298
Bu yerda biz narx oshgan holatda pulga bo’lgan talabning, foiz stavkasining
oshishini va, nihoyat, yalpi talab miqdorining kamayishini ifoda etdik. Narx pasaysa,
shu holatning teskarisi, ya’ni pulga bo’lgan talab hamda foiz stavkasining pasayishi va
oqibatda yalpi talab miqdorining oshishi ro’y beradi.
Boylik samarasi.
U ba’zida real kassa qoldiqlari samarasi deb ham atalib, narx
darajasining oshishi bilan moliyaviy aktivlar (bank omonatlari, aktsiya va
obligatsiyalar) real qiymatining pasayishini anglatadi. Buning natijasida aholi
daromadlari ham pasayib, ular tomonidan sotib olinuvchi tovar va xizmatlar miqdori
kamayadi.
Import tovarlar xaridi samarasi.
Bu samara narx darajasi o’zgarishining u yoki
bu mamlakatdagi ichki va jahon narxlari nisbatiga ta’siri orqali namoyon bo’ladi.
Mamlakatdagi narxlar umumiy darajasining oshishi, chet el tovarlari narxi
o’zgarmagan yoki sekinroq o’sgan holatda, milliy iste’molchi uchun chetdan xorijiy
tovarlarni olib kelishni foydali qilib qo’yadi. O’z navbatida, mazkur mamlakat tovar
va xizmatlarini xorijiy iste’molchilar tomonidan xarid qilish hajmi ham qisqaradi.
Natijada bu mamlakatning eksport hajmi kamayadi. Eksport hajmining kamayishi va
import hajmining oshishi sof eksportning va, pirovardida, yalpi talab umumiy
hajmining qisqarishiga olib keladi.
Tashqi va ichki talabning ortishi va xo’jalik yuritish sharoitlarining yaxshilanishi
sanoatning barqaror rivojlanishga ijobiy ta’sir ko’rsatib kelmoqda. Jumladan, sanoat
mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmi 2007 yilda oldingi yilga nisbatan 12,1%ga ortdi
va 18314,7 mlrd. so’mni tashkil etdi. 2008 yilda esa bu ko’rsatkich 12,7%ga oshdi.
Sanoatning yuqori sur’atlar bilan rivojlanishida korxonalarni modernizatsiyalash va
tarkibiy o’zgartirish, tarmoqlar
boshqaruv tizimini isloh qilish, iqtisodiy islohotlarni
chuqurlashtirish chora-tadbirlarining amalga oshirilishi sabab bo’ldi. Sanoatning
YAIM tarkibidagi ulushi 2000 yildagi 14,2% dan 2008 yilda 22,3% ga oshdi.
Qo’shilgan qiymat o’sishining yarmidan ko’prog’i tayanch tarmoqlarda ishlab
chiqarishning kengayishi hisobiga yuz berdi.
Yalpi talab hajmiga narxdan tashqari omillar ham ta’sir ko’rsatadi. Quyida
ulardan eng muhimlarini ko’rib chiqamiz.