Ikkinchi kichik guruhda elementar matematik tasavvurlarga bag`ishlangan
mashg`ulotlarda o`qitish ayoniy ta`sir xarakterida bo`lishi kerak.
Bolalar bilimlarini
tarbiyachining harakatlari, uning tushuntirish va ko`rsatmalarini idrok qilish asosida,
shuningdek, didaktik marteriallar bilan mustaqil ishlash vositasida o`zlashtiradilar.
O`yin shaklida berilgan o`quv materiallarini kichik bolalar yaxshi
o`zlashtiradilar. Shu sababli mazkur guruhda yaxshisi mashg`ulotlarni didaktik
o`yinlar shaklida yoki aqalli ularni kutilmagan sovg`alar (buyumlar, o`yinchoqlar va
boshqa narsalarning kutilmaganda paydo bo`lishi ) dan boshlash durust bo`ladi.
Shuningdek, har xil faol harakatli o`yinlardan foydalanish maqsadga muvofiqdir.
O`qitish – o`rgatishni bunday o`yinlarni iloji boricha hamma bola ishtirok etadigan
qilib tashkil qilish kerak.
Elementar matematik tasavvurlarni rivojlantirishda
bolaning didaktik material
bilan ishlashi, ishlarini ma`lum tartibda bajara olishi ( buyumlarni rasmlarga,
kartochka namunalariga joylashtirish ) katta ahamiyatga ega. Sanoqqa oid didaktik
materiallarni kichkintoyga alohida qutilar ( konfetlar, patnislar ) da berish kerak.
O`qituvchi bolalarga operatsiyalar ketma-ketligini
mukammal tushuntirib, har
bir ish usulining namunasini ko`rsatadi. Tushuntirish ishlari kichkina bola idrok qila
oladigan sur`atda aniq, qisqa berilishi kerak. Har qaysi ish usulini, yangilikni alohida
ajratib, 2-3 martadan ko`rsatish kerak. Bir xil harakat usullarini har xil vaziyatlarda
va har xil ko`rsatma materiallar bilan ko`p martalab aytib ko`rsatish, ularni bolalar
yaxshi o`zlashtirishlari uchun imkon beradi.
Matematik bilimlar bolalarga, ular nimani bilib
olganliklari va nimani
uddasidan chiqa olishlarini hisobga olgan holda, aniq sistema va ketma-ketlikda
beriladi.