28
ta’kidlashicha - “Musiqani o‘rganish jarayonida o‘quvchilar birinchi
darsdanoq unda hayot aks ettirilganligini, u orqali hayotni o‘rganishlarini
osonlikcha his etadilar va tushunadilar”. O‘quvchilarning hayotiy
tajribalariga tayangan holda har bir musiqa asari zamirida ma’lum voqelik,
his-tuyg‘u va fikrlar aks ettirilishi haqida tushuncha beriladi. Bu faqatgina
dars jarayonida turli musiqa faoliyatlarini bajarishda asar va uning
obrazlarini idrok etish bilan amalga oshadi. Zotan, bir darsda qaysi musiqa
faoliyatini olmaylik, u avval musiqa yangrashini idrok etish va uning
obrazi hamda xarakterlarini fahmlagandan so‘ng ijobiy tarzda amalga
oshiriladi. Demak, musiqa idroki dars jarayonining asosiy omili
hisoblanadi. Shu bois musiqani eshitish, undan zavqlanish, qo‘shiq
kuylash, musiqa savodxonligiga doir xususiyatlarni anglab olish, raqsga
tushish, musiqa sadosi ostida turli ritmik harakatlarni bajarish, chapak
chalish va cholg‘u asboblarida chalib musiqaga ritmik jo‘r bo‘lish uchun
belgilangan musiqalarni idrok etib borish kabi faoliyatlarni bajarish
mumkin. Yuqoridagi fikrlardan shuni anglab yetish mumkinki, demak,
ko‘zi ojiz har qanday o‘quvchining musiqiy bilimini shakllanishi va
rivojlanishi uchun musiqiy idrok asosiy o‘rin kasb etadi va asosiy bo‘g‘in
bo‘lib xizmat qiladi.
Musiqiy idrok - musiqa tinglash faoliyati barcha musiqiy
mashg‘ulotlarning asosidir. Musiqiy tovush balandligi, uning ritmik
suratini tinglamay kuylab bo‘lmaydi. Lekin musiqa tinglash oson emas,
chunki har bir musiqiy asarning xarakteri musiqaning ifoda vositalari
orqali aks ettiriladi va doimiy rivojlanish va harakatda. Shuning uchun
musiqa tinglashni o‘rganish kerak. Musiqa tinglashni har qanday musiqiy
jarayonda - qo‘shiq kuylash, ritmik harakatlar bajarish, musiqiy
cholg‘ularda jo‘r bo‘lish, musiqa savodi jarayonlarida ham o‘rganish
mumkin. Xulosa qilib aytganda, musiqa darslari pedagogikaning
didaktik nazariyasi va tamoyillari asosida tuziladi. Mazkur tamoyillar dars
mazmuni, metodlari va darsning tuzilishidagi asosiy talablar va uning
yo‘nalishlarini belgilab beradi. O‘qitish jarayonining asosiy qonuniyatlari
didaktik tamoyillarda o‘zining aniq ifodasini topgan. O‘qitish tamoyillari
deganda o‘qitish asosida yotadigan o‘quv jarayoni va uning o‘tkazishning
butun jarayonini tashkil etish mazmuni, metodlari, shakllarining
tanlanishini belgilaydigan boshlang‘ich qonunlarini tushunmoq kerak.