• 3.Donishmandlik
  • Tarqalishi.
  • Axloq normalari – «Pancha Shila» (Buddaning besh nasihati): 1) qotillikdan saqlanish




    Download 1,63 Mb.
    bet20/64
    Sana17.01.2024
    Hajmi1,63 Mb.
    #139436
    1   ...   16   17   18   19   20   21   22   23   ...   64
    Bog'liq
    Dinshunoslik tayor.2023 oxirgisi (3)

    1.Axloq normalari – «Pancha Shila» (Buddaning besh nasihati): 1) qotillikdan saqlanish;
    2) o‘g‘rilikdan saqlanish;
    3) gumrohlikdan saqlanish;
    4) yolg‘on, qalbaki narsalardan saqlanish;
    5) mast qiluvchi narsalardan saqlanish.
    2. Meditasiya.
    1) to‘g‘ri tushunish (to‘g‘ri e'tiqod qilish) – Buddaning birinchi da'vatida
    so‘z yuritilgan to‘rt haqiqatni bilish va unga ishonish;
    2) to‘g‘ri niyat qilish – dunyoviy lazzat-halovatlardan xalos bo‘lishga, keraksiz fikrlar va boshqalarga zarar etkazib qo‘yishdan saqlanishga intilish;
    3) o‘zini to‘g‘ri tutish – o‘ziniki bo‘lmagan narsaga ko‘z olaytirmaslik, ortiqcha hissiyotga berilmaslik;
    4) to‘g‘ri anglash – o‘z tanasi va ruhiga o‘zini yo‘qotib qo‘ymaydigan darajada nazoratda bo‘lish hamda bunda ehtiroslar va iztiroblarga chek qo‘yish;
    5) to‘g‘ri harakat qilish – o‘zidagi yomon tuyg‘ularni jilovlash hamda ezgu tuyg‘ular va harakatlarni rivojlantirish;
    6) to‘g‘ri hayot kechirish – noma'qul hayot tarzidan saqlanish;
    7) to‘g‘ri fikr yuritish – kamolotning to‘rt bosqichini ketma-ket bosib
    o‘tish;
    8) to‘g‘ri gapirish – yolg‘ondan, tuhmatdan, haqoratdan va befoyda gaplardan saqlanish.
    3.Donishmandlik – bu buddizmning asosiy maqsadi bo‘lib, narsalar tabiatini to‘g‘ri tushunishdan iborat.
    Yuqorida ko‘rsatilgan uch amaliyot bosqichini o‘tagan inson oxir-oqibat oliy saodatga, ya'ni Nirvana holatiga erishadi. Nirvana so‘zining lug‘avviy ma'nosi – «o‘chish, so‘nish». Unda hayotning har qanday ko‘rinishiga intilish yo‘qoladi.
    Tarqalishi. Ushbu ta'limotning yoyilishida buddist jamoalarning ( Sangxa) roli katta bo‘lgan. Ular yilning ob-havvosi yaxshi bo‘lgan to‘qqiz oyida shaharma-shahar, qishloqma-qishloq yurib, aholini bu dinga da'vat qilib yurganlar. Faqatgina musson yomg‘irlari tinmay quygan uch oydagina o‘z ibodatxonalarida muqim bo‘lib meditasiya bilan shug‘ullanganlar. Mil.avv. 273-232 yillarda hukmronlik qilgan imperator Ashoka davvrida buddizm keng hududlarga jadal tarqaldi. U buddist monaxlarga (rohiblar), ularning Hindiston bilan chegaradosh davvlatlarga qilgan missionerlik harakatlariga xayrixohlik bildirardi. Buddist missionerlari o‘z printsiplarida mahkam turib, yumshoqlik va kelishuvchanlik bilan harakat qildilar. Buddizm jamoalari begona din, madaniyat va urf-odatlar ustun bo‘lgan sharoitlarda asrlar mobaynida o‘zlarini saqlab qolish, fursat kelganda, ularga o‘z ta'sirlarini o‘tkazish qobiliyatiga egadirlar. Ularning bu xususiyatlari Hindistonda musulmon hukmdorlari davvrida, Shri Lankada portugallar, gollandlar va inglizlar mustamlakasi davvrida, Xitoy va Yaponiya konfutsiychilari davvrida mazkur hududlarga buddizmning yoyilishida yaqqol namoyon bo‘ladi.
    Buddizm milodning I asrida Xitoy, IV asrda – Koreya, VI asrda – Yaponiya, VII asrda – Tibet, XIII – XVI asrlarda – Mongoliya, XVII – XVIII asrlarda – Buryatiya va Tuva, XIX – XX asrlarda esa Amerika va Evropa qit'alariga kirib borgan. Buddizm boshqa xudolarga sig‘inishni taqiqlamaydi. Budda, ularga ibodat qilish insonga vaqtincha tasalli berishi mumkin, biroq ular Nirvana holatiga olib bormaydi, deb ta'lim bergan. Shu sababli buddizm ta'limoti turli joylarda yoyilishi bilan ular ibodat qilib kelgan ilohiyotlari yoki ulug‘langan shaxslari timsollari ibodatxonalarni egallagan. Masalan, Hindistonning buddizmga mansub ilohiyotlari dunyoni yaratuvchi Braxma, chaqmoq va momaqaldiroq xudosi Indra, hunarmandchilar homiysi Xatimanu, Tibetda qahramon Baser timsoli, Mongoliyada Chingizxon kabi milliy qahramonlar buddizm ilohiyotlari timsoliga aylandi. Biroq bu ilohiyotlar Nirvana holatiga olib bormaydi. Faqatgina Budda nirvanaga boshlay oladi va shu yo‘sinda insonni azoblardan xalos etadi.
    Bir guruh tadqiqotchilar mazkur din O‘rta Osiyoga kirib kelishini Kushonlar shohi Kanishka hukmronligi davriga taalluqli deb biladilar (I asrning oxiri-II asrning boshlari). Ikkinchi guruh esa bu jarayonning boshlanishini biroz ertaroq deb hisoblaydilar. Tadqiqotchi B.A. Litvinskiyning fikricha, buddizm Shimoli-G‘arbiy Hindiston va Janubiy Afg‘oniston (Qandahor) orqali taxminan mil. av. III asrda Baqtriyaga (O‘zbekistonning janubiy hududlari) tarqala boshlagan.
    Baqtriyaga buddizmning kirib kelishi va yoyilishi haqida boshqa fikr ham mavjud. Tadqiqotchi R.CH. Bagchi bu jarayon podshoh Ashoka (mil. av. 273-232 yillar) hukmronligi davrida yuz bergan deb hisoblaydi. Ammo bu fikrni tasdiqlovchi arxeologik materiallar yetarli emas. Shuning uchun ham buddizm bu hududga Kushonlar davrida kirib kelgan degan fikr haqiqatga yaqinroq. Chunonchi, B.YA. Staviskiy bu fikrni Kushonlar hukumatining hind viloyatlari va buddist jamoalarning homiylari bilan aloqalari mustahkam bo‘lganligi bilan isbotlaydi. Ammo shu bilan bir qatorda baqtriyaliklarning Kanishkaga qadar buddizm bilan tanish bo‘lganliklarini tasdiqlovchi ma’lumotlar ham mavjud.
    Mil. av. I asr va milodning IV asrlari oralig‘ida Kushon imperiyasida buddizmning Maxayana yo‘nalishi davlat dini deb e’lon qilindi. Bungacha buddizm Hindistonda uzoq tarixga ega bo‘lsa ham, u yerda asosiy yo‘nalish bo‘lgan Xinayana ham bunday mavqega erishmagan edi. Kanishka, Vima, Kadfiz va ulardan keyingi kushon imperatorlari buddizmni keng yoydilar. Ular bu din an’analarini amalda rivojlantirish, boshqa xalqlar o‘rtasida tarqatish uchun Balx, Marv, Termiz, Samarqand, Buxoro, Shosh, Turkiston, Quva, Koson, O‘sh, Bolosog‘un, Koshg‘ar va boshqa shaharlarda buddizm takyagohlari va xonaqohlari, ibodatxonalarini qurib, buddizmning muqaddas kitoblari, sutra va pastrilarni o‘rganish, tarjima qilish va sharhlash uchun sharoit yaratib berdilar.
    Hozirgi Termizdagi Qoratepa, Fayoztepa, Sayram, Quva va boshqa joylarda topilayotgan budda haykalchalari yoki ularning parchalari, Ayritomdagi ayvon peshtoqi parchasidagi buddist musiqachilarning tasviri va boshqa osori atiqalar, saroy va ibodatxonalar O‘rta Osiyodagi buddizm haqida xabar beruvchi manbalardir. Bu dinga tegishli yozma manbalar qadimgi turkiy yozuvda, uyg‘ur bitiklarida va boshqa yozuvlarda saqlanib qolgan.
    Qoratepadan topilgan sopol buyumlardagi kxaroshtxi yozuvlari bu yerdagi Maxasangxika ta’limotini aks ettiradi. Maxasangxika maktabi O‘rta Osiyoda buddizmning tarqalishida muhim rol o‘ynagan. Qoratepaning boshqa qismida braxmi yozuvidagi bitiklar esa O‘rta Osiyoga keyinchalik Kanishka davrida kirib kelgan Sarvastivada buddist maktabi ta’limotining yoyilganligidan xabar beradi.
    O‘rta Osiyoda buddizmga tegishli tarixiy obidalarning ko‘pligi jihatidan Fayoztepa eng yirik yodgorlik hisoblanadi. U yerdan chiqqan diniy bitiklar, haykallar bilan birga topilgan ibodatxonaning hududi ancha katta joyni egallaydi.
    1926 yilda A.S. Strelkov tomonidan aniqlangan Eski Termizning sharqidagi Zurmala minorasi O‘rta Osiyo hududidagi birinchi ochilgan, katta ahamiyatga molik bo‘lgan buddizm inshootidir.
    Eski Termizdan topilgan Qoratepa buddist majmuasi milodning I asri Kushon saltanatining gullagan davriga to‘g‘ri keladi. Qoratepadagi har bir inshoot yer ustki va g‘or ichida joylashgan ibodatxona, saroy, bir monax (zohid) uchun moslashtirilgan hujralardan iborat.
    Dalvarzintepa majmuasi 1967-1968 yillarda qazib ochilgan bo‘lib, Termiz yaqinidagi Surxon vohasining o‘rta qismida joylashgan. Mazkur kompleks G.A. Pugachenkova va B.A. Turg‘unov boshchiligidagi O‘zbekiston san’atshunoslik akademiyasi tomonidan ochildi. Dalvarzintepada topilgan buddizm majmuasi bu din ta’limoti Kushon saltanatining shimoliy viloyatlariga I asrda yoyilganligini ko‘rsatadi.
    Janubiy O‘zbekistonda joylashgan Baqtriya-To‘xaristonning shimoliy qismida 60-yillarning ikkinchi yarmidan 80-yillargacha buddizm inshootlarining yettitasi aniqlanib o‘rganildi. Arxeologik qazilmalar natijasida topilgan Janubiy Tojikistondagi Ajinatepa, Kofirqal’adagi kichik ibodatxona, Qal’ai Kofirnigon ibodatxonasi, Ayritom majmuasi, Turkmanistondagi Marvdan 30 km uzoqlikda joylashgan Govurqal’a majmuasi, Quvadagi ibodatxona va boshqa ko‘plab buddizmga tegishli yodgorliklar ushbu dinning mazkur mintaqadagi tarixi haqida xabar beradi.
    O‘rta Osiyoning Marv, Balx, Termiz, So‘g‘diyona viloyati, Quva, Koson, Samarqand va Buxoro kabi shaharlari, viloyatlari buddizm ta’limoti va marosimlarini ishlab chiqishda, boshqa o‘lkalar, mamlakatlarda targ‘ib va tashviq etishda, eng muhimi, buddizmning hozirgi zamonning ilg‘or jahon dinlaridan biriga aylanishida favqulodda ahamiyatga ega markazlari bo‘lgan.
    Xitoy bilan savdo va madaniy aloqalari mustahkam bo‘lgan So‘g‘d viloyati buddaviylik dini tarqalishida muhim o‘rin tutib, to‘rtta so‘g‘d monaxi va boshqa tarjimonlari, missionerlar din targ‘ibotchiligi bilan shug‘ullanganlar. Boshqa manbalarning guvohlik berishicha, Xitoydagi birinchi buddaviylik targ‘ibotchilarining katta guruhi O‘rta Osiyoliklar bo‘lib, ularning 2 tasi parfiyalik, 3 tasi yuechji, 2 tasi so‘g‘dliklardan - Kan Men-Syan va Kan Szyuylar bo‘lishgan. Birinchi Budda matnlari ham avvalo so‘g‘d tiliga o‘girilib, III asr boshlarida faoliyat ko‘rsatgan tarjimonlar orasida so‘g‘diylardan Kan Sen-Chuy ismli kishi bo‘lgan.
    Bundan tashqari Xitoydagi G‘arbiy Szin dinastiyasida buddaviylik matnlarini xitoy tiliga o‘girgan tarjimonlarning uchtasi so‘g‘dliklar bo‘lib, IV asr mashhur tarjimonlari orasida so‘g‘diy Kan Sen-Yuan nomi tilga olingan. Shu bois hozirgacha Xitoyda Samarqand, Buxoro, Shoshdan borgan budda olimlarining maqbaralari muqaddas joy sanalib, ehtirom ko‘rsatiladi va Sharqiy Turkistondan topilgan Turk-budda matnlari tahlilida ham so‘g‘diylarning roli sezilib turadi. Tadqiqotchi A.Gaben ta’kidlashicha, «Buddaviylikdagi ko‘pgina asosiy atamalarning kelib chiqishi turk-zardushtiylar tiliga yaqin bo‘lib, bu albatta so‘g‘diylar vositachiligida yuzaga kelgan». Syuan Szan esa samarqandliklarni buddaga sig‘inishini aytib o‘tib, «lekin shahardagi ikki ibodatxona to‘liq bo‘sh holda edi» - deb ta’kidlaydi.
    Shu bilan birga So‘g‘diyona hududida din bilan bog‘liq ma’lumotlar turli xil - so‘g‘d, xitoy, arab, fors-tojik manbalarida ham uchrab, ammo bu ma’lumotlarni bir-biri bilan taqqoslash juda qiyin. Masalan, Xitoy muarrixlaridan Syuan-Szyan «Samarqandda podsho va xalq Buddaga ishonmaydi, ammo olovga topinishadi», - deb ma’lumot bersa, Xoy Chao «VIII asr birinchi yarmida So‘g‘dda barcha osmon xudosiga e’tiqod qilishadi», – deb yozgandi.
    Samarqandda budda rohiblari arablar bosqini davrigacha katta mavqyega ega bo‘ldilar. Hatto arablar bosqinidan so‘ng ham bu dinga e’tiqod qiluvchilar Samarqandda mavjud bo‘lib, bu haqda olim V.V.Bartold quyidagi ma’lumotni beradi: «Sayyoh Shakih Balxiy o‘zining Sharqqa qilgan sayohatida Samarqandga kelib, bu yerda (qizil kiyimdagi) budda monaxi bilan uchrashib, u bilan suhbatda bo‘lgan va ular Samarqand buddaviy jamoalari o‘rtasida majlis o‘tkazgan edilar».
    Buddaviylikning Markaziy Osiyoga tarqalishi haqida Olim P.I Bagchi «Xitoy va Hindiston» nomli kitobida - «Eski Xo‘ton an’analariga binoan, Ashokaning o‘g‘li Kustana Nirvanadan keyin davlatga asos solgani va Xo‘tonda ilk buddaviylik ibodatxonasi bo‘lganligi, bu davr ichida buddaviylik davlatning asosiy dini bo‘lib, u Kucha knyazligiga kirganligi va u yerda minglab ibodatxonalar bunyod etilganligi» haqida yozadi.
    Boshqa ma’lumotlarga ko‘ra, buddaviylik Xitoyga Birmalik monaxlar Sona va Uttarlar tomonidan olib kirilib, bu yerda «Budda oltin haykalchalari»ning paydo bo‘lishi bilan bog‘liqdir. Xitoyda buddaviylikning yoyilishida Markaziy Osiyolik kishilar: Kang-Chi, Kang-Men, Kang-Sheng, Bao-I (Ratnami) va Chji Louszyan (hindcha nomi Lokakshema)-Chji Szyan(Gun-Min) kabi targ‘ibotchilarning ham o‘ziga xos hissalari bor.
    Boshqa manbalarga ko‘ra, buddaviylik Hindistondan – Markaziy Osiyoga, undan Xitoyga, Yaponiyaga va boshqa Sharq mamlakatlariga, hind monaxlari: Jina Gupta va Dharma Guptalar tomonidan olib o‘tilgan. 1907 yilda tadqiqotchi Mark Aurel Steyn Buyuk Xitoy devorining ichkarisidan Dunxuan (Tinhuang)ga qariyb 3000 mil muz va qalin qor bilan qoplangan tog‘ va sahrolarni bosib o‘tib, u yerdan mashhur «So‘g‘d yozuvlari»ni topdi. Aurel Steyn ma’lumotiga binoan Dunxuanda «Ming budda g‘ori» bo‘lgan.
    So‘g‘d viloyati Xitoy bilan savdo-sotiq hamda madaniy aloqalarni o‘rnatishda ahamiyatli rol o‘ynagan. So‘g‘dliklar Xitoyda buddizmni yoyishda juda muhim o‘rin egallaydilar. Biroq So‘g‘dda buddizmning keng yoyilganligi masalasi haligacha ochiq qolmoqda. To‘g‘ri, hozirga qadar bu yerda buddizmga oid ba’zi haykalchalar, Sanzordagi buddizm ibodatxonasi, Samarqand yaqinida budda haykalining boshi topilgani ma’lum. Ammo bu topilmalar ushbu hududda bu din keng tarqalgan degan xulosani chiqarishga hozircha yetarli emas.
    Surxondaryo To‘xaristonidan chiqqan buddizmning yirik vakili – Tanmonanti (yoki Dxarmanandin). U yoshligidan tarkidunyochilik yo‘lini tutib, uzlatga chekingan. Yosh bo‘lsada, aqli tiniq bo‘lib, sutralarni o‘rgangan va yoddan aytib yurgan, bunga o‘zining butun borlig‘ini bag‘ishlagan. U Tripitakani to‘la o‘zlashtirgan. Dxarmanandinning ilmdagi salohiyati chuqur va benihoya edi. U o‘z vatanida ham, boshqa uzoq yerlarda ham katta obro‘ga ega bo‘lgan. 365-385 yillarda Dxarmanandin Xitoyning Chan’an viloyatiga Budda ta’limotini targ‘ib etgani va ibodatxonalar, vag‘n va vixaralar qurgani kelgan. Imperator Fu Tszyan Xitoydagi barcha avliyolarning Dxarmanadinga ko‘rsatayotgan izzat-hurmatini ko‘rib, uni juda oliy maqomli mehmon sifatida kutib oladi va tortiqlar qiladi. Xitoyda bu paytda buddizm ancha keng tarqalganiga qaramay, to‘rt qismli Agama-Sutralardan birortasi ham hali xitoy tiliga tarjima etilmagan edi. Imperator Fu Tszyanning maslahatchisi va Uvey tumani hokimi Chjao Chjen Dxarmanandindan ana shu sutralarni tarjima qilib berishini so‘rash niyatida edilar. Chjao Chjen barcha avliyolar va Dxarmanandinni o‘z poytaxtiga taklif etib, Agama-Sutralarning ikkitasini – Chjun va Tszen hamda mustaqil asarlar sanalgan Pi Tan Sin, San Fa Du va boshqa asarlarni tarjima etish, sharhlab berish va e’lon etishni iltimos qiladi. Dxarmanandin bu ishga 2 yil rahbarlik qilib, uni muvafaqqiyatli yakunlaydi. So‘ngra o‘z vataniga qaytadi, lekin uning qachon va qaerda vafot etganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar bizgacha yetib kelmagan.
    3. Hozirgi kunda e’tiqod qiluvchilar soni jihatidan buddizm xristianlik, islom va hinduizmdan so‘ng to‘rtinchi o‘rinni egallaydi. Buddistlarning soni taxminan 700 mln. atrofida bo‘lib, ulardan 1 mln. ga yaqini rohiblardir.
    XX asr o‘rtalariga kelib buddizm G‘arbiy Yevropa mamlakatlarida ommalashib ketgan. Bu asrning oxirlari - 80-90 yillarda neobuddizm va metabuddizmning bir qancha oqimlari paydo bo‘lgan. Hozirgi davrda Osiyoning o‘zida saqlanib qolgan mintaqaviy shakllarining uyushmalari ijtimoiy hayotga, siyosatga aralashib, goh ijobiy, goh salbiy rol o‘ynamoqda. Endi yaxlit buddizm yo‘q, mintaqaviylari qolgan. Buddizmning bir qanoti Yevropaga o‘tgan.
    Hindistonning ingliz mustamlakasi sirtmog‘idan chiqishi uchun olib borilgan milliy-ozodlik xarakatida hinduizm, hinayana, mahayana oqimlari muhim siyosiy rol o‘ynaganlar. Bularning salbiy roli shundaki, ular vositachilik, guruhbozlikni kuchaytirib, hind xalqi qavm, tabaqalari orasiga nifoq solmoqda; musulmonlar bilan hindiylar orasida nizolar keltirib chiqarmoqdalar. Yaponiyada birmuncha mu’tadil, yuvvosh, radikal emas, biroq imperator sintoizm hukmroni. Lamaizm esa Tibetda, Buryatiya, Tuva, Oltoyda keng tarqalgan.
    Umuman, buddizm o‘rta asrlardayoq krizisga uchrab, parchalanib, yaxlit, bir butun dindan mintaqaviy dinlarga aylanib ketgan.
    Respublikamizda buddaviylar ibodatxonasi birinchi marta 2001 yil noyabrda ro‘yxatga olingan. Lekin so‘nggi vaqtlarda xristianlikning avj olishi natijasida Buddaga sig‘inadiganlar miqdori kamayib ketgan. Buddizmning O‘zbekiston madaniyatida tutgan urni, uning jahon dinlari ichida eng qadimiyligini, respublika hududida xristian missionerligiga qarshi faoliyatda ko‘mak ko‘rsatishini e’tiborga olgan holda O‘zbekiston hududida yagona bo‘lsada, Budda ibodatxonasining faoliyat yuritishi diniy vaziyatning mo‘tadil tutib turilishiga yordam beradi deb hisoblanadi.

    Download 1,63 Mb.
    1   ...   16   17   18   19   20   21   22   23   ...   64




    Download 1,63 Mb.

    Bosh sahifa
    Aloqalar

        Bosh sahifa



    Axloq normalari – «Pancha Shila» (Buddaning besh nasihati): 1) qotillikdan saqlanish

    Download 1,63 Mb.