234
kichik firmaga qaraganda kengroq imkoniyatga ega bo’ladi. Go’shtni qadoqlash
bo’yicha yirik fabrika ishlab chiqarish chiqindisidan yelim, o’g’itlar, dorivor
mahsulotlar va boshqa shu kabi qo’shimcha mahsulotlarni tayyorlaydiki, kichik firma
bu chiqindilarni zarur bo’lmaganligi uchun shunchaki tashlab yuborishi mumkin edi.
Ishchi va boshqaruvchilar mehnatini ixtisoslashtirish darajasini oshirish, nisbatan
samarali asbob-uskunalardan foydalanish imkoniyati, chiqindilardan samarali
foydalanish kabi barcha texnologik omillar o’z ishlab chiqarish miqyosini
kengaytirishga layoqatli bo’lgan tadbirkor tomonidan mahsulot birligini ishlab
chiqarish xarajatlarining pasaytirilishiga ta’sir ko’rsatadi. Boshqacha aytganda, ishlab
chiqarishga jalb etilgan barcha resurslar miqdorining 10%ga oshirilishi ishlab
chiqarish hajmining nisbatan ko’proq, masalan 20%ga oshishiga olib keladi, natijada
o’rtacha umumiy xarajatlar pasayadi. Vaqt o’tishi bilan firmaning kengaytirilishi
salbiy iqtisodiy oqibatlarga, va shundan kelib chiqqan holda, mahsulot birligi ishlab
chiqarish xarajatlarining o’sishiga olib kelishi mumkin.
Salbiy miqyos samarasi ro’y berishining asosiy sababi yirik miqyosdagi ishlab
chiqaruvchiga aylangan firmaning faoliyatini samarali nazorat qilish va
muvofiqlashtirishga harakat qilish chog’ida vujudga keluvchi ma’lum boshqaruv
qiyinchiliklari bilan bog’liq. Uncha katta bo’lmagan korxonada bitta-yagona
boshqaruvchi uning faoliyatiga doir barcha muhim qarorlarni shaxsan o’zi qabul
qilishi mumkin. Firma hajmining uncha katta bo’lmaganligi tufayli mazkur
boshqaruvchi barcha ishlab chiqarish jarayonini yaxshi tasavvur qila oladi hamda
firma faoliyatining barcha yo’nalishlarini tezlik bilan o’zlashtira olishi, o’z qo’l
ostidagilaridan olayotgan axborotlarni osonlik bilan tahlil qilishi, ular asosida aniq va
samarali qaror chiqara olishi mumkin bo’ladi.Biroq bunday qulay holat firma
miqyosining kengayishi bilan o’zgaradi. Ma’muriy xodimlar va ishlab chiqarish
jarayonini alohidalashtiruvchi boshqaruv qatlamlari ko’payib boradi; yuqori rahbariyat
korxonadagi haqiqiy ishlab chiqarish jarayonidan alohidalashib qoladi. Yirik korxona
miqyosida oqilona qaror qabul qilish uchun zarur bo’lgan barcha ma’lumotlarni
yig’ish, tushunish va qayta ishlash bir kishi uchun imkon darajasidan tashqarida
bo’ladi. Boshqaruv apparatining chuqurlashuvi va kengayishi esa axborot
almashinuvi, qarorlarni muvofiqlashtirishdagi muammolarni hamda byurokratik
holatni keltirib chiqaradi, boshqaruvning turli bo’g’inlari tomonidan qabul qilingan
qarorlar bir-biriga zid kelish ehtimoli kuchayadi. Natijada samaradorlikka putur yetib,
ishlab chiqarishning o’rtacha xarajatlari oshadi. Boshqacha aytganda, barcha resurslar
miqdorining 10%ga o’sishi ishlab chiqarish hajmining nomuvofiq ravishda, aytaylik
5%ga o’sishiga olib keladi.