|
Ikki urug’pallali o’simliklar
|
bet | 38/91 | Sana | 15.01.2024 | Hajmi | 426,29 Kb. | | #137797 |
Bog'liq portal.guldu.uz-Botanika (3)Ikki urug’pallali o’simliklarda poya epiderma, birlamchi po’stloq va markaziy silindrlarga ajraladi. Ayniqsa birlamchi po’stloq odatda yaxshi rivojlangan bo’ladi. Birlamchi po’stloq tuzilishidagi o’ziga xos belgi mexanik to’qima–kollenximani bo’lishidir. U ko’pincha bevosita epiderma ostida joy olib, ba’zan ingichka qavat tarzida asosiy to’qima hujayralari bilan ajralgan bo’ladi. Epiderma ikki pallalilarda uncha yaxshi rivojlanmagan va deyarli sezilmaydi. Markaziy silindrda peritsiklik skelerenxima ko’pincha yaxlit halqa hosil qiladi yoki ayrim qismlar shaklida parenxima hujayralar yordamida lubning o’tkazuvchi bog’lamlardan ajralib turadi. Markazga tomon skelerenxima ostida prokambiydan hosil bo’lgan birlamchi lub va yog’ochlik joylashadi. Ikki pallali o’simliklarda prokambiy ayrim bo’laklar va yaxlit halqa tarzida hosil bo’ladi. Shuning uchun ikki urug’pallalilarni poyasining tuzilishida boylamli va boylamsiz turlarni ajratish mumkin. Boylamli tuzilish prokambiyning ayrim bo’laklar tarzida hosil bo’lishidan kelib chiqadi. Ammo bu boylamlar bir pallalilardan farq qilib, ochiq hisoblanadi. Chunki ular shakllangandan so’ng prokambiy boylami kambiyning faoliyatini boshlab beradi va poyaning keyingi o’sishi kambiy hisobiga amalga oshadi. Ikki pallali o’simliklarning o’ziga xos belgilaridan biri boylamlarning halqa shaklida joylashishi va yaxshi ifodalangan o’zakning bo’lishidir. Ularda boylamlar poyaning yuzasiga nisbatan bir xil masofada joylashadi. O’zakning yemirilishi natijasida poyaning ichi kavak bo’lib qoladi (qovoq, ukrop). Boylamsiz tuzilish prokambiyning ayrim boylamlar hosil qilish o’rniga yaxlit halqa shaklida kelib chiqishi bilan bog’liq. Ikki urug’pallali o’simliklarda poyaning birlamchi tuzilishi uning ancha yosh qismi, ya’ni uchki kurtak ostida kuzatiladi. Keyinchalik ontogenez davomida u sekin–asta ikkilamchi tuzilish bilan almashinadi.
Daraxt o’simliklar poyasi o’ziga xos ikkilamchi tuzilishga egadir. Daraxt poyasida pustloq, kambiy, yog’ochlik va o’zak ajratiladi. Kambiy faoliyati sababli daraxtlar har yili eniga o’sadi. Kambiydan lub va yog’ochlik hosil bo’lib, o’zak atrofida yog’ochlik yillik halkalarni shakllanishiga olib keladi. Kambiy hujayralar faoliyatiga qarab yillik halqalar qalinligi turlicha bo’ladi.
|
| |