365
1. Iqtisodiy muvozanat deb bir-biri bilan o’zaro bog’liqlikda va ta’sirda amal
qiladigan iqtisodiy jarayonlar, hodisalarning ikki yoki bir necha tomonining bir-biriga
teng kelgan holatiga aytiladi. Shuning uchun ham butun iqtisodiyotning muvozanati
to’g’risida gap borganda eng avvalo yalpi talab va yalpi taklif o’rtasidagi tenglik
e’tiborga olinadi.
2. Makroiqtisodiyotda iqtisodiy muvozanat o’z ichiga xususiy va umumiy
tavsifdagi bir qator muvozanatlar tizimini oladi. Xususiy muvozanat – bu ikkita o’zaro
bog’liq bo’lgan iqtisodiy ko’rsatkichlar yoki iqtisodiyot tomonlarining miqdoran teng
kelishi. Umumiy muvozanat jamiyat barcha ehtiyojlari va milliy ishlab chiqarish
hajmining o’zaro teng kelishini bildiradi. Umumiy iqtisodiy muvozanat bozor
sharoitida, avvalo, yalpi talab va yalpi taklifning teng kelishida ko’rinadi.
3. Umumiy iqtisodiy muvozanat ijtimoiy maqsadlar va iqtisodiy imkoniyatlarning
mos kelishi; mamlakatdagi barcha iqtisodiy resurslardan samarali foydalanadigan
xo’jalik mexanizmi; muvozanatli ishlab chiqarishning umumiy tarkibiy tuzilishi
iste’molning tarkibiy tuzilishiga mos kelishi; bozor muvozanati, ya’ni barcha asosiy
bozorlar (tovarlar, resurslar, ishchi kuchi va hokazolar)da talab va taklif muvozanati kabi
qator shart-sharoitlarni taqozo etadi.
4. Iqtisodiy muvozanat darajasini aniqlashda asosan ikkita o’zaro bog’liq usuldan
foydalaniladi: 1) yalpi sarflar va ishlab chiqarish hajmini taqqoslash usuli; 2)
jamg’arma va investitsiyalarni taqqoslash usuli. Shuningdek, iqtisodiy muvozanat
darajasini aniqlashning balans, xarajat va natijalarni taqqoslash kabi usullari ham
qo’llaniladi.
5. Iqtisodiy mutanosiblik – iqtisodiyotning turli tomonlari va sohalari o’rtasida
miqdor va sifat jihatdan ma’lum moslik, mos keluvchi nisbatlar bo’lib, bunda tenglik
bo’lishi shart emas.
6. Iqtisodiy mutanosibliklarning barchasini umumlashtirib umumiqtisodiy
tavsifdagi mutanosibliklar; tarmoqlararo mutanosibliklar; tarmoq ichidagi
mutanosibliklar; hududiy (territorial) mutanosibliklar; davlatlararo mutanosibliklarga
guruhlash mumkin.