51
Atrof-muhit holati to‘g‘risida milliy ma’ruza: O‘zbekiston
Masalan, aholi sonining o‘sishi, aholi punktlarining kengayishiga olib keladi, bu esa, ular tomonidan
ko‘rsatiladigan xizmatlar nuqtayi nazaridan tabiiy ekotizimlarga bo‘lgan bosimni oshiradi. Chorva
mollarini betartib boqish, daraxtlar va butalarni yoqilg‘i uchun kesish o‘rmonlarning nobud
bo‘lishiga olib keladi va o‘rmon fondiga sezilarli zarar yetkazadi. O‘rmonlarning yo‘q qilinishi
o‘z-o‘zidan yovvoyi hayvonlar yashash joylarining yo‘qolishiga sabab bo‘ladi. So‘nggi bir necha
yil ichida o‘rmon bilan qoplangan hududlarning ko‘payganiga qaramay, bioxilma-xillik nuqtayi
nazardan tabiiy yetilgan o‘rmonga qaraganda tiklangan o‘rmonlarning sifati past darajada bo‘ladi
va muayyan bir turning serob bo‘lishi hamda hayot kechirish muhitining sifatiga erishish uchun
uzoq yillar talab etiladi.