2-§. Protsessual ishtirokchilik va uning turlari
Protsessual sherik ishtirokchilik deb, muayyan fuqarolik ishining sudda ko‘rilishida har ikki tarafdan ham bir necha da’vogarlar yoki bir necha javobgarlar ishtirok etishiga aytiladi.
FPKning 41-moddasida ko‘rsatilganidek, talab qo‘yilgan ariza bir yoki bir necha da’vogarlar tomonidan birgalikda yoxud bir yoki bir necha javobgarlarga nisbatan qo‘zg‘atilishi mumkin.
Yuqorida keltirilgan qonunda belgilanganidek, da’vogarning o‘rnini bir vaqtning o‘zida qachonki nizoli huquq bir necha sub’ektlarga tegishli bo‘lganida bir necha shaxslar (sherik da’vogarlar) egallashlari mumkin. Masalan, vasiyat bo‘yicha meros mulki vorislarning faqat birigagina qoldirilganida qonunga (FKning 1142-moddasiga) binoan meros mulkidan majburiy xissa olish huquqiga ega bo‘lgan shaxslar (marxumning voyaga etmagan bolalari, boqimida bo‘lgan boshqa shaxslar) o‘zlariga tegishli meros xissasining ajratib berlishi to‘g‘risida sudda da’vo qo‘zg‘atib sherik da’vogarlar bo‘la oladilar.
Da’vo yuzasidan javobgar taraf ham bir necha shaxslardan iborat bo‘lishi mumkin. Masalan, bir necha shaxs birgalikda jinoyat qilib, aytaylik o‘g‘rilik qilib, fuqaroga yoki tashkilotga zarar etkazganlarida, jinoyatdan zarar ko‘rgan shaxs sudda da’vo qo‘zg‘atib, ko‘rgan zararining jinoyatda ishtirok qilgan barcha shaxslardan sherikchilik printsipi asosida undirilishi to‘g‘risida talab qo‘ya oladi.
Bu printsipning mazmuni, mohiyati Shundan iboratki, agar zararni sheriklardan biridan undirish mumkin bo‘lmaganida, uning xissasini boshqa sherik javobgarlardan undirish mumkin bo‘ladi.
Da’vogar tomonidan bo‘ladigan sherik ishtirokchilar odatda, faol (aktiv) ishtirokchilar va javobgar tomonidan ishda qatnashadigan sherik ishtirokchilar esa passiv ishtirokchilar deyiladi. Agar jarayonda bir vaqtning o‘zida bir necha da’vogarlar va bir necha javobgarlar ishtirok etsalar, aralash sherik ishtirokchilik to‘g‘risida so‘z boradi.
Jarayonda sherik ishtirokchilik majburiy va nomajburiy (fakultativ) bo‘lishi mumkin. sherik ishtirokchilik turlari nizoning predmeti nimadan iborat bo‘lishiga va sherik ishtirokchilar o‘rtasidagi huquqiy munosabatning xarakteriga qarab belgilanadi.
Jarayonda majburiy sherik ishtirokchilik to‘g‘risida shuni aytish kerakki, jarayon sub’ektlaridan birining huquqi (yoki burchi) to‘g‘risidagi masalani, huquqiy munosabatning boshqa sub’ektlarining huquqlari yoki burchlarini shu bir vaqtning o‘zida aniqlamasdan hal etish mumkin bo‘lmaganida, sud nizoli huquqiy munosabatning hamma sherik da’vogarlar yoki sherik javobgarlarini ishga jalb etishga majbur bo‘lganida-majburiy sherik protsessual ishtirokchilik to‘g‘risida so‘z boradi. Masalan, turar joydan ko‘chirish to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rishda, sud sherik javobgarlar sifatida oilaning barcha voyaga etgan a’zolarini jarayonga jalb qilishga majbur. Shu tartibda majburiy sherik ishtirokchilikni belgilash uchun zarur asos-nizoli huquqiy munosabat sub’ektlarining umumiy burchi bo‘ladi.
Fuqarolik jarayonida nomajburiy (fakultativ) sherik ishtirokchilik bir-biri bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan talablarning birga qo‘shib hal qilinishi majburiy bo‘lmasa ham, ammo maqsadga muvofiq deb topilgan holda vujudga keladi. Masalan, mulkning qo‘riqlanishi tufayli zarar ko‘rgan bir shaxsning da’vo ishi sudda qo‘zg‘atilganida javobgarga nisbatan boshqa shaxslarning ham da’volari borligi aniqlaganida, bunday shaxslar huquqlarining himoya qilinishini xohlasalar ko‘riladigan ishda sherik da’vogarlar bo‘lib hisoblanishlari mumkin. Sud hamma da’vo ishining bir vaqtning o‘zida ko‘rilishi maqsadga muvofiq deb topganida va bunday hollarda ishda boshqalarning ham ishtirok etishini lozim deb topsa, ish yuzasidan qo‘shimcha da’vogarlar sifatida ishda ishtirok etish uchun boshqa zarar ko‘rgan shaxslarni taklif qiladi. Ularning ishda ishtirok etishlari majburiy emas, ammo o‘z mulkiy huquqlarining himoya qilinishini xohlasalargina bir vaqtda ko‘riladigan ishda sherik da’vogarlar sifatida ishda ishtirok etishlari mumkin.
Sherik ishtirokchilarning har qaysilari fuqarolik jarayonida har qanday da’vogar va javobgar kabi protsessual huquqlardan va protsessual burchlardan teng foydalanadilar.
Fuqarolik ishida ishtirok etgan sherik da’vogarlar yoki sherik javobgarlarning birontasi tomonidan beriladigan shikoyat arizasiga ularning har qaysisi qo‘shilish huquqiga ham ega bo‘ladilar.
Fuqarolik ishining yuritilishida sherik ishtirokchilardan birining harakati boshqa sheriklarning foydasiga ham, zarariga ham qaratilmaydi, chunki sherik da’vogarlar va sherik javobgarlarning har qaysilari jarayonda boshqa tarafga nisbatan mustaqil da’vogar yoki mustaqil javobgar bo‘lib ko‘riladi.
Sherik ishtirokchilar ishning sudda yuritilishini o‘z sheriklaridan biriga topshirishlari mumkin.
|