68
oldin ikki tabiatdan iborat bo‘lgan, birlashganidan keyin
esa yagona tabiat egasi
bo‘lganiga e’tiqod qilaman”.
Hozirgi kunda monofizitlikning umumiy tarafdorlari 45 mln. kishini tashkil
etadi. Asosiy monofizitlik cherkovi tashkilotlari – Arman-apostol cherkovi, Kopt
pravoslav cherkovi (unga yaqin bo‘lgan Nubiya va Efiopiya cherkovlarini ham o‘z
ichiga oladi), Suriya pravoslav (yakovit) cherkovi (Suriya cherkovining Malankar
provinstiyasi va Malabar Suriya cherkovini o‘z ichiga oladi).
Arman-apostol cherkovi eng qadimgi xristian cherkovlaridan biri hisoblanadi.
Avliyo Grigoriy Prosvetitel harakatlari bilan 301 yilda
Armanistonda xristianlik
davlat dini deb e’lon qilinadi. “Arman-grigorian cherkovi” nomi unga nisbat
berilgan holda shunday atalgan.
V asrning o‘rtalarigacha Arman-grigorian cherkovi xristianlikning bir tarmog‘i
hisoblangan. Lekin Vizantiyadan mustaqil bo‘lishga harakat qilgan hamda 451 yilda
bo‘lib o‘tgan Jahon soborining monofizitlarga qarshi qaroriga norozilik bildirgan
Arman-apostol cherkovi amalda ham Sharqiy, ham G‘arbiy cherkovlardan ajralishga
muvaffaq bo‘ldi.
Arman-apostol cherkovining diniy ta’limoti pravoslavlik ta’limotiga juda
yaqin. Faqat Arman-apostol cherkovida pravoslavlikdan
farqli ravishda Isoning
jismida xudolik va insonlik xislati alohida-alohida mavjud bo‘lmay, ular o‘zaro
qo‘shilib ketgan, deb hisoblanadi. Cherkov ta’limotida xristianlikning barcha sirli
marosimlari tan olinadi. Shu bilan birga, Arman-grigorian cherkovida boshqa
xristian yo‘nalishlarida uchramaydigan “matax”
deb nomlanadigan qurbonlik
keltirish marosimi mavjud. Bu marosim katta bayramlar munosabati bilan amalga
oshirilib, buqa, qo‘y yoki parranda so‘yilib, uning go‘shti maxsus duo bilan
muqaddas tuzli suvda pishiriladi. Pishgan go‘shtning hammasi shu kunning o‘zida
yaqin kishilarga tarqatilishi lozim.
Ushbu cherkov vakillari Iso tug‘ilgan kuni (Rojdestvo, 6 yanvar), Isoning xatna
qilinishi (14 yanvar) kabi bayram va marosimlarni nishonlaydilar. O‘zbekistonda
ham Arman-grigorian cherkovlari mavjud bo‘lib, ulardan biri Samarqand shahrida
1903 yildan faoliyat ko‘rsata boshlagan. 2011 yilning 1 iyuliga qadar ularga tegishli
2 ta diniy tashkilot ro‘yxatga olingan.
Nestorianlik xristianlikdagi yo‘nalishlarning eng kam sonlisidir. U V asr
boshlarida paydo bo‘lgan. Bu yo‘nalish asoschisi 428-431yillarda Konstantinopol
patriarxi lavozimidagi monax Nestoriy hisoblanadi.
Xristianlikning boshqa
yo‘nalishlari namoyondalaridan farqli ravishda nestorianlar “Iso Masih Xudoning
o‘g‘li bo‘lmagan, balki Xudo mujassam bo‘lgan inson bo‘lgan, shu sababli Iso
Masihning xudolik va insonlik tabiati bir-biridan farqlidir”, deb e’tiqod qiladilar.
Shunga bog‘liq ravishda ularda Bibi Maryam Xudoni emas balki Isoni dunyoga
keltirgan deb hisoblanadi va unga alohida e’tiqod qilinmaydi. 431 yilda Uchinchi
Butun Jahon Efes soborida nestorianlik e’tiqodi va oqimi “eres” (bid’at) sifatida
qoralangan va ta’qib ostiga olingan.
Bugungi kunda mazkur cherkov tarafdorlarining soni taxminan 200 ming kishi.
Ular Iroq (82 ming), Suriya (50 ming), Hindiston, Eron, AQSh, Rossiya, Gruziya,
Armaniston va boshqa mamlakatlarda joylashgan.
69
589 yili Toledo shahrida bo‘lib o‘tgan Butunjahon soborida Nikeya-
Konstantinopol e’tiqod timsoliga “filiokve” tushunchasining kiritilishi,
xristianlikning aqidaviy jihatdan ham amalda ikkiga bo‘linib ketishiga sabab bo‘ldi.
“Filiokve” so‘zi lotinchadan “o‘g‘ildan ham” degan ma’noni anglatib, unga ko‘ra
ilohiy uchlik – troistaning atributlardan bo‘lgan Muqaddas Ruh bir vaqtning o‘zida
ham Ota Xudodan ham O‘g‘il Xudodan tajalliy etadi, ya’ni ulardan kelib chiqadi.
Holbuki, Birinchi va Ikkinchi soborlarda qabul qilingan e’tiqod timsoliga ko‘ra
“Muqaddas Ruh faqat Ota Xudodan kelib chiqadi” deb mustahkamlab qo‘yilgan edi.
Katta shov-shuv va kelishmovchiliklarga sabab bo‘lgan
mazkur qoida oxir-oqibat
1013 yili Papa Benedikt VIII davrida rasman diniy amaliyotga kiritildi.
Kelishmovchiliklar asosan Papa va Konstantinopol patriarxi orasida avj olib, 1054
yili xristianlikning rasmiy ravishda katoliklik va pravoslavlikka bo‘linishiga olib
keldi.