78
Ma’lumki, shaxsning o’z-o’zini va tafakkurini rivojlantirishi - bu inson
tomonidan o’z hayotiy faoliyatining sub’ektiga aylanishidir. Shundan kelib chiqib,
mazkur modelda faoliyat sub’ekti sifatida bo’lajak o’qituvchi shaxsi belgilangan.
Sanogen tafakkurni rivojlantirish bilan bog’liqlikda har bir talaba o’ziga xos
sub’ektivlikni namoyon qiladi.
Mazkur jarayonda pedagog shaxs rivojlanishi muhitining loyihalovchisi sifatida
namoyon bo’ladi. Ya’ni, shaxs rivojlanishi jarayonida pedagog va tarbiyalanuvchilar
o’rtasidagi muhit o’ziga xos mazmunli shaklga aylanib, bu yerda muloqot muhiti
bo’lajak o’qituvchining ichki dunyosini shakllantirish mexanizmi sifatida vujudga
keladi.
Bo’lajak o’qituvchilarda sanogen tafakkurni rivojlantirish bilan aloqadorlikda
ularda refleksiv madaniyatni rivojlantirish orqali sanogen fikrlashni o’zlashtirish
kelgusidagi pedagogik faoliyat samaradorligini oshirish uchun insonparvar va
istiqbolli yo’nalishni ochib beradi. Sanogen fikrlashga oid ko’nikmalarni o’zlashtirish
talabalar tomonidan pedagogik faoliyat mazmuni va asoslari to’g’risida
xabardorlikka, o’z hatti-harakatlarini to’g’ri boshqarishiga, muayyan qaror qabul
qilishida tashqi va ichki omillar va sharoitlarni maqbul (muvozanatli) hisobga olishga
yordam beradi. Shuningdek, sanogen fikr yuritish insonga avvalgi shaxsiy tajribani
ajratib olishga, uni qayta ko’rib chiqishga va konstruktiv xulq-atvor modellari bilan
boyitishga imkon yaratadi.