BUYUMLAR TAYYORLASH
Tosh buyumlar va qismlarni tayyorlashda quyidagi texnologik bosqichga rioya qilinadi:
a) yaxlit jinsdan
yirik blokni kesish;
b) blokning sirtini ishlash;
d) blokni alohida buyum yoki tosh taxtalarga bo‘lish;
e) buyum yoki tosh taxtalarga kerakli shakl berish va ular sirtini pardozlash.
Tosh kesuvchi mutaxassislarning tajribasi shuni ko‘rsatdiki, tog‘ jinslarini tanlash
va qayta ishlash aniq
qonuniyatlarga bo‘ysunadi. Bu qonuniyatlar qanday qismlar tayyorlanishiga qarab yaratiladi. Masalan, bino va
inshootlarning pastki qismlarini pardozlashda ishlatiladigan toshlar mustahkam jinslardan —granit, diorit,
gabbro va labradoritdan tayyorlanishi kerak. Yuqori qismlar esa uncha mustahkam bo‘lmagan jinslardan —
ohaktosh, marmar, dolomit va hokazolardan tayyorlanishi mumkin.
Hozirgi kunda bino va inshootlarni pardozlashda qimmatbaho toshlar — labradorit, gabbro va shu kabilar
juda kam ishlatilmoqda. Tabiiy toshlarning rangi va teksturasi bino va inshootlarning arxitekturasiga katta
ta’sir ko‘rsatadi. Masalan, gabbro, granit, diorit va boshqa to‘q rangdagi pardozbop
toshlar ishlatilgan
binolarning fasadi och rangdagi pardozbop toshlar — ohaktosh, marmar va travertinlarga qaraganda ko‘rimli
va savlatlidir. Shuningdek, och-kulrang dolomit bilan qora diabazning fasadni
pardozlash uchun birga
ishlatilishi g‘amgin holatni ifodalovchi ko‘rinish beradi. Agar pardozbop toshlarning yuzasi oynadek yaltiroq
va silliqlangan ko‘rinishga ega bo‘lsa, bino fasadining yaxlit va ko‘rimli bo‘lishi uchun toshlar orasidagi
choklar eni 4 mm dan kam qilinadi.
Pardozbop toshlar teksturasi. Pardozbop toshlarning ko‘rimliligi va xossalarini
baholashda uning
teksturasi (tashqi ko‘rinishi) muhim ahamiyat kasb etadi (3.8-rasm).
Bunda jinsda minerallarning joylashishi (qatlamliligi va h.k.), g‘ovakliligi, yoriqlar mavjudligi toshlar
teksturasiga katta ta’sir ko‘rsatadi. Masalan, cho‘kindi va metamorf tog‘ jinslari (ohaktosh, marmar va h.k.)
qatlamli ola-bula ko‘rinishga ega. Bunday jinslar uzoqqa chidamli bo‘lmaydi, turli chang va suvlar ta’sirida
buzilishi mumkin. Katta o‘lchamli kavakka ega bo‘lgan traverin toshlari yomg‘ir ta’sirida to‘qroq ko‘rinishga
o‘tishi mumkin.
Tabiiy toshlarning teksturasi ularni tayyorlash texnologiyasiga bog‘liq. Me’moriy
kompozitsiyalarni
yaratishda pardozbop toshlar teksturasi juda muhim ahamiyatga ega. Masalan, qatlamli teksturalar binolarning
ko‘rimliligini oshiradi.