|
Mastitlarni patogenetik davolash
|
bet | 38/75 | Sana | 09.10.2024 | Hajmi | 2,5 Mb. | | #274377 |
Bog'liq Akusherlik MTMastitlarni patogenetik davolash. Nerv-qon tomir reaksiyalarini me’yorlashtirish maqsadida novokain qo’llaniladi. U faqat qo’zg’alishlarni o’tkazilishini to’xtatish bilan og’riq qoldiruvchi vosita bo’lmasdan, balki sifatiga ko’ra, yangi ta’sirotlar hosil bo’lishini va shu orqali nerv sistemasining trofik funksiyalarining yaxshilanishini ta’minlaydi. Novokain hamma vaqt sut bezida qayta tiklanmaydigan o’zgarishlar (nekro, gangrena, atrofiya yoki yelinning indurasiyasi) kuzatilmagan paytlarda yaxshi samara beradi. Eng oddiy davolash usuli 0,5-0,1%-li novokain eritmasidan 100-150 ml har 12 soatda bir marta yuborish hisoblanadi.
D. D. Logvinov yelinni qisqa novokainli qamali usulining samaradorligi yuqori ekanligini ta’kidlaydi. Buning uchun uzun inyeksiya uchun muljallangan igna rezina shlangcha yordamida shprisga tutashtiriladi. Igna orqa tomondan yelinning asosi bilan qorin bo’shlig’i oralig’ida, o’rtangi oq chiziqdan 1-2 sm chetroqga, son-boldir bo’g’iniga tomonga 8-12 sm suqilib, 0,5%-li novokain eritmasidan 150-200 ml yuboriladi. Ignaning yo’nalishini turli tomonga o’zgartirish bilan yelin usti bo’shlig’iga eritmani bir xilda yuborilishi ta’minlanadi. Qo’ylarga 0,25%-li novokain eritmasidan yelinning oldi tomonidan, echkilarda orqa tomonidan 40-50 ml yuboriladi. Talab etilganda 48-96 soatdan keyin qayta qamal o’tkazish mumkin.
Qorin aortasiga D. D. Logvinov usulida 1%-li novokain eritmasidan yuborish yoki shu eritmadan vena qon tomiriga har 24-48 soatda bir marta 100-150 ml yuborish yaxshi samara beradi. Bunda zardobli mastit bilan kasallangan hayvonlarning 2-3 sutkada, kataral mastitda 4-5, fibrinli mastitda 6, kataral-yiringli mastitda 5 va gemorragik mastit bilan kasallanishida 6 kunda sog’ayishi kuzatilgan.
Antibiotikoterapiya. Ko’pincha yallig’lanish jarayonlarida mikroorganizmlarning rivojlanishi kuzatiladi hamda ularning o’zlari ham mastitlarning sabablari bo’lishi mumkin. Shuning uchun bu paytda antibiotiklarni qo’llash maqsadga muvofiq bo’ladi. Samaradorligi yuqori antibiotiklarni tanlash uchun patogen mikrofloralarning turi va ularning preparatlarga sezuvchanligini aniqlash lozim.
Mastitlarni tana haroratining ko’tarilishi bilan o’tkir shaklda kechishida (zardobli, kataral, fibrinli yoki surunkali) antibiotiklar (penisillin, streptomisin, bisillin, eritromisin va b.) muskul orasiga 3- 5 ming TB/kg dozada yuboriladi. Bu preparatlarni birgalikda (penisillin + streptomisin, penisillin + eritromisin, tetrasiklin + neomisin va b.) qo’llash mumkin.
Sut bezini jarohatlanishining boshlang’ich bosqichlarida yelin so’rg’ichi kanali orqali penisillin yoki eritromisin antibiotigidan 50-100 ming TB dozada yuborish tavsiya etiladi. Eritromisin avvaliga 10 ml etil spirtida, keyin 90 ml distillangan suvda eritiladi. Davolovchi eritmalar yelinning jarohatlangan bo’lagini sog’ib tozalagandan keyin va yelin so’rg’ichiga spirt shimdirilgan tampon bilan yaxshilab ishlov berilgandan keyin 50-100 ml, 38-40°S haroratda bir kunda 1-2 marta yuboriladi. Yelinga yuborilgan eritmalar 1-2 soatdan keyin sog’ib tashlanadi.
Yiringli-kataral mastitlarni davolashda yelinning jarohatlangan so’rg’ichlari orqali Mastisan - A, Mastisan - B, Mastisan - Ye 5-10 ml, har 24 soatda bir marta, 4-5 kun davomida yuborilib, sutni 3 sutkadan keyin ishlatish mumkin. Bu preparatlar sog’in sigirlarda har 12 soatda, sutdan chiqarilgan davrda har 24 soatda 1 marta 4-5 kun davomida, Mastisid - 15 ml har 12 soatda bir marta, 4-5 kun davomida qo’llaniladi. Bulardan tashqari keyingi paytlardayangi dorilardan: Penersin - bir necha antibiotiklar, kortizon va buyoq moddadan iborat bo’lib, klinik mastitlarda 10 ml, har 12 soatda bir marta, 3-4 kun, subklinik mastitda har 24 soatda bir marta 3 kun davomida qo’llanadi. Difurol-A - klinik va subklinik shaklli mastitlarni davolashda 10-12 ml, har 24 soatda bir marta; Mastaerozol - klinik va subklinik mastitlarni davolashda jarohatlangan yelin bo’lagiga 3-4 sekund davomida yuboriladi, davolash kursi 2-3 kun.
Surunkali mastitlarni davolashda ham antibiotiklar yelin so’rg’ichi kanali orqali yuboriladi. Yelinning jarohatlangan bo’lagidan ko’p miqdorda ekssudat ajralayotgan bo’lsa faqat antibiotiklarni qo’llash yetarlicha samara bermaydi. Shuning uchun bu paytda 1%-li steptosid eritmasi, 1-5%-li norsulfazol, 1:1000-3000 nisbatli etakridin laktat, 1:5000 nisbatli furasilin, 2-5%-li ixtiol, 1-2%-li natriy gidrokarbonat kabi eritmalar ham qo’llanilishi lozim.
Samarali davolash uchun yelinning jarohatlangan bo’lagiga antibiotiklar ko’pi bilan 100-300 ming TB dozada 50 ml eritma holida yuborilishi mumkin. Antibiotiklarni noto’g’ri qo’llash, ularning dozasini oshirib yuborish noqo’lay asoratlarga (yelinning indurasiyasi, sut yo’llari va sisternasini bitib ketishi va b.) sabab bo’lishi mumkin.
|
| |