49
Sanogen tafakkurning ikkinchi
asosiy tamoyili sub’ektivlik. Sub’ektivlik - bu
insonning dunyo haqidagi tasavvurlari, uning nuqtai nazari, his-tuyg’ulari, fikrlari,
e’tiqodi va istaklari ifodasi. Sub’ektivlik muayyan faoliyat ko’nikmasining har
qanday jihatini o’ziga xos, har xil talqin qilishni anglatadi. Muayyan faoliyat
ko’nikmasi har doim uni boshdan kechirayotgan sub’ekt uchun o’ziga xosdir va
uning tasviri faqat shu kishining ongida mavjud bo’ladi. Garchi, o’zlashtirilgan
tajriba manbai ob’ektiv va hamma uchun ma’lum bo’lsa-da, ammo uning
muvaffaqiyatli amalga oshirilishi esa bevosita sub’ektga bog’liq bo’lib qoladi.
Bundan mantiqan uchinchi – o’z-o’zini anglash tamoyili kelib chiqadi.
O’z aqliy odatlarini anglash, o’z-o’zini anglash - bu sanogen fikrlashga imkon
beradi. Ongli fikrlash tegishli hatti-harakatlarning nomuvofiqligini aniqlashga xizmat
qiladi. O’z-o’zini anglash bizga o’zimizni anglashimizga, o’zimizni aniqlashimizga
va o’zimizni ma’lum bir muhitga moslashishimizda yordam beradi. Uning
asosiy
vazifasi bizning e’tiqodlarimiz, fikrlarimiz, harakatlarimiz va hissiyotlarimizni
boshqalarniki bilan solishtirishga xizmat qilishdir.
Sanogen fikrlashni rivojlantirish bevosita introspektsiya (o’z-o’zini kuzatish)
bilan uzviy bog’liq. Introspektsiya - sanogen tafakkur nazariyasi va amaliyotining
to’rtinchi tamoyili hisoblanadi. Introspektsiya - bu sub’ektning o’zi tomonidan o’z-
o’zini chuqur tadqiq qilish usuli va uning aqliy faoliyati bilan bog’liq bo’lgan
jarayonlarni anglash: individual fikrlar, tasavvurlar, his-tuyg’ular, tajribalar,
tushunchalar va shu kabi holatlarni o’z ichiga olgan ong faoliyati sifatida namoyon
bo’luvchi fikriy ko’nikmalardir. Demak, ushbu tamoyil bizga insonning ichki dunyosi
va ma’naviyati haqidagi yangi tasavvurlarga ega bo’lishimizga imkon beradi.
Sub’ektga
vaziyatdan ustun turishga, unda faoliyat ob’ektiga aylanmaslikka,
ziddiyatli vaziyatni konstruktiv tarzda hal qilishga imkon beradigan mexanizm
refleksiyadir. Refleksiya bu nafaqat o’zini va dunyoni bilish qobiliyati, balki o’zining
xatti-harakati va faoliyatini tavsiflash, shuningdek vaziyatning talablariga
muvofiq
ularni o’zgartirish qobiliyati hamdir. Shu sababli, refleksivlik sub’ektning kundalik
o’z hayot falsafasi doirasidan tashqariga chiqa olish qobiliyati sifatida nafaqat o’zini
50
bilish, balki aqliy odatlarini o’zgartirish maqsadida ham sanogen fikrlashning
beshinchi tamoyili sifatida qaraladi.
Biroq, refleksiya (aks ettirish) fikrlash kabi, patogen xususiyatga ega bo’lishi
xam mumkin. Muammoli-nizoli vaziyatlarda shaxs o’zini namoyon
qilish usuli
bo’yicha biz refleksiyaning qaysi xususiyati ta’sirida ekanligini aniqlashimiz
mumkin. Agar, ziddiyatli vaziyatda shaxs ta’sirlanish va o’zini tutishning
reproduktiv-regressiv usulini namoyish etsa, unda bu holda refleksiyaning patogen
xususiyati mavjud; agar muammoli-mojaroli vaziyatga javob berish usuli progressiv-
produktiv bo’lsa, unda refleksiya tabiati sanogendir.
Shundan kelib chiqib, sanogen tafakkurni rivojlantirishning oltinchi tamoyili –
fikrlash tarzining ilmiylik tamoyilidir. Bu shuni anglatadiki, talabalarni sanogen
fikrlash va sanogen refleksiyaga yangi odatlar va aqliy xatti-harakat ko’nikmalarini,
fikrlarni nazorat qilishga va hissiyotlarni boshqarishga
imkon beradigan sanogen
xulq-atvorni rivojlantirish jarayonida o’rgatish mumkin.
Demak, bo’lajak o’qituvchilarda sanogen tafakkurni rivojlantirish uchun
o’qituvchi ta’lim jarayonida talabalarning yosh va individual xususiyatlariga, aqliy
qobiliyat imkoniyatlariga, aqliy o’sish ko’rsatkichiga, mazmundorligiga, fikrning
teranligi va chuqurligiga, tashabbuskorligi va sermahsulligiga, talabaning o’quv
fanlariga qiziqishiga, nutq madaniyati va so’z boyligiga, shaxsiy pozitsiya va nuqtai
nazariga, e’tiqodi va dunyoqarashiga, o’z-o’zini boshqarish, o’z - o’zini nazorat
qilish, o’z – o’zini baholash, o’z – o’zini qo’lga olishga, salomatligi haqida
qayg’urishiga, bilimlar tizimining darajasiga, fikr yuritish shakliga (ijobiy, pozitiv,
ijodiy, kreativ, dialektik), mantiq operatsiyalariga (asoslash, isbotlash, dalillash,
izlanish, ishonch hosil qilish) alohida e’tibor berishi talab etiladi.