1. Odil sudlovni faqat sudlar tomonidan amalga oshirilishi prinsipi. O‘zbekiston Respublikasida odil sudlovni amalga oshirishni, buning uchun maxsus tashkil etilgan, davlat organlariga sudga topshiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 44-moddasida har bir shaxsga o‘z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish huquqi ko‘rsatilgan.
Fuqarolik huquqlar asosan sud organlari tomonidan himoya qilinadi. Shu bilan birgalikda mehnat huquqi, oila huquqi, uy-joy huquqi munosabatlaridan kelib chiqadigan nizolar boshqa organlarda ham chunonchi, mehnat ishlari komissiyalarida, hakamlar (holislar) sudlarida ham ko‘rilishi mumkin. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 111-moddasida mulkchilikning turli shakllariga asoslangan korxonalar, muassasalar, tashkilotlar o‘rtasidagi, shuningdek tadbirkorlar o‘rtasidagi iktisodiyot sohasida va uni boshqarish jarayonida vujudga keladigan xo‘jalik nizolarini hal etish Oliy xo‘jalik sudi va joylardagi xo‘jalik sudlari tomonidan ularning vakolatlari doirasida amalga oshirilishi ta’kidlangan.
Sud o‘z faoliyatini amalga oshirishda muayyan protsessual sharoitlarda harakat qiladi. Bu sharoitlar chin haqiqatni aniqlashga, haqqoniy qaror chiqarishga imkoniyat beradi.
Sudning fuqarolik ishlari bo‘yicha chiqargan qarorlari faqat yuqori sud organlari tomonidangina bekor qilinishi yoki o‘zgartirilishi mumkin. Ma’lum huquqning buzilganligini belgilash va huquqni buzuvchi shaxsni muayyan fuqarolik huquqiy javobgarlikka, ya’ni mulkiy javobgarlikka tortish huquqi asosan sud organlariga berilgan.
Fuqarolik protsessual qonunlari sudga, muayyan asoslar bo‘lgan taqdirda fuqarolik ishlarini sudga taalluqli bo‘lmasa, ish yuritishni tugatishga, ishni mazmuni bo‘yicha hal qilish uchun boshqa biron-bir tashkilotga yuborish huquqini beradi. Bunday tartibning o‘rnatilishi odil sudlovni faqat sud tomonidan amalga oshirilishi printsipidan chetlash bo‘lib ko‘rilmaydi.
Ayrim fuqarolik ishlarining ko‘rilishi va hal qilinishini sud taalluqliligiga qarab, boshqa idoralarga ham yuborishi mumkin. Ammo bunday hollarda ham sud o‘zining ustunlik huquqini saqlab qoladi, chunki chiqargan qarorlari yuzasidan ijro varaqalari berilishida, ularning qonunga muvofiq bo‘lish-bo‘lmasligini tekshirish vazifasi sudga yuklatilgan bo‘ladi.
Ba’zi nizolar bir necha organlar tomonidan ko‘rilishi mumkin, masalan, mehnatga oid nizolar bo‘yicha xodim xohishiga qarab mehnat nizolarini ko‘rish komissiyaga, so‘ngra uning qarorlaridan norozi bo‘lsa, sudga murojaat qilishga haqli.
Qonun ba’zi hollarda, ayrim talablarni ko‘rish va hal etishda ustunlikni xo‘jalik sudiga nisbatan umumiy sudga beradi, chunonchi : FPKning 32-moddasida bir-biri bilan bog‘liq bo‘lib, ba’zilari sudga, ba’zilari esa xo‘jalik sudlariga taalluqli bo‘lgan bir qancha talablar birlashtirilganda, bu talablarning hammasi sudda ko‘rilishligi belgilangan.
Agar hakamlar sudlari mehnat va oila munosabatlaridan kelib chiqqan nizolarni hal qila olmasalar, xo‘jalik sudlari fuqarolar bilan fuqarolar o‘rtasidagi nizolarni ko‘rmasalar, ma’muriy organlar esa, fuqarolik, oilaviy va mehnatga oid huquqlarni himoya qilish vazifasini faqat qonunda maxsus nazarda tutilgan hollardagina amalga oshirsalar-umumiy sudlar fuqarolar ishtirok etgan barcha huquqiy nizolarni hal qiladilar. Chunki sudlarga bunday ustunlikning berilish ularning Konstitutsiyaga muvofiq demokratik tartibda tashkil topishi bilan amaldagi qonunlarga muvofiq, har tomonlama to‘la tekshirish va haqqoniy hal qilish imkoniyatiga ega bo‘lishlari bilan belgilanadi. Sud vazifalarini boshqa organlar o‘z zimmalariga olishlari odil sudlov to‘g‘risida Konstitutsiyada belgilangan printsipning buzilishi bo‘lib ko‘riladi.
|