52
Mashg‘ulotdan kuzatiladigan maqsad o‘quvchilarning mustaqil
bajaradigan ishlarining xususiyatlariga qarab uch turda olib boriladi: a)
og‘zaki mashq; b) yozma mashq; v) grafik ishlar mashqi.
O‘quvchilarga mashq uchun beriladigan topshiriqlar albatta, ilgari
o‘zlashtirilgan qoida va qonunlarni o‘z ichiga olishi lozim. Ba’zan
o‘quvchilar fizik qoida va formulalarni, matematik yoki geometrik
teoremalarni yaxshi o‘zlashtirgan bo‘lsalarda, ularni o‘z ichiga olgan
mashqlarni ishlay olmasliklari mumkin. Ayni chog‘da tegishli qoida va
formulalarni o‘z ichiga olgan bunday mashqlarni tartibli ravishda
takrorlab borilmog‘i lozim. Agar topshirilgan mashqlar bir necha
yo‘llarni o‘z ichiga olgan bo‘lsa, bunday hollarda mashq rejasini tuzish
va shu asosda ishlash talab etilishi kerak. Masalan, mashq uchun
berilgan masalaning mazmuni, nima qilish zarurligi, nima berilgani,
nimani topish talab qilinishi, ishni nimadan boshlash kerakligi, qanday
metoddan foydalanish mumkinligi belgilanmog‘i lozim. Bu o‘rinda
o‘quvchilarga o‘zlarini o‘zlashtirgan qoida va qonunlar asosida misol va
masalalar tuzdirish muhimdir.