|
II BOB. O‘LCHAMLAR VA O‘LCHASHLAR
|
bet | 12/85 | Sana | 19.01.2024 | Hajmi | 4,88 Mb. | | #140827 |
Bog'liq 20.Mahsulotlar sifatini standartlashtirish va metrologiya asoslari II BOB. O‘LCHAMLAR VA O‘LCHASHLAR
Qadimgi o‘lchovlar va o‘lchash birliklari
Insoniyatning o‘lchashlarga bo‘lgan ehtiyoji qadim zamonlardayoq yuzaga kelgan. Kishilar kundalik hayotda har xil kattaliklarni: masofalarni, yer maydonlarining yuzalarini, jismlarning o‘lchamlari va massalarini, vaqtni va hokazolarni, bu jarayonlarning yuzaga kelish sabablarini, manbalarini bilmasdan, o‘zining sezgisi va tajribasi asosida o‘lchay boshlagan.
Eng qadimgi o‘lchash birliklari – antropometrik. U insonning muayyan a’zolariga muvofiqlikka yoki moyillikka asoslangan holda kelib chiqqan. Masalan: ladon – bosh barmoqni hisobga olmaganda qolgan to‘rttasining kengligi; fut – oyoq tagining uzunligi; pyad – yozilgan bosh va ko‘rsatkich barmoqlar orasidagi masofa, qarich, quloch, qadam va hokazolar.
Ba’zi bir tabiiy o‘lchovlar tabiatda mavjud narsalarga taqqoslashga asoslanib hosil qilingan. Masalan, turli qimmatbaho toshlarning o‘lchov birligi sifatida keng qo‘llanilgan, «no‘xotcha» ma’nosini anglatuvchi
«karat», «bug‘doy doni» ma’nosini bildiruvchi «gran» shular jumlasidandir. Vaqt o‘lchovlari ham tabiat hodisasiga asoslanib hosil qilingan. Munajjimlarning ko‘p yillik kuzatishlari natijasida qadimgi Vavilonda vaqt birligi sifatida yil, oy, soat tushunchalari ishlatilgan. Keyinchalik Yerning o‘z o‘qi atrofida to‘la bir marta aylanishiga ketgan vaqtning 1/86400 qismi sekund nomini olgan.
Keyinchalik tabiiy «o‘lchovlar» turmushda keng qo‘llana boshlandi. Shunday o‘lchovlardan biri Yerning o‘z o‘qi atrofida aylanishini vaqt birligi sifatida ishlatilishidir. Jamiyatning rivojlanishi, savdo va dengiz sayohatining rivojlanishiga, sanoatning paydo bo‘lishiga, fanning rivojlanishiga olib kelgan bo‘lsa, shu bilan birga maxsus texnika va
o‘lchash vositalarini bunyod etishga ham sababchi bo‘ldi.
Insoniyat taraqqiyot rivojlanishining ilk davrlaridanoq «moddiy» o‘lchashlar va o‘lchash birliklarining katta ahamiyatini tushunib yetganlar.
Qadimgi dunyoda va o‘rta asrlarda ham metrologiya xizmati bo‘lmagan. Ba’zi tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra metrologiya xizmati va metrologik ta’minot masalalarining dastlabki kurtaklari turli davlatlarda turlicha tarzda vujudga kela boshlagan. Masalan, rus knyazi Svyatoslav Yaroslavich belidagi oltin kamaridan uzunlikning namunaviy o‘lchash
vositasi sifatida foydalangan. Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra knyaz davriy ravishda bozor rastalarini oralab yurib, turli mato sotuvchilarining o‘lchovlarini kamari bilan taqqoslab turgan. Agar ular orasidagi tafovut belgilanganidan ortib ketsa, sotuvchi shafqatsiz jazolangan.
Italiyada ham bu borada muayyan tartib belgilangan edi (o‘rta asrlarda). Cherkov va butxonalarda aniq sondagi marvarid donalari saqlanib, ulardan sochiluvchan (dispers) moddalarning hajm va massa birliklarini hosil qilishda foydalanganlar.
Vaqt o‘tishi bilan savdo – sotiq va o‘zaro iqtisodiy aloqalarning rivojlanishi mobaynida o‘lchovlarga aniqlik kiritish, yangiliklarini hosil qilish, o‘zaro solishtirish va qiyoslash usullari shakllanib, о’nlab yangi va mukammalroq o‘lchash birliklari hosil bo‘la boshlagan. Asta – sekin xalqlararo, davlatlararo o‘lchash birliklari ta’sis etilgan (Yer meridianining qirq milliondan bir ulushi bo‘yicha – «metr», bir kub detsimetr suvning harorati +40C bo‘lgandagi massasi – «kilogramm» va hokazolar).
Fan va texnikaning rivojlanishi har xil kattaliklarning o‘lchamlarini muayyan o‘lchovlarga qiyoslab kiritishni taqozo eta boshladi. Bunday faoliyat jarayoni va rivojlanishi davomida o‘lchashlar haqidagi fan, ya’ni metrologiya yuzaga keldi.
Hozirda metrologiya sohasi yanada tez rivojlanmoqda, chunki sanoatning rivojlanishi, hozirgi zamon talablarining bajarilishi nazorat – o‘lchash asboblariga bog‘liqdir.
O‘lchash texnikasini yanada mukammallashtirish vazifalari zamonaviy avtomatik va hisoblash texnikasining, texnologik jarayonlarining yangi yutuqlarini qo‘llashga asoslanadi.
Xulosa sifatida metrologiyaning rivojlanish tarixiga nazar tashlasak, quyidagi muhim bosqichlarni keltirishimiz mumkin:
1791-yilda metr etaloni Fransiyada qabul qilinishi (1 metr Yer meridiani uzunligining 4x10 – 7 bo‘lagiga teng qilib olinganligi);
1875-yilda Parijda 17 davlat tomonidan Xalqaro konvensiyani qabul qilinishi (bu esa mavjud metrik sistemaning takomillashtirishga qaratilgan bo‘lib, metr o‘lchov birligiga asos soladi);
1893-yilda Rossiyada D.M. Mendeleyev tomonidan o‘lchov va og‘irlik (tarozi) Bosh palatasining tashkil etilishi;
1931-yilda Leningrad shahrida o‘lchov va tarozi Bosh palatasi asosida D.M. Mendeleyev nomidagi Butunittifoq metrologiya ilmiy tadqiqot institutining tashkil topishi;
1960-yilda Xalqaro birliklar tizimi (SI) ning qabul qilinishi. Bu tizim bo‘yicha 1 metr vakuumda to‘lqin uzunligining 1650763,73 ga teng qilib olinishi (Kriptonning etalon metri);
1983-yilda metrni qabul qilishda yorug‘likning vakuumda 1/299792458 bir sekundda o‘tgan yo‘liga teng qilib qabul qilinishi;
1993-yilda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida O‘zbekiston davlat Standartlash, metrologiya va sertifikatsiya markazi (O‘zdavstandart) tashkil etildi;
2002-yilda O‘zbekiston davlat standartlash, metrologiya va sertifikatsiya markazi O‘zbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish (“O‘zstandart”) agentligiga aylantirildi.
Bugungi kunda ham olimlarimiz o‘lchash nazariyasi va texnikasi rivoji ustida tinimsiz ilmiy izlanishlar olib borishmoqda.
Eng qadimgi o‘lchash birliklari – antropometrik, ya’ni insonning muayyan a’zolariga muvofiqlikka yoki moyillikka asoslangan holda kelib chiqqanligi haqida yuqorida ma’lumotlar berib o‘tilgan edi.
Ko‘pchilik xalqlarda, shu jumladan bizning xalqimizda ham uzunlik o‘lchovi sifatida inson tanasining biron qismiga moslikka asoslangan o‘lchash birliklari qo‘llanilgan. Masalan, barmoq, gaz, tutam, qarich, quloch, fut, dyuym kabilar.
Quyida ayrim birliklarning ta’rifini keltirib o‘tamiz:
Barmoq – o‘rta barmoqning eniga mos uzunlikdir (ba’zida angusht
deb ham yuritiladi).
Gaz deb ataluvchi uzunlik birligi uch usulda aniqlangan:
uzatilgan qo‘l barmoqlarining uchidan qo‘l yelkasigacha bo‘lgan masofa;
yon tomonga uzatilgan qo‘l barmoqlarining uchidan ko‘krak o‘rtasigacha yoxud burun uchigacha bo‘lgan masofa;
yon tomonga uzatilgan qo‘l barmoqlarining uchidan ikkinchi yelkagacha bo‘lgan masofa.
Dyuym – golland tilida katta barmoq degan ma’noni anglatadi, bu birlik asosan Rossiya, G‘arb mamlakatlarida ishlatilgan.
Milya – lotin tilida ming qadam degan ma’noni bildiradi, bu birlik Rossiya, Angliya, AQSH mamlakatlarida, xalqaro dengizchilik ishlarida qo‘llanilgan.
Farsax – yo‘l uzunligini o‘lchashda Sharq mamlakatlarida, xususan O‘rta Osiyoda keng qo‘llanilgan birlik (ba’zida farsang, sang, tosh deb ham yuritilgan)
Tanob – ekin maydonlarini o‘lchashda O‘rta Osiyoda keng qo‘llanilgan, tomonlarining uzunligi 60 gazdan bo‘lgan kvadratning yuziga teng.
Barrel – asosan xalqaro savdo ishlarida neft mahsulotlarining hajmini o‘lchashda qo‘llanilgan. Barrel so‘zi ingliz tilidan olingan bo‘lib, bochka degan ma’noni bildiradi.
Suv sarfini o‘lchashda qo‘llaniladigan o‘lchov va o‘lchash birliklari o‘ziga xos nomlanishga ega. Masalan, «quloq» (11,5 l/s), «tegirmon» (1 T = 5 quloq = 57 – 58 l/s) singari o‘lchash birliklari bunga misol bo‘la oladi.
Massani o‘lchash uchun bir narsaning massasi ikkinchi narsaning massasi bilan solishtirilgan, bunda asosan don (arpa (0,041 g), bug‘doy, no‘xat (0,18 – 0,20 g) va meva (danak, yong‘oq va h.k.) donalaridan foydalanilgan (batafsilroq ma’lumotlar quyida berilgan 2.1, 2.2, 2.3 va 2.4-jadvallarda keltirilgan).
|
| |