YO’SHLARNI VATANPARVARLIK RUHIDA TARBIYALASHDA




Download 5,41 Mb.
bet123/151
Sana01.04.2021
Hajmi5,41 Mb.
#13872
1   ...   119   120   121   122   123   124   125   126   ...   151
YO’SHLARNI VATANPARVARLIK RUHIDA TARBIYALASHDA

AMIR TEMUR HARBIY MAHORATINING AHAMIYATI
Bahronov D.– O’zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi “Temurbeklar maktabi” bosh o’qituvchisi, tarix fanlari nomzodi
Yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda millatimiz tarixida o’chmas iz qoldirgan, buyuk davlat arbobi va mohir sarkarda sohibqiron Amir Temur (1336-1405) ning sarkardalik iste’dodi, u tuzgan mahobatli armiyaning kuch-qudrati, taktika va strategiyasi to’grisida bilimga ega bo’lish, muhim ahamiyat kasb etadi. “Temurbeklar maktabi”da tahsil olayotgan yoshlar ham bobomizning harb san’ati sohasidagi bilimlarini yanada mukammal egallashlari vatanparvarlikning muhim sharti desak to’g’ri bo’ladi. Amir Temur bobomizni ham ochiq janglarda, ham pinhona yo’llar bilan yengmoqchi bo’lganlar. Ammo Amir Temur o’nlab janglarda g’olib bo’lib, biror marta ham engilmagan.

Taniqli fransuz olimi L.Keren o’zining “Amir Temur va Fransiya” nomli asarida Amir Temur yengilmasligining sabablarini quyidagicha ifodalaydi: “Temur yengilmas bo’lganligining asosiy sababi uning o’z navkarlari sodiqligiga erishganligida deb o’ylayman. Uning navkarlari asli Markaziy Osiyo xalqlari orasida ko’pchilikni tashkil qilgan kishilar bo’lib, Temurga qo’shilgunga qadar ro’shnolik ko’rmagan ko’chmanchi cho’pon, ovchi, dehqon, baqqol, kosib, sarbon, askar, adib va hokazo kishilar bo’lib, so’ng bahodir, pahlavon va o’z amiriga butunlay sodiq jangchiga aylanar edilar”.1

Bu fikrdan shu narsa ma’lumki, navkarlar Temurni o’zlarining qahramoni va eng dono davlat rahbari deb bilar edilar. U dushmanlarinikiga qaraganda ancha kam sonli qo’shini bilan o’z yurtidan ancha uzoqlarda jang qilganida ham dong’i chiqqan armiyalarni yengar, kuchli mudofaga ega bo’lgan istehkomlarni zabt etar edi. Amir Temur qo’shini tarkibini Movarounnahr, Dashti Qipchoq, Xuroson, Eron, Badaxshon, Mo’guliston, Xorazm, Mozandaron, Jatta singari yerlardan yigilgan askarlar tashkil qilar edi.

Sohibqiron yurishga jo’nashdan ancha avval dushmanning qurolli kuchlari, mudofaa inshoatlari, u yerdagi ichki vaziyat kabilar haqida aniq va to’la ma’lumotga ega bo’lish maqsadida uning yurti yoki qarorgohiga o’z ayg’oqchilarini peshma-pesh yuborib, g’anim to’grisida aniq ma’lumotlarga ega bo’lgandan so’ng yurishga hozirlik ko’rar edi. Bu xususida ibn Arabshoh shunday yozadi: “Temur tengi yo’q fe’l-atvorli, chuqur mulohazali kishi bo’lib, uning tafakkur dengizining qa’ri yo’q va uning tadbiri tog’iga na tegisligu, na g’adir-budir orqali yo’l topilardi. U yerlarning barcha tomonlarida o’z ayq’oqchilarini tarqatib, qolgan mulklarida esa josuslar qo’ygan edi”.2 Sohibqiron safar chog’i qo’shinni qiyin, o’tib bo’lmas joylardan boshlab boruvchi yo’lchi, ya’ni kajarchilarni mahalliy xalq ichida yo’llab olish masalasiga jiddiy yondashgan. Safar arafasida an’anaviy ravishda o’z pirlari va rahnamolari huzuriga sof ishonch hamda pok iroda bilan tashrif buyurib, ziyorat shartlarini bajo keltirgan. Muqaddas va muborak mozorlarni tavof qilib, mayib-majruhlarga, muhtoj va yo’qsillarga nazir-u sadaqalar ulashgan. Amir Temur jang maydonini tanlashda bevosita o’zi ishtirok etgan. Janggohning tekis, keng va qo’shin qismlarini joylashtirishga qulay bo’lishi talab qilingan. Ayniqsa, ma’rakagohning ichimlik suv manbaiga yaqin bo’lishi hamda razm vaqtida quyosh nurining jangchilar ko’ziga tushmasligi maqsadga muvofiq deb hisoblangan.1

Rui Gonsales de Klavixoning guvohlik berishicha, qo’shin to’plash to’grisida farmoni oliy e’lon qilinishi bilan askarlar o’z oilasi, asbob-aslahasi, mol-mulki bilan miod (maxsus belgilangan joy)yeriga yetib kelgan. Oddiy askardan yirik sarkardagacha har kim o’z joylashish o’rnini aniq bilgan. Qo’shin bilan birga qassoblar, bakovullar, qovurilgan va pishirilgan go’sht bilan savdo qiluvchilar, arpa va meva sotuvchilar, nonvoylar yam ko’chib yurgan. Turli kasb egalari askarlarga xizmat ko’rsatganlar. “Temur tuzuklari”da ta’kidlanishicha, safar chogida oddiy askarlarning har o’n sakkiztasigacha bitta chodir berilgan. Har bir jangchi ikkita ot, yoy, sovut, qilich, juvoldiz, qop, o’nta nina, arra va teri haltaga (chanach) ega bo’lgan.

Temur armiyasining turli qism va bo’linmalarida uch yuz o’n uch bek boshchilik qilgan. Ularning dastlabki yuztasi o’n begilik, ikkinchi yuztasi yuzbegilik, uchinchi yuztasi esa mingbegilik rutbalarini egallagan. Janglarda qahramonlik va mardlik namunalari ko’rsatgan sara jangchilar munosib ravishda taqdirlanib o’nbegi, takror jangovar xizmatlari evaziga yuzbegi va nihoyat mingbegi amaliga ko’tarilish imkoniyatiga ega bo’lganlar.

Sohibqiron o’z armiyasida mustahkam qal’a va qo’rgonlarni qamal qilishda, dushman kuchlariga qirg’in keltirishda samarali qurol hisoblangan ra’ddan foydalangan. Shuni ta’kidlash lozimki, arab tiliga xos ra’d termini bilan atashlarining boisi shundaki, undan o’qsnaryad otilganda kuchli gumburlagan tovush chiqqan. Avvalo, qalay, simob va mis qotishmalari temir bilan aralashtirilib, damli o’choq va qo’rada eritilgan. Eritmadan ichi bo’sh, koptokka o’xshash, dumaloq shakldagi snaryad-ra’d toshi yasalgan. Bu snaryad ichi porox-doru (adoviy) bilan to’ldirilgan. Snaryad sirtida ikkita teshik bo’lib, ularga o’t oiligi-fatila o’rnatilgan. So’ngra snaryad to’p kamoni-ra’d yoyiga joylashtirilgan. O’t piliklari yoqilgach, snaryad dushman qal’asi yoki qo’rgoni tomon otib yuborilgan.

Snaryad yerga tushib portlashi bilan dahshatli sado chiqqan. Albatta, bunday to’plar qamaldagilarni qattiq vahimaga solgan va ularni taslim bo’lishga majbur qilgan.2

Amir Temur o’zining 35 yil davomida olib borgan to’xtovsiz yurishlari paytida qo’shinning jangovar tartibini mutassil takomillashtirib turishga katta e’tibor qaratdi.U qo’shin markazi-qo’lni ilg’or qism-xiravul hamda madadkor qism-chag’davul bilan mustahkamladi va uni faqat oliy bosh qo’mondon oldida mas’ul qilib qo’ydi. Tuzilishiga ko’ra Temurbeklar armiyasi turk mo’g’ul xalqlari uchun an’anaviy bo’lgan o’n, yuz, ming va tumanlarga taqsimlangan. Ularga o’nbegi, yuzbegi, mingbegi va tumanbegilar sardorlik qilgan. “Temur tuzuklari” da qayd qilinishicha, qo’shin qo’mondonlari safiga Amir Temur oliy-himmat, oqil, mard, tadbirkor, sezgir, jur’atli, sabotli, harb ishiga jon-dilini bag’ishlagan iste’dodli shaxslarni jalb etish masalasiga katta e’tibor bergan.

Tumanlarga sohibqironning farzandlari, nabiralari hamda amir Shayx Nuriddin, amir Hoji Sayfuddin, amir Shohmalik, amir Allohdod, amir Jahonshoh singari nomdor lashkarboshilar rahbarlik qilgan.

Amir Temur o’ta omilkor bo’lib, barcha harbiy usullarni o’z o’rni va vaqtida epchillik bilan ishga sola bilgan. Muzaffar sarkarda harb san’atining dahosi bo’lgan. Buyuk shaxslarni tarix yaratadi, deydilar. Hamisha el g’amini, yurt g’amini o’ylab yashagan sohibqiron Amir Temur yovlar oyog’i ostida toptalgan o’lkani dunyoning eng qudratli saltanatiga aylantirdi. Albatta, bu saltanatning qudrati ma’lum darajada Temur tomonidan tuzilgan mahobatli armiyaga bo’gliq edi. Amir Temur hayotining mazmunini qudratli qo’shin tuzish emas, balki Vatan ozodligi, Vatanga muhabbat bo’lgan.

Bugun Amir Temur shaxsini idrok etish, tarixni idrok etish demakdir. Xulosa qilib shuni ta’kidlash lozimki, o’sib kelayotgan yosh avlod Amir Temurning jahondagi o’rnini, uning ma’naviy merosini, harb san’atitni mukammal bilishi, harb ishini o’ziga kasb qilib olgan yoshlarimiz uchun katta ahamiyatga ega bo’lish bilan birga ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi.




Download 5,41 Mb.
1   ...   119   120   121   122   123   124   125   126   ...   151




Download 5,41 Mb.

Bosh sahifa
Aloqalar

    Bosh sahifa



YO’SHLARNI VATANPARVARLIK RUHIDA TARBIYALASHDA

Download 5,41 Mb.