O‘SMIRLAR HARBIY VATANPARVARLIK TARBIYASI: XORIJ MAMLAKATLAR TAJRIBASI HAQIDA
Xaydarov A. –O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi “Temurbeklar maktabi” direktorining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari – o‘quv bo‘limi boshlig‘i, f.f.n., dotsent
Harbiy kuchlarning turli mamlakatlar milliy manfaatlarini amalga oshirish vositasi sifatida ahamiyati dolzarb bo‘lib qolmoqda. Qurolli kuchlarning jangovar holati hamon mamlakatlar suverenitetining asosiy shartlaridan biri bo‘lib ko‘rinmoqda. Lekin, armiya o‘z-o‘zicha davlatdan tashqarida mavjud bo‘lishi mumkin emas. Armiya mustahkam ta’minotsiz mavjud bo‘la olmaydi, shuning uchun ham armiya va xalqning, boshqacha qilib aytganda armiya-davlat-jamiyatning birligi masalasi yangi geosiyosiy va tarixiy sharoitlarning chaqiriqlariga tayyor turish uchun tamal toshi hisoblanadi. Ushbu ma’noda, davlat, jamiyat, armiya hayot-faoliyati uchun eng muhim omillardan biri bo‘lib vatanparvarlik hisoblanadi. Bu vazifalar ko‘lamida yoshlarda o‘z Vataniga sadoqat hissiyoti, mamlakat manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha fuqarolik burchi va konstitutsiyaviy majburiyatlarini bajarishga tayyorligini ifodalovchi yuksak vatanparvarlik ongini shakllantirishdan iborat bo‘lgan harbiy vatanparvarlik tarbiyasining ahamiyati oshib boradi.
Harbiy vatanparvarlik tarbiyasi vatanparvarlik tarbiyasi bilan uzviy bog‘langan bo‘ladi. Harbiy vatanparvarlik tarbiyasini qo‘sh vazifali ta’lim texnologiyasiga qiyoslash mumkin, u barcha mavjud vositalar bilan yosh fuqaroni kelajakda Vatan himoyachisiga ham, har qanday kasbdagi odamga ham zarur bo‘lgan axloqiy-ruhiy sifatlar qurollantiradi. Zero, jasurlik, mustahkam xarakter, jismoniy chidamlilik Vatan himoyachisiga ham, shifokorga ham, muhandisga birday zarur.
Hozirgi vaqtda harbiy vatanparvarlik tarbiyasi O‘zbekiston Respublikasi yoshlar siyosatining ustuvor vazifalaridan biridir. Harbiy vatanparvarlik tarbiyasining zarurligi O‘zbekiston Respublikasining Mudofaa doktrinasida ham o‘z aksini topgan.Vatanparvarlik tarbiyasining samaradorligini oshirish bo‘yicha konsepsiya qabul qilingan. (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 23-fevraldagigi 140-sonli “Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida” gi Qarori).
Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash mustaqil O‘zbekiston Respublikasida ma’naviy-tarbiyaviy siyosatning ustuvor yo‘nalishlaridan ekanligi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 28-iyunda qabul qilingan “O‘smirlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari va davlat xizmati uchun kadrlar zahirasini tayyorlash tizimini takomillashtirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida” qarorida o‘z tasdiqini topdi. Ushbu qarorda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiyasi tarkibida prinsipial yangi “Temurbeklar maktabi” harbiy akademik litseylari tashkil etilishi belgilandi. Qarorda ko‘rsatilgan “Temurbeklar maktablari”ga qo‘yilgan vazifalar, jumladan, buyuk ajdodlarimiz va zamondosh vatandoshlarimiz qahramonligi asosida haqiqiy vatanparvar, qat’iy hayotiy qarash va faol fuqarolik pozitsiyasiga ega, notiqlik va yetakchilik xislatlariga ega bo‘lgan Vatan himoyachilarini, respublikaning oliy, oliy harbiy va ixtisoslashgan ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishi uchun munosib nomzodlarni tayyorlashning shartlaridan biri esa o‘rta maxsus harbiy ta’limda mamlakatimiz va jahon tajribasi yutuqlarini uyg‘unlashtirishdir.
Yuqorida masalalarni hal qilish yo‘lidagi yutuqlar, muammolar va ziddiyatlar – alohida maqolaning mavzusi. Mazkur maqolaning maqsadi bunday masalalar jahonnnig ba’zi yetakchi mamlakatlarida qanday hal qilinayotganligini sharhlashdir. Hozirgi zamondagi yetakchi davlatlarning tajribasi shuni ko‘rsatadiki, ularning deyarli hammasining ta’lim tizimida harbiy akademik litseylar yoki maqomiga ko‘ra ular bilan taqqoslanadigan ta’lim muassasalari mavjuddir. Ularning bu boradagi tajribasini o‘quv-tarbiyaviy jarayoni va uning moddiy ta’minoti tubdan qayta o‘zgartirilayotganva yangidan tashkil etilgan “Temurbeklar maktabi” faoliyatida hisobga olish foydadan xoli bo‘lmaydi. O‘rganilayotgan muammoni to‘liq tushunish uchun dunyoning yetakchi mamlakatlaridagi mavjud harbiy kadrlarni tayyorlash tizimlarini qiyosiy tahlil qilish mumkin. Dunyodagi eng qudratli mamlakat bo‘lgan AQSh harbiy ta’lim tizimida o‘smir yoshlar chaqiriqqacha harbiy ta’limi haqida so‘z yuritamiz. Albatta, biz AQShda mavjud o‘smirlar harbiy ta’lim tizimini qandaydir ideal model sifatida qarashdan yiroqmiz.
AQShda fuqarolarda vatanparvarlik hislarini tarbiyalashni bolalik davridan boshlanadi. Boshlang‘ich sinflardayoq AQShning Mustaqillik deklaratsiyasi nima ekanligi o‘rganiladi, uning qanday ishlab chiqilganligi sahna kiyimlarida namoyish etiladi. Bolalar mamlakatning asoschilari va mashhur amerika prezidentlarining aytgan fikr(iqtiboslar)ni o‘rganishadi. AQShning tarix bo‘yicha darsliklari amerikaliklar ko‘rsatgan qahramonlik namunalari bo‘yicha misollarga to‘lib ketgan.
Jamiyat va Amerika armiyasining birligi aholiga muntazam axborot ta’siri ko‘rsatish, uning ongiga AQShning boshqa mamlakatlardan mutloq ustunligini singdirish orqali majmuaviy amalga oshiriladi. Amerikaliklarning davlat siyosiy tizimiga sadoqati, ularning “erkinlik va demokratik ideallarga moyilligi” AQShning dunyodagi moliyaviy-iqtisodiy va harbiy qudratini ta’minlashning muhim elementi ekanligi uqtiriladi. “Dunyodagi eng yaxshi narsalar – bu amerikaliklarniki” ekanligini ko‘rsatishga da’vat qiladigan targ‘ibot bo‘lajak askar va ofitserlarda bolaligidan o‘z mamlakati uchun g‘urur va uning manfaatlarini yer yuzining har qanday nuqtasida qo‘lida qurol bilan himoya qilishga tayyor turish sifatlarini shakllantiradi. Buning natijasida yosh amerikalik yigit va qizlar uchun harbiy xizmatda beriladigan sezilarli darajadagi moddiy va boshqa imtiyozlar qatori boshqa xalqlarga “beg‘araz ravishda” “tinchlik va erkinlikni tarqatish” ham muhim rag‘bat hisoblanadi.
Davlatning faol moddiy va moliyaviy ko‘magiga asoslanadigan jamoatchilik asosida faoliyat ko‘rsatadigan, maktablar bilan jips aloqadagi ko‘p sonli veteranlar jamiyatlari yoshlarda fuqarolik burchi va vatanparvarlikni tarbiyalashda muhim yordam berishadi. Aytish lozimki, AQSh qonunchiligiga ko‘ra, o‘rnatilgan muddatdan kam bo‘lmagan vaqt haqiqiy harbiy xizmatni o‘tagan, xizmatdan bo‘shatilganlar “veteran” maqomini oladilar va muayyan imtiyozlarga ega bo‘ladilar. Hozirgi vaqtda AQSh veteranlar harakati 70 dan ortiq tashkilotlarga birlashgan 15 milliondan ko‘proq odamni o‘z ichiga oladi. Ularning eng yiriklari “Amerika legioni” (2,5 milliondan ko‘proq odamni birlashtirgan). “AQSHning xorijdagi urushlari veteranlari” (qariyb 2 million odam), “Ikkinchi jahon urushi, Koreya va Vetnamdagi urushidagi amerika veteranlari”hisoblanadi.
4 mln. boyskaut va 3 mln.ga yaqin gerlskautlarni o‘z ichiga oladigan skautlar harakati harbiy-vatanparvarlik tarbiyasiga salmoqli hissa qo‘shadi. Hamma skaut tashkilotlar AQSh skautlari ittifoqiga birlashgan bo‘lib, ularni mamlakatning tadbirkorlari, ruhoniyati va oliy harbiy rahbariyat vakillaridan iborat bo‘lgan Milliy qo‘mita boshqaradi. Davlat boshlig‘i ittifoqning faxriy prezidenti hisoblanadi. Skautlarning harbiylashtirilgan tayyorgarlik dasturi jismoniy tayyorgarlik mashqlari (askar va ofitserlar uchun mo‘ljallangan soddalashtirilgan majmuaviy mashqlar, uzoq masofalarga marsh), harbiy texnikani o‘rganish hamda turli harbiylashtirilgan o‘yin va musobaqalarni o‘z ichiga oladi.
Amerikaning ham davlat, ham xususiy o‘rta maktablarida amalga oshiriladigan JROTC (Junior Reserve Officers' Training Corps) o‘smirlar kurslari tajribasi e’tiborga molik. Ushbu boshlang‘ich harbiy tayyorgarlik kursi kongress tomonidan 1916-yilda tashkil etilgan. Hozirgi paytda u 3,5 mingta amerika o‘rta maktablarining yuqori sinflari dasturlariga kiritilgan. Bu kurslar tinglovchilari armiya ofitserlari ma’ruzalarini eshitadilar, Pentagon tomonidan tasdiqlangan darsliklar asosida shug‘ullanadilar, harbiy kiyimda yuradilar va harbiy paradlarda ishtirok etadilar.
Qonunga muvofiq JROTCning asosiy maqsadlari quyidagicha: o‘sib kelayotgan yosh avlodda fuqaroviylik va vatanparvarlik hissiyotlarini tarbiyalash; o‘z kuchiga ishonishni, yetakchilikni rivojlantirish; og‘zaki va yozma shaklda muloqot qilish qobiliyatini rivojlantirish; o‘quvchilarning jismoniy tayyorgarligini oshirish, amerika qurolli kuchlariga va ularning milliy manfaatlarni himoya qilishdagi roliga chuqur hurmatni tarbiyalash, asosiy safda yurish ko‘nikmalarini va asosiy harbiy qoidalarni bilish. Dasturning o‘zida aytilganidek, u o‘smirlarni “o‘z mamlakatlariga (lider) yetakchi sifatida yaxshi xizmat qilish va harbiy xizmatga tayyorgarlik ko‘rishga” tayyorlaydi. JROTC ustavining bandlaridan birida “Men Amerika Qo‘shma Shtatlarining kelajagiman” deb ta’kidlangan. O‘quvchilarga amerikacha turmush tarzining ustunligi uqtirilib, uning qadriyatlari tizimi “vatan”, “konstitutsiya”, “milliy xavfsizlik” kabi tushunchalar bilan asoslantiriladi. Bu dasturni amalga oshirish Mudofaa vazirligi zimmasiga yuklatilgan. JROTC ishtirokchilariga xuddi qurolli kuchlardagidek harbiy unvonlar beriladi, faqat ular “kadet” qo‘shimchasi qo‘shiladi. Nafaqat kurs rahbariyatining, balki Amerika ofitserlari yoki faxriylari assotsiatsiyasi kabi boshqa tashkilotlarning ham lentalari, medal va faxriy yorliqlaridan rag‘batlantirish sifatida foydalaniladi. Mukofotlanganlarni taqdirlash o‘qituvchilar, ota-onalar, faxriylar va boshqa mehmonlar taklif etiladigan tantanavor marosimda amalga oshiriladi. AQSh armiyasi generallari umumiy sonining 40 % ushbu kurslarning bitiruvchisi ekanligi JROTCning ahamiyati va ko‘lamini ko‘rsatadi.
Yuqorida aytib o‘tilganlardan tashqari, Amerika Qo‘shma Shtatlarida yoshlarni kerakli yo‘nalishda tarbiyalash uchun raqamli texnologiyalardan foydalanishga ham katta e’tibor berilmoqda. Zero, aksariyat yoshlar uchun zerikarli tuyuladigan rekrut(xizmatga chaqiruv) markazlariga nisbatan otishmalarga boy bo‘lgan sarguzasht videoo‘yinlar qiziqarliroq ekanligini yaxshi anglagan amerikalik harbiylar Filadelfiya yaqinida joylashgan Franklin Mil savdo-ko‘ngilochar majmuasida 2008-yilda ulkan videoo‘yinni yaratishgan. Bu eksperimental harbiy bazada bolalar xay-tek tarzida harbiy harakatlarni uddalashadi. Ular ikkita katta zalda joylashgan kompyuter terminallarida turli jangovar harakatlarni amalga oshirishlari, jumladan, harbiy vezdexodlarni haydashlari, “Apach” zarbdor vertolyotlarida uchishlari va qurollangan “dushmanlar” to‘dasi qurshovidanotishma qilib o‘tib ketishlari mumkin bo‘ladi.
Xulosa qilib aytganda, AQShda mavjud harbiy-vatanparvarlik tarbiyasi amerika yoshlarini xizmatga tayyorlashtizimi bir butun, uzluksiz, yetarli darajada samarali va pragmatik jarayon bo‘lib, u mamlakat milliy qurolli kuchlarini zaruriy malakaga ega bo‘lgan va jismoniy tayyorlangan kadrlar bilan ta’minlashda muhim rol o‘ynamoqda. Shuni aytish kerakki,nafaqat AQSh, balki jahondagi boshqa rivojlangan mamlakatlarning bu sohasidagi tajribalarini ijodiy o‘rganish mamlakatimizda shakllanayotgan harbiy-vatanparvarlik tarbiyasi tizimini yanada takomillashtirishda foydali bo‘lishi muqarrar.
“TEMURBEKLAR MAKTABI”DA FIZIKA FANINI O‘QITISHDA O‘QUVCHILARNI HARBIY-VATANPARVARLIK RUHIDA TARBIYALASHDA INNOVATSION TEXNOLOGIYALARNING ROLI
|