar tizimi hastaliklari chastotasi orasidagi bog‘liqlik aniqlandi. Harakat faolligining sutkalik sanoq kattaligi va organizmning unga bo‘lgan reaksiyalari parabola shaklida kechadi.
Sutkalik harakat faolligi – bu bola hayotiy faoliyati jarayonida bajaradigan harakatlar: jismoniy tarbiya jarayonidagi faollik; o‘qitish, foydali jamoatchilik ishlari va mehnat faoliyati davrida amalga oshiriladigan jismoniy faollik; bo‘sh vaqtda tashqi ta’sirsiz o‘z – o‘zidan keladigan faolliklarning qo‘shilganidan iborat. Uni dinamik tarkibiy qism va faoliyatning alohida turlari bo‘yicha, lokomotsiya (odimlar) soni, quvvat sarflash kattaligi va yurak qisqarishlari chastotasi (YUQCH) o‘zgarishlari bo‘yicha o‘lchash va baholash mumkin.
Bolalar va o‘smirlarning odatiy harakat faolligi darajasi biologik va ijtimoiy omillar bilan aniqlanadi. Organizmning harakatlanishga bo‘lgan ehtiyojini shakllantiruvchi yetakchi biologik omillar – yosh va jinsdir.
Bolalar va o‘smirlar salomatligi holati ko‘rsatkichlari va bir qator ijtimoiy-gigiyenik omillar orasidagi aloqaning sababiy- hulosaviy tahlili o‘sib kelayotgan avlodning salomatligini mustaxkamlash va nospetsifik surunkali xastaliklar profilaktikasida maqbul harakatlantiruvchi tartibning salmoqli o‘rni borligidan darak beradi. Bu esa o‘sayotgan avlodning to‘g‘ri tashkillashtirilgan jismoniy tarbiyasini qamrab oluvchi sog‘lomlashtirish tadbirlari ilmiy asoslab berishga imkon yaratadi.
Jismoniy tarbiya, bu-insonning sog‘ligini mustahkamlash maqsadidagi jismoniy mashqlar, tabiat omillari, gigiyenik tadbirlarning tashkil etilgan ta’sir jarayonidir.
Jismoniy tarbiyaning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
• organizm yetakchi tizimlarining yetilishi va funksional takomillashishining ijobiy kechishini ta’minlash;
• harakatlantiruvchi analizatorlarning o‘z vaqtida shakllanishi va organizmning yuqori darajadagi ish qobiliyatini ta’minlovchi asosiy jismoniy sifatlar ( kuch, tezlik, chaqqonlik, chidamlilik, muvozanat, harakatlarning muvofiqligi)ning rivojlanishini nospetsifik tezlashtirish;
• organizmning hastalik qo‘zg‘otuvchi mikroorganizmlar va atrof – muhit salbiy omillari ta’siriga qarshi nospetsifik chidamliligini oshirish, bu kasalliklar kamayishiga ko‘maklashadi;
• shamollash hastaliklariga nisbatan chidamlilikni ta’minlovchi termoregulyatsiya reaksiyalarini takomillashtirish;
• alohida a’zolar va tizimlar faoliyati buzilishini me’yorlashtirish, shuningdek, jismoniy rivojlanishdagi tug‘ma yoki orttirilgan nuqsonlarni to‘g‘rilash davolovchi – sog‘lomlashtiruvchi ta’sir qiladi;
• jismoniy tarbiya va sportga bo‘lgan ongli yondoshuv va sabablarni shakllantirish.
Maktabgacha ta’lim muassasalarida jismoniy tarbiya – sog‘lomlashtirish mashg‘ulotlari:
- ertalabki badan tarbiya;
- sayrdagi harakatli o‘yinlar;
- jismoniy tarbiya daqiqalari;
- jismoniy tarbiya hordig‘i;
- jismoniy tarbiya bayrami;
- salomatlik kuni.
– sog‘lomlashtirish mashg‘ulotlari:
Darsdan tashqari ta’lim quyidagilarni qamrab oladi:
a) sport mashg‘ulotlari:
- jismoniy tarbiya to‘garaklari;
- sport to‘garaklari (gimnastika, badminton, basketbol, voleybol, futbol, stol tennisi, xokkey, kurash, ritmik gimnastika va boshqalar );
- umumiy jismoniy tayyorgarlik guruhi.
- har oyda o‘tkaziladigan salomatlik va sport kunlari;
-v) davolovchi- sog‘lomlashtiruvchi mashg‘ulotlar;
-mahsus tibbiy guruhlar;
-shifokorlik jismoniy tarbiya dispanserlaridagi davolovchi jismoniy tarbiya guruhlari;
-shifokorlik-jismoniy tarbiya dispanserlari va poliklinikalarda davolovchi jismoniy tarbiya bilan yakka tarzda shug‘ullanish;
- mashg‘ulotlardan oldingi badan tarbiya, jismoniy tarbiya tanaffusi, ishlab chiqarishdagi badan tarbiya;
- tanaffuslardagi jismoniy tarbiya mashqlari.
Mustaqil ta’lim ota - onalar bilan birgalikdagi harakatli o‘yinlar, butun oila ishtirok etadigan musobaqalar, ota – onalar bilan sayohatlar va safarlar, abonementli suzish guruhlari, chiniqtirish, sog‘lomlashtiruvchi yurish, velosport va boshqa mashqlarni yoqtiruvchilarni birlashtiruvchi guruh (klub)lardagi mashg‘ulotlar, individual rejaga ko‘ra mustaqil shug‘ullanishlarni qamrab oladi.
Bolalar va o‘smirlarni jismoniy tarbiyalash quyidagi gigiyenik qoidalarga binoan amalga oshiriladi:
- o‘sayotgan organizmning harakatga va uning funksional imkoniyatlarga bo‘lgan biologik ehtiyojini nazarda tutuvchi maqbul harakat tartibi;
- bolalar va o‘smirlarning yoshi, jinsi, salomatlik holati va jismoniy tayyorlanganligiga bog‘liq holda jismoniy ta’limning shakl va vositalaridan differensial foydalanish;
- mashg‘ulotlarning uzviyligi, yuklamalarni asta – sekin ko‘paytirish va jismoniy tarbiyaning turli – tuman shakllari va vositalardan uyg‘un foydalanish;
- jismoniy tarbiya darslari vaqtida gigiyenik jihatdan to‘laqonli tashqi muhit sharoitlarini yaratish.
Jismoniy ta’limning asosiy vositalari – jismoniy mashqlar, tabiiy omillar, o‘qalash, tabiiy lokomotsiyalar, shaxsiy gigiyenadan iborat.
Bolalar uchun yuklamalar yetarli bo‘lishi muhim omil bo‘lib, u jismoniy tarbiya darslarining motor zichligi (bolaning harakatlarni bajarish uchun sarflagan vaqti va mashg‘ulotlarning umumiy muddatining nisbati, foizda hisoblanadi) bilan aniqlanadi va 60 – 80 foizni tashkil etishi zarur.
Jismoniy tarbiya mashg‘ulotlarida zamonaviy yaroqli holatdagi anjomlar va sport buyumlaridan foydalanilishi kerak.
Pediatr – shifokor tomonidan har yili bolalarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish natijalariga ko‘ra tibbiy guruhlarga bo‘linadi: asosiy, tayyorlovchi, maxsus (3-jadval). Bu bolalar guruhlaridagi mashg‘ulotlar o‘ziga xoslikka ega.
Salomatlik holatiga ko‘ra asosiy va tayyorlov guruhiga mansub bolalar birga shug‘ullanishadi, ammo keyingilari uchun yuklamalar zichligi va xajmi kamaytiriladi (tez chopishni yurish va yengil yugurish bilan almashtiriladi, mashqlarning takroriyligi kamaytiriladi kuch ishlatiladigan mashqlarni bajarish cheklanadi). 3- jadval
|
| |